Zayd ibn Sobit

To‘liq ismi Zayd ibn Sobit ibn Dahhok ibn Zad ibn Lavzon al-Ansoriy al-Xazrajiy. Rasululloh (s.a.v.)ning ilg‘or ansoriy sahobalaridan. Otasi Sobit hijratdan besh yil burun halok bo‘lgandi. Onasi – Navor bint Molik. Rasululloh (s.a.v.) Madinaga hijrat qilganlarida Zayd chamasi o‘n bir yosh edi. Juda yoshligi sabab Rasululloh (s.a.v.) unga Badrda qatnashishga izn bermaganlar.

Zayd Rasululloh (s.a.v.)ga yaqin inson bo‘lishni istardi. U dilidagini onasiga bildirdi. Onasi uni Rasululloh (s.a.v.)ning huzurlariga olib bordi va dedi:

– Yo Rasululoh, bu – o‘g‘limiz Zayd ibn Sobit. Qur’ondan o‘n yetti surani yod olgan. Ularni sizga tushirilgan tartibda yodlagan. Qo‘l-oyog‘i chaqqon, o‘qish-yozishni biladi. Shuning uchun yoningizda yurishni istayapti. Istasangiz, tinglab ko‘ring.

Rasululloh (s.a.v.) Zaydni tinglab ko‘rib, tajvidi chiroyli va tili ravon ekanini bildilar. Qur’on kalimalarini diqqat va e’tibor bilan o‘qishidan ma’nolarni anglayotgani ma’lum edi. Rasululloh (s.a.v.) Zayddan mamnun bo‘ldilar. Uning chiroyli xati esa, yanada xursand qildi. U zot (s.a.v):

– Zayd, men uchun yahudiylar yozuvini o‘rgan. Chunki aytayotgan gaplarimni to‘g‘ri tarjima qilishlariga ishonchim komil emas.

– Bosh ustiga, yo Rasululloh! – dedi Zayd va shu ondan ibroniy tilini o‘rganishga kirishdi. Qisqa muddatda o‘zlashtirib oldi. Payg‘ambar (s.a.v.) yahudiylarga maktub bitmoqchi bo‘lsalar, ibroniy tilida yozib, yahudiylardan kelgan xatlarni u zot (s.a.v)ga o‘qib bera boshladi. Bundan tashqari, Rasululloh (s.a.v.)ning tavsiyalari bilan suryoniy tilini ham o‘rgandi. Shu tariqa Zayd Payg‘ambar (s.a.v.)ning tilmochlariga aylandi. Juda aqlli va xotirasi kuchli inson edi. Qur’onni yozib borish vazifasi ham unga yuklangandi.

Zayd olim sahobalardan biri edi. Qur’onni yod olishdan tashqari, meros (faroiz) ilmini ham chuqur egallaganligi sabab, Rasululloh (s.a.v): «Faroizni eng yaxshi biladigan Zayddir», deganlar (Asqaloniy).

Garchi juda aniq bo‘lmasa ham, Zaydning vafot yili hijriy 45-yil ekani aytiladi. Vafot etgan chog‘ida 54 yoshda edi.

Zayddan ibn Umar, Abu Said Xudriy, Abu Hurayra, Anas ibn Molik kabi sahobalar, tobeinlardan Said ibn Musayyab, Qosim ibn Muhammad, Sulaymon ibn Yasor va boshqalar hadis rivoyat qilishgan.

Alloh u zotdan rozi bo‘lsin!

Manbalar asosida Shoakmal Shoakbar o‘g‘li tayyorladi

“Irfon” taqvimining 2011 yil, 4-sonidan olindi.

* * *


ZAYD ibn SOBIT, Abu Xorija (Abu Said) Zayd ibn Sobit ibn az- Zahhok al-Ansoriy al-Xazrajiy (taxminan 615 — taxminan 665) -Muhammad (sav)ning kotibi, Qur’on yozma matni tuzuvchisi. Xazraj qabilasidan.

11 yoshida islomga kirgan va Muhammad (sav) huzurida Qur’onni o‘rgangan. Sahobalarning yetuk namoyandalaridan biriga aylangan. Oromiy (suryoniy) hamda yahudiylar xati (yozuvi) va tilini bilgan.

Muhammad (sav) vafotidan so‘ng xalifa Abu Bakr as-Siddiq (ra) unga Qur’on matnini jam qilishni buyurgan. Xalifa Usmon ibn Affon (ra) davrida (650 yildan so‘ng) unga uch makkalik (Abdulloh ibn az-Zubayr, Sa’d ibn al-Asom, Abdurahmon ibn al-Horis) bilan birga Qur’onning rasmiy yozma matnini tuzish topshirilgan.

Tuzilgan bu to‘plam «Mushaf», «Usmon mushafi» nomi bilan yuritilgan. Uni xalifa Usmon (ra) birdan-bir to‘g‘ri va barcha musulmonlar o‘qishi uchun majburiy matn, deb e’lon qilgan. Undan farq qiladigan to‘plamlarning barchasini yo‘qotish haqida buyruq berilgan.

Zayd ibn Sobit shuningdek mol-mulkni taqsimlash qoidalari (faroiz) ning bilimdoni, hazrat Umar (ra) davrida qabilalar devonini tuzuvchilardan biri ham bo‘lgan. Xalifa Usmon (ra) davrida Madinada xalifaning xazinaboni bo‘lgan va qozilik qilgan.

Islom ensiklopediyasidan