Ahnaf ibn Qays

To‘liq ismi – Ahnaf ibn Qays ibn Muoviya ibn Hasin Abu Baxr Tamimiy. Asl ismi Dahhok. Bir rivoyatda Soxr deyilgan. Oyoqlari ozg‘inligi uchun “Ahnaf” (oyog‘i ingichka) deb tanildi. Sulaymon ibn Abu Shayx (roziyallohu anhu) aytadi: “Uning ismi Soxr ibn Qays. Bani Sa’d qabilasidan”.


Ahnaf ibn Qays (rahmatullohi alayh) kuch-quvvat, mol-dunyo, nasab ulug‘ligi bilan emas,

hilmi va aqli bilan Tamim qabilasining e’tiborli kishisiga aylandi. Marv, Hirot va Nishopur fotihlaridan bo‘ldi.


Fazilati: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tirikliklarida Islomni qabul qildi, lekin u zotni (alayhissalom) ko‘rish Ahnafga (rahmatullohi alayh) nasib etmadi. O‘zi bunday rivoyat qiladi: “Hazrat Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) zamoni edi. Ka’bani tavof qilayotgan edim. Oldimga Bani Lays qabilasidan bir kishi kelib, qo‘limdan tutdi va: “Seni quvontiradigan bir gap aytaymi?” dedi. Men: “Ha”, dedim. U: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) meni Islomga chaqirish uchun Bani Sa’d qabilasiga yuborgan edilar. Eslaysanmi? O‘shanda men ularga Islom haqida so‘zlayotgan edim, sen esa: “Bu kishi yaxshilikka chaqiryapti. Men undan faqat yaxshi narsani eshityapman”, deb aytib turgan eding. Buni Payg‘ambarimizga (alayhissalom) so‘zlab berganimda, u zot (alayhissalom): “Alloh, Ahnafning gunohini afv et”, deb sening haqingga duo qildilar, dedi. Meni ana shu duodan boshqa umid bog‘laydigan narsam yo‘q” (Imom Ahmad).


Xolid ibn Safvon (roziyallohu anhu) aytadi: “Hazrat Ahnaf shuhrat topishdan qochardi. Shuhrat esa uni quvardi”.


Bir kuni Ahnafga: “Keksayib qolgansan, ro‘za seni toliqtirib qo‘yadi”, deyishdi. U: “Men ro‘zani uzoq safarga olib qo‘ymoqdaman”, deb javob berdi. Aytishlaricha, Ahnaf (rahmatullohi alayh) tunda ko‘p namoz o‘qirdi. Kechalari barmog‘ini shamga qo‘yar va: “Ey Ahnaf, his etib ko‘r, o‘sha kuni bu ishni nima sababdan qilding?” deb o‘zini-o‘zi so‘roq qilardi.


Hadis rivoyat qilishi: Ahnaf ibn Qays hazrat Umar (roziyallohu anhu) zamonida Madinaga keldi. Bu unga ulug‘ sahobalardan Islom dini ta’limotini o‘rganish imkonini berdi va hayotida katta iz qoldirishiga sabab bo‘ldi. Umar ibn Xattob, Ali ibn Abu Tolib, Abu Zarr G‘iforiy, Abbos ibn Abdulmuttolib, Abdulloh ibn Mas’ud, Usmon ibn Affon (roziyallohu anhum) va boshqa sahobalardan hadis rivoyat qildi. Undan (rahmatullohi alayh) esa Amr ibn Javvon, Hasan Basriy, Urva ibn Zubayr, Taloq ibn Hubayb, Abdulloh ibn Umayra, Yazid ibn Shahir, Xolid Usriy (rahimahumulloh) va boshqalar hadis rivoyat qilishdi. Ibn Sa’d (rahmatullohi alayh) Ahnaf ibn Qays (rahmatullohi alayh) haqida: “Oz, lekin ishonchli hadislar rivoyat qilgan”, deb aytgan.


Hazrat Umar (roziyallohu anhu) Ahnafga nasihat qilib bunday dedi: “Ey Ahnaf, kim ko‘p kulsa, haybati kamayadi, odamlar nazaridan qoladi. Ko‘p gapirgan kishining xatosi ko‘payadi. Xatosi ko‘p kishining hayosi ozayadi, hayosi kamayganning taqvosi yo‘qoladi, taqvosi yo‘qning qalbi o‘ladi”.


Hilmi: Sulaymon Taymiy (rahmatullohi alayh) rivoyat qiladi: Ahnaf (rahmatullohi alayh) aytadi: “Uchta eng aziz narsani zikr qilaman: Sultonning eshigiga faqat meni chaqirganida bordim. Ikki kishi meni oralariga kiritmagunicha, ular o‘rtalariga kirishga urinmadim. Yonimdan ketgan hammani ortidan faqat yaxshilik bilan esladim”.


Ahnaf (rahmatullohi alayh) aytadi: “Menga qarshi bo‘lgan kishi bilan bunday muomalada bo‘ldim: Mendan katta bo‘lsa, yoshini ulug‘ladim. Yosh bo‘lsa, undan ustun kelishga harakat qilmadim. Tengdoshim bo‘lsa, unga iltifot ko‘rsatdim”.


Hikmatli so‘zlari: “Uch kishidan uch narsa kutilmaydi: Pastkashdan sharaf, fojirdan yaxshilik, ahmoqdan halimlik”; “Kim odamlar yoqtirmagan narsalarni gapirsa yoki qilsa, odamlar u haqda bilmagan narsalarini aytib yuborishadi”; “Olijanoblik sir saqlash va yomonlikdan uzoq bo‘lishdir”. “Xatosini anglab yurgan odam komil insondir”; “Amalsiz gapda, saxovatsiz molda, vafosiz do‘stda, diyonatsiz faqihda, niyatsiz sadaqada, sog‘liq va omonliksiz hayotda yaxshilik yo‘q”.


Vafoti: Asmoi rivoyat qiladi: “Ahnaf ibn Qays (rahmatullohi alayh) Kufa shahrida Mus’ab ibn Zubayrning (rahimahulloh) amirligida hijratning 72 yili vafot etdi. Ziyod ibn Abu Sufyonning (rahmatullohi alayh) qabri yoniga dafn qilindi. Mus’ab ibn Zubayr uning janozasida ishtirok etdi va: “Bugun arabning sayyididan ayrildik”, dedi.


Iqboloy Narimonova tayyorladi.


Hidoyat.uz