Ummu Kulsum binti Ali

«Yo Ali! Uni menga nikohla. Allohga qasamki, uning suhbatini menchalik orzu qilgan boshqa hech kim yo‘qdir».


«Rasulullohning(sollallohu alayhi va sallam):

 «Qiyomat kuni mening nasabim va aqrabolarimdan boshqa nasab va qarindoshlik kesikdir», deganlarini eshitdim. Islomga kirish va qizimni Alloh Rasuliga berish bilan unga qarindosh bo‘ldim. Bu qarindoshlikni uning naslidan qiz olib, kuyov bo‘lish bilan mustahkam qilmoqchiman».

Umar ibn Xattob (r.a.)


Ummu Kulsumning tug‘ilishi
Fotimai Zahro (roziyallohu anhu) juda go‘zal bir kiz chaqaloqni dunyoga keltirdi. Bu vaqtda Ali (roziyallohu anhu) Makkadan uzoqroq yerda edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)  qizlarining ko‘zi yoriganini eshitib, Fotimaning uyiga keldilar. Uni juda sevardilar. Eson-omon kutulgani bilan tabriklab, taskin beruvchi so‘zlar aytdilar. Yaxshi niyat bilan chaqaloqqa xolasi Ummu Kulsumning nomi qo‘yildi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sharafli qo‘llarini go‘dak ustida yurgizib, bu qizni muborak qilishini so‘rab, Alloh taologa duo etdilar.

Safardan qaytgan Ali (roziyallohu anhu) zavjasi bir qiz tuqqanligini va chakaloqqa bobosi Hazrati Muhammad (alayhissalom) tarafidan ism berilganini eshitib juda sevindi.

Kunlar, oylar o‘tgan sari qizaloq o‘sib-ulg‘ayib, go‘zalligi ham ortib borar edi. O’n yoshga yetmasdan bobosi Muhammad (alayhissalom) vafot etdilar. Ummu Kulsum bobosining vafotidan eng ko‘p iztirob chekkanlardan biri bo‘ldi.

Mo‘minlar amiriga nikohlanishi
Ummu Kulsum hayotining ilk bahoridayoq juda fosih va bolig‘ gapirar edi. Shu bilan birga, juda kichkina bo‘lishiga qaramay, quvvatli imon sohibi edi. Uning axloqiy vasflari va fazilatlari xalifa Umarning (roziyallohu anhu) qulog‘iga yetib keldi. Hazrati Umar (roziyallohu anhu) anchadan beri Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) kuyov bo‘lish orzusi bilan yurar edilar. Shu bois Ummu Kulsumning qo‘lini so‘rash uchun qulay fursatni poylay boshladilar.

Umar (roziyallohu anhu) musulmonlar o‘rtasida sodir bo‘lgan muammolarda, ko‘pincha Alining (roziyallohu anhu) hukm chiqarishni so‘rar edilar. Chunki Alining (roziyallohu anhu) fatvo berishdagi bilimdonligi va fiqh borasidagi chuqur ilmiga ishonardilar.

Bir kuni navbatdagi masala ko‘rib chiqildi va Ali (roziyallohu anho) ketmoqchi bo‘ldilar. Umar (roziyallohu anhu) uni to‘xtatib:

— Senda xususiy bir ishim bor edi, yo Ali! — dedilar. Hamma tarqalgach, ikkovlari o‘rtasida quyidagi suhbat bo‘lib o‘tdi:

— Ummu Kulsumni menga nikohlashingni so‘rayman.

— U hali juda yosh…

— Uni menga nikohla, yo Ali! Allohga qasamki, uning suhbatini menchalik orzu qiladigan hech kim yo‘kdir.

— U hodda qizimni sening oldingga yuboray. Agar rozi bo‘lsang, uni senga nikohlab beraman.

Bu suhbatdan so‘ng Ali (roziyallohu anhu) uyga ketdilar. Uyga kelgach, qizlari Ummu Kulsumni chaqirdilar. Unga bir hirqani berib, shunday dedilar:

— Bu hirqani mo‘minlarning amiri Xattob o‘g‘li Umarga olib bor va unga otam sizga aytgan hirqa mana shu, degin.

Ummu Kulsum hirqani olib, Umarning (roziyallohu anhu) huzurlariga keldi. Izn so‘rab ichkariga kirdi va otasi tayinlagan gaplarni aytdi. Asl ko‘zlangan maqsaddan u bexabar edi.

Umarning (roziyallohu anhu) ko‘zlari sevinchdan porlab:

— Otangga mening qabul etganimni, rozi bo‘lganimni ayt, dedilar.

Umar (roziyallohu anhu) uylaridan chiqib, Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) masjidlariga, qabr bilan minbar o‘rtasidagi muhojirlar majlisi bo‘ladigan maydonga keldilar. Ravzai sharifdagi bu joy ashobi kiromning doimiy yig‘iladigan joyiga aylangan edi.

Umar (roziyallohu anhu) kelganlarida hech kim yo‘q edi. Birin-ketin sahobalar kela boshladilar. Birinchi bo‘lib Ali, keyin Usmon ibn Affon, Zubayr ibn Avvom, Talha ibn Ubaydulloh va Abdurahmon ibn Avf keldilar.

Hamma yig‘iltanidan so‘ng Umar (roziyallohu anhu):

— Menga saodat tilang… Meni tabriklang, — dedilar.

— Kimga uylanyapsiz, yo amiral mo‘minin?! — deb so‘radilar.

— Abu Tolibning o‘g‘li Alining qiziga. Men Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) :

«Qiyomat kuni mening nasabim va aqrabolarimdan boshqa nasab va qarindoshlik kesikdir», deb aytganlarini eshitgandim. Islomga kirish va qizimni Alloh rasuliga berish bilan unga qarindosh bo‘ldim. Bu qarindoshlikni uning naslidan qiz olib, kuyov bo‘lish bilan mustahkam qilishni xohladim», dedilar Umar (roziyallohu anhu).

Majlisga yig‘ilganlar Hazrati Umarni tabriklab, unga xayr va saodat tiladilar. Ummu Kulsumga Hazrati Umar 40000 dirham mahr berdilar.

Umarning (roziyallohu anhu) orzusi bir ayolning eri bo‘lish, shahvatini qondirish emasdi. Aksincha, u juda ulug‘, sharafli g‘oya va maqsadni ko‘zlagan edi.

Ummu Kulsum (roziyallohu anho) mo‘minlarning amiri Umar ibn Hattobning xonadonlarida itoatli, vafodor zavja o‘laroq yashadi.

Hazrati Umarning shiddati, oila ehtiyojini ta’minlashda va musulmonlarga, ularning mollariga nisbatan juda ehtiyotkorligi mashhur edi.

* Haror — yuk solingan qop

Ummu Kulsum ham mustahkam imon va axloq sohibasi edi. Shu sababli Umarning (roziyallohu anhu) ahvolini juda yaxshi anglar, har bir vaziyatdan rozi bo‘lib, hech qachon nolimasdi. Kunlardan bir kun undagi qanoat va itoat darajasini ochiqcha ko‘rsatuvchi bir voqea sodir bo‘ldi:

Ummu Kulsum Hazrati Umardan beruxsat Rum imperatori Xiroqlning zavjasiga bir hadya yubordi. Chopardan hadyani olgan Rum malikasi xizmatchilar va saroy a’yonlarini yig‘di.Ularga:

— Bu hadya musulmonlar xalifasining zavjasi, Payg‘ambarning nabirasidandir. Bu hadya evaziga menham bir narsa yubormokchiman, — dedi. So‘ng Ummu Kulsumga minnatdorchilik bildirib, bir maktub yozdi va ko‘plab sovg‘a-salomlar bilan jo‘natdi. Tuhfalar orasida qimmatbaho munchoq ham bor edi.

Chopar Madinai Munavvaraga kelgach, maktub va sovg‘alarni Hazrati Umarga (roziyallohu anhu) topshirdi. Hazrati Umar Ummu Kulsumni beruxsat bunday ish qilgani uchun koyidilar. Birozdan so‘ng bir kishidan:

«Namoz to‘planing!» deya chaqirishini so‘radilar. Chaqiriqni eshitganlar muhim bir ish borligini bilib, to‘plana boshladilar. Umar (roziyallohu anhu) ularga ikki rakat namoz o‘qittirdilar. Alloh taologa hamdu sano aygilgach, qavmga yuzlanib:

— Mendan beruxsat qilingan ishlarda xayr yo‘qdir, — dedilar va bo‘lib o‘tgan voqeani so‘zlab berdilar. Munchoqni nima qilish haqida ulardan maslahat so‘radilar.

Bir guruh:

 «Munchoq Ummu Kulsumga tegishli narsa evaziga yuborilgan. Shu bois uning mulki bo‘lishi lozim. Imperator Hiroklning zavjasi zimmiy emaski, sizga xush ko‘rinish uchun sovg‘a yuborsa yoki sizning ko‘l ostingizda emaski, sizdan qo‘rqqa-nidan yuborsa», dedilar.

Boshqa bir guruhga esa:

 «Biz ham evaziga bir narsa berishini istab, birovga ko‘ylak hadya etamiz yoki sotilib, pulini olish uchun birovga ko‘ylak yuboramiz. Bu munchoq ham shunga o‘xshash bir narsa», dedilar.

Umar (roziyallohu anhu) hammaning fikrini olgach:

— So‘zlaringaz to‘g‘ri. Ammo elchi musulmonlar elchisi, chopar ularning chopari, — dedilar va hadyani Baytultohga berishga amr etdilar.

Umar (roziyallohu anhu) o‘ta adolatli va ummatning ishlarini o‘ylaydigan hokim bo‘lganidek, oilasining barkarorligini, huzur-halovat va farovonligini ham saqlovchi kishi edilar. Shuning uchun o‘zlarining xususiy mollaridan hadya miqdoricha nafaqa ajratib, zavjalariga berdilar.

Ummu Kulsum (roziyallohu anhu) Hazrati Umardan ikki farzand — bir o‘g‘il va bir qiz dunyoga keltirdilar. O’g‘ilning ismi Zayd ibn Umar, qizning ismi Ruqayya edi. Xayrli bo‘lishin orzu qilib, unga xolasining ismi berilgan edi. Ummu Kulsum farzandlarining go‘zal tarbiya olib, ulg‘ayishlari uchun g‘ayrat qildi va bunga muvaffaq bo‘ldi.

Beva ayol
Umar (roziyallohu anhu) shahid etilganida Ummu Kulsum qattiq iztirob ichida qoddi. Bir kuni ikki birodari Hasan va Husayn (roziyallohu anhum) uning oldiga kelib:

— O’zingga ma’lumki, sen musulmon ayollarning sayyidasisan. Qolaversa, sen ular ko‘p hurmat qiladigan muhtarama ayolning qizisan. Agar sen ishni otamizga qoddirsang, vallohi seni yetimlaridan biriga nikohlaydi. Ammo sen boy kishiga turmushga chiqmoqchi bo‘lsang, muhaqqaq, bu ishni uddalaysan, — dedilar.

Bu gaplari bilan Ummu Kulsumni o‘z fikriga ko‘ra mustaqil harakat qilishga chaqirayotgan edilar. Bunday qilishlarining o‘ziga xos sabablari bor edi. Chunki otalarining uyida yashirincha Ummu Kulsumning to‘yiga tayyorgarlik ko‘rilayotganini eshitib qolgan edilar. Bu gaplarni eshitgan Ummu Kulsum o‘ylanib qoldi. Shu payt Ali (roziyallohu anhu) qo‘llarida aso bilan ichkariga kirdilar.

O’g‘illari darhol uni salom berib qarshilashdi. Hazrati Ali (roziyallohu anhu) qizlarini yonlariga o‘tqazdilar. Alloh taologa hamdu sano aytganidan so‘ng dedilar:

— Ey Fotimaning o‘g‘illari! Sizni qanchalik sevishnimni bilasiz. Mening oldimdagi darajangiz ulug‘dir. Men sizni boshqa farzandlarimdan ustun qo‘yaman. Chunki siz Alloh Rasulining nabiralarisiz.

Hasan va Husayn (roziyallohu anhu) otalariga:

— Ha, to‘g‘ri aytyapsiz. Alloh sizga marhamat etsin, biz ila sizga xayr-ehson etsin, — deyishdi.

So‘ng Hazrati Ali (roziyallohu anho) kizlariga shunday dedilar:

— Ey qizim, Alloh taolo sening ishingni menga qoldirdi. Turmushga chiqqan eding, tul qolding. Sening ishingni endi men zimmamga olib, seni uzatmoqchiman…

Ummu Kulsum:

— Otajon, men bir ayolman. Men ham boshqa ayollarning xohlaganini istayman. Ular erishgan mol-dunyoga men ham noil bo‘lishni xohlayman. Meni o‘z holimga qo‘ying, o‘z ishimni o‘zim o‘ylab, bir qaror beray, — dedi.

Hazrati Ali (roziyallohu anhu) vaziyatni tushundilar.

— Allohga qasamki, sen aytgandek bo‘lmaydi, ey qizim! Bu fikr sendan chiqmagan. Bunday gapni shu ikki kishidan boshqa hech kim aytmaydi, — dedilar.

So‘ngra jahl bilan o‘rinlaridan turib:

— Vallohi, sen mening aytganimni qilmaguningcha ular bilan aslo gaplashmayman, — dedilar.

Hasan va Husayn (roziyallohu anhu) otalarining juda ham g‘azablanganini tushundilar. Etaklariga yopishib:

— Otajon, o‘tiring, — dedilar.

— Vallohi, sizning xafa bo‘lishngizga biz chidolmaymiz. Ey Ummu Kulsum, sen ishni otamizga qoldir, — deya yolvorishdi.

Ummu Kulsum ham:

— Mayli, otam aytganidek bo‘lsin, — dedi.

Biroz oldin shiddatli bo‘ronning boshlanishidan xabar bergan qora bulutlar tarqalib, uyning har tarafiga yana huzur-halovat qaytib keldi.

Hazrati Ali (roziyallohu anhu) beva qizini birodarining o‘g‘li Avn ibn Ja’far bilan nikohladilar. Ehtiyojlari uchun Ummu Gulsumga 4000 dirham pul berdilar.

Hazrati Alining (roziyallohu anhu) shahid bo‘lishi
Ummu Gulsum Avn ibn Ja’far bilan baxtiyor yashay boshladi. Chunki Ibn Ja’far otasi kabi yumshoq tabiatli va nozik qalbli, aqlli kishi edi. Ummu Kulsum ham erining haqlarini hurmat qiluvchi vafodor zavja edi.

Bir kuni Ummu Kulsum otasiga suiqasd uyishtirilgani haqidagi sovuq xabarni eshitib qoldi. Otasining huzuriga kelganida, Hazrati Ali (roziyallohu anhu) vujudlariga tarqalgan zahar ta’siridan hushsiz yotardilar. Kotil Abdurahmon ibn Muljam tutilib, qo‘llari bog‘langan holda olib kelindi.

Ummu Kulsum otasini cheksiz darajada sevar edi.

— Otajan, otajon! Otamga hech narsa qilmaydi, ey Allohning dushmani, Alloh sen razilni rasvo qiladi, — dedi u.

Ibn Muljam:

— Sen kim uchun yig‘layapsan? Bekorga yig‘lama, vallohi, men bu qilichni ming dirhamga oldim. Ming dirhamga zaharladim. Shu qadar zaharladimki, agar bu qilichning zarbasi butun Misr xalqiga urilganida hech kim sog‘ qolmasdi, — dedi.

Hazrati Ali (roziyallohu anhu) zahar ta’siridan vafot etdi. Ummu Kulsumning ko‘z yoshlari seldek oqdi. Bu voqeadan so‘ng musibatlarning keti uzilmay, ustma-ust kela boshladi. Biroq Ummu Kulsum bu alamlarga jasorat va matonat bilan chidadi.

Karbalo tuproqlarida amalga oshirilgan buyuk fitna, dahshatli qatldan so‘ng u butun Kufa xalqiga qarata shunday xitob qildi:

— Alloh taolaga hamd va Rasuliga salotu salom ila so‘zimni boshlayman. Ey Kufa xalqi! Ey vafosizlar, ey yordam etamiz, deb yordam etmaganlar! Ortiq ko‘zyoshlar tinmaydi, faryodlar uzilmaydi. Siz qasamlaringizni buzib, aldov vositasi qilishingiz bilan xuddi o‘zi to‘qigan narsani pishiq-puxta bo‘lganidan so‘ng parcha-parcha qilib, buzib-chuvatib tashlagan xotinga (Nahl, 92) o‘xshaysiz. Siz rosa guldirab, yomg‘ir yog‘magan bulutga o‘xshaysiz. Husaynni chaqirib, dushmanlarga topshirishdan boshqa nima ish qildingiz? Siz ishga yaramaydigan tuproq kabisiz. Kanchalik yomon ish qildingiz?

Ha, yig‘layapsizmi! Vallohi, yig‘lang, shu qadar ko‘p yig‘lashga majbursiz… Ko‘p yig‘lang, oz kuling. Shunchalik chirkin ish qildingizki, bir umr yuvganingiz bilan tozalay olmaysiz.

Siz nubuvvat muhri, risolat ma’dani, jannatiylar sayyidi va siz yuradigan yo‘lda ziyo taratuvchi Payg‘ambarning naslini qatl ettingiz. Bu dog‘ni ketkaza olmaysiz, ey baxtsizlar!

Endi nima qilinsa ham foydasi yo‘q. Alloh taolo sizning baloingizni berdi. Sizga zalillik va miskinlik tamg‘asi urildi. «Siz shunday og‘ir narsani kildingizki, uning og‘irligidan osmonlar yorilib, yer bo‘linib, tog‘lar parchalanib, qulab ketishga yaqin bo‘lur» (Maryam, 89-90). Alloh Rasulining qaysi jigarporasini qatl etganingizni bilasizmi? Uning qaysi karimasini o‘ldirdingiz? Kimningqonini oqizdingiz?.. Bilasizmi?

Yomonligi yeru ko‘kni qoplagan juda chirkin bir ish kildingiz. Endi samoning yomg‘ir o‘rniga qon yog‘dirishiga hayron bo‘lmang. «Oxirat azobi esa shak-shubhasiz yanada rasvoroq — xor qilguvchiroqdir va ularga yordam berilmas» (Fussilat, 16). Bu azob kul ichida qolggan cho‘g‘ga o‘xshaydi. Aslo yengil deb o‘ylamang. Alloh taolo barchamizning qilayotganlarimizni Ko‘ruvchidir.

Ummu Kulsum shu gaplarni ayttach, u yerdan ketdi va umrining oxirigacha Haqqa bo‘lgan sadoqatidan aslo ayrilmadi. Alloh taolo undan rozi bo‘lsin. Omin.

 «Qahramon mo’mina ayollar» kitobidan (Toshkent, «Movarounnahr», 2005) olindi.