Valid ibn Valid ibn Mug‘ira ibn Abdulloh, nasabi Payg‘ambarimiz bilan Murra ibn Ka’bda tutashadi. Mashhur sahobiy Xolid ibn Validning ota bir ukasi.
Otasi Valid ibn Mug‘ira johiliyat davrida Makka raislaridan bo‘lib, boy zodagon edi. U haj mavsumida qirq kun mobaynida hojilar uchun har kuni o‘ntadan tuya so‘ydirgani, karvonlari ko‘pligidan Makkaning barcha darvozalaridan bir vaqtda kirgandagina bir joyga to‘planishi, bir darvozadan kirsa, sig‘may qolishi haqida rivoyatlar aytiladi. Ka’ba ustiga yopiladigan ka’bapo‘shni bir yili butun Quraysh, ikkinchi yili esa Valid ibn Mug‘iraning bir o‘zi tayyorlatar edi. Da’vatni boshlaganlarida Valid ibn Mug‘ira Payg‘ambar (a.s.)ni sehrgar deb e’lon qilgan, shunda u haqda “Muddassir” surasining oyatlari nozil bo‘lgan. Hijratning uchinchi yili 95 yoshida Makkada vafot etgan.
Valid ibn Valid (r.a.) Badr jangida mushriklar tomonida jangga kirib, Abdulloh ibn Jahsh tomonidan asirga olinadi. Uni garov puli to‘lab ozod qilish uchun ikki akasi – ota-ona bir akasi Hishom ibn Valid va ota bir akasi Xolid ibn Valid Madinaga keladi.
Rivoyatda kelishicha, Nabiy (s.a.v.) Abdulloh ibn Jahshga: “Uning garov puliga otasi Validning aslahasidan boshqasini olmagin”, deb tayinladilar. Aslaha esa keng sovut, qilich va dubulg‘adan iborat edi. Xolid bu taklifni rad etdi, ammo Hishom rozi bo‘ldi, chunki Valid ibn Valid uning ota-ona bir birodari edi. Aslahalar baholanib, garov evaziga Abdulloh ibn Jahshga berildi. Ayirboshlashdan so‘ng makkaliklar Valid ibn Validni olib yo‘lga tushdilar. Zulhulayfaga yetganlarida Valid ibn Valid (r.a.) ajralib chiqib Nabiy (s.a.v.)ning huzurlariga qaytdi va islom dinini qabul qildi. Shunda Xolid undan: “Shu narsa ko‘nglingda bor ekan, nega tovon puli to‘lanishi va otamizning aslahalari qo‘ldan chiqishidan oldin Muhammadga ergasha qolmading?” deb so‘radi. U bunday javlb berdi: “Qavmimdagi boshqalarga garov puli to‘lanayotgani singari menga ham garov puli to‘lanmagunicha islomga kira olmas edim. Toki Quraysh ahli garov pulidan qochib Muhammadga ergashdi deyishmasin”. Keyin uchovlon yana Makka tomon yo‘l olishdi. Makkagacha unga tegishmadi, u yerga yetib olgandan so‘ng Banu Maxzum urug‘idan islomni qabul qilgan Ayyosh ibn Abu Robia va Salama ibn Hishom bilan birga uni ham qamab qo‘yishdi. Bu ikkovi Habashistonga hijrat qilgan muhojirlardan edi. Uchovlon haqiga Rasululloh (s.a.v.) uch yil davomida: “Alloh, O‘zing Valid ibn Valid va boshqa mo‘min bechoralarga najot bergin”, deb duo qildilar.
Valid ibn Valid (r.a.) bir amallab tutqunlikdan qochib Madinaga kelganda, Rasululloh (s.a.v.) undan Ayyosh ibn Abu Robia va Salama ibn Hishom haqida so‘radilar. Valid (r.a.) ular tutqunlikda azoblanishayotganini va bir-birining oyog‘iga bog‘lab qo‘yilganini aytdi.
Rasululloh (s.a.v.) unga dedilar: “Makkaga borib, temirchinikiga tush, u islomni qabul qilgan. Unikida berkinib turib, Ayyosh va Salamani qutqarishga yo‘l qidir. Sen borganda Rasulullohning elchisi bo‘lib kelganingni ayt va yo‘lga chiqishlarini tayinla”. Valid ibn Valid bu ishni qoyilmaqom bajardi. Uchovi Madinaga eson-omon yetib keldilar.
Hadis kitoblarida bu sahobiydan bitta hadis rivoyat qilingan. Valid ibn Valid Rasululloh (s.a.v.)ga: “Yo Rasululloh, men uyqumda qo‘rqib chiqaman”, deb aytdi. Shunda Nabiy (a.s.) dedilar: «Uxlash uchun yotadigan bo‘lsang, “Bismillahi, Allohning so‘zlari bilan Uning g‘azabi, iqobi, bandalarining yomonligi, shaytonlarning vasvasalari va mening huzurimga kelishlaridan panoh so‘rayman”, degin. Shunday qilsang, senga zarar yetmaydi, hattoki yaqinlashmaydi». Valid shunday qildi va qo‘rquvdan qutuldi.
Uning Madinada vafot etgani aytiladi, ammo vafot vaqti manbalarda turlicha ko‘rsatilgan. Ayrimlarida hijrat qilib Madinaga yetganda vafot etgan, deyilsa, ayrimlarida esa Rasululloh bilan qazo umrasini ado etgani haqida ham ma’lumotlar uchraydi.