Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey Ummu Honiy! Sen himoya etganingni biz ham himoya etamiz, sen omonlik berganingga biz ham omonlik beramiz”, deb marhamat qildilar.
Isro va Me’roj voqealari haqida gapirilganida albatta Ummu Honiyning ham nomi tilga olinadi. Chunki Rasululloh, sollallohu alayhi va sallam, Me’roj kechasi uning uyida mehmon bo’lgan edilar va u Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) Me’roj voqeasini xabar bergan roviylardandir.
Xo’sh, Ummu Honiy kim? Asl ismi nima? Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan qarindoshlik darajasi qanday?
Nasabi
Ummu Honiy Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) amakilari Abu Tolibning Fahita ismli qizi bo’lib, Hazrati Alining opalaridir.
Ismi qandayligi haqida turlicha fikrlar bor: Hind, Atiqa yoki Fotima deguvchilar ham bo’lgan. Lekin eng mashhur bo’lgani Fahitadir.
Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) bir necha yosh kichikdir. Go’zal ahloqli ayol edi.
* * *
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) onalari Ominaning vafotidan so’ng Hadicha binti Huvaylidga uylangunlariga qadar Abu Tolibning uyida yashadilar.
Bu yillar davomida o’zlarini Abu Tolib oilasining bir a’zosidek ko’rar, aslo yolg’izlikni his etmas edilar. U paytda Fahita kichkina bir qiz edi.
Oila hayoti
Hubayra ibn Vahb Maxzum o’g’illarining eng ko’zga ko’ringan kishilaridan edi. Qavmi ichida mavqei ulug’ bo’lib, so’zini o’tkaza olardi. U Fahitani so’rab kelganida Abu Tolib rozilik bildirdi. Fahita Undan ikrom va ehtirom ko’rdi. Uning himoyasida baxtiyor hayot kechirdi.
Oradan kunlar, kunlar ketidan oylar o’tdi. Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) payg’ambarlik tushdi. Oila ahlini, qarindoshlarini, qavmlarini Islomga da’vat etdilar. Bir qismi ishondi va to’g’ri yo’lni topdi, bir qismi ishonmadi va kofir bo’ldi.
Hubayra adashganlar orasida edi. Bu adashganlar imon keltirmaygina qolmay, zulm va jafo bilan yangi dinning yoyilishiga to’sqinlik qilardilar. Ammo Hubayra Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan o’rtalaridagi aqrabolikka rioya qilib, Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) shahsiyatlarini taqdirlar, hurmat ko’rsatardi.
Fahita ham dastlab eriga ergashib, Islomga kirmadi.
Bir kuni Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ummu Honiy uylarida mehmon bo’lib qoldilar. Bu kecha Alloh taolo Payg’ambarmizga eng buyuk ehson va ikromlar bergan xayrli, uzun bir kecha edi.
Ummu Honiy bu kecha haqida shunday hikoya qiladi:
“Isro voqeasi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mening uyimda qolganlarida bo’ldi. Bu kecha Alloh Rasuli xufton namozini o’qib, uxladilar. Biz ham uxlayotgan edik. Erta bilan Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizni uyg’otdilar va:
— Ey Ummu Honiy! Ko’rganingdek, xufton namozini ham bu yerda o’qidim. Hozir ham sizlarning yoningizda bomdod namozini ado qildim, — deb marhamat qildilar.
So’ngra uydan chiqish uchun o’rinlaridan turdilar. Men ketmasinlar deb ridolarining bir uchini tutdim. Qorinlari ko’rindi. Ko’ylaklari Misrda to’g’ilgan, katandan qilingan oxorli ko’ylakka o’xshar edi.
— Ey Allohning payg’ambari, buni odamlarga aytmang. Sizni yolg’onchiga chiqarib, aziyat berishadi, — dedim.
— Allohga qasamki, bu voqeani ularga aytaman, — dedilar.
Shunda men bir habash joriyamga: “Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) orqalaridan bor. Odamlarga nima haqida gapirganlarini va ularning javoblarini eshit”, dedim.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bizning oldimizdan chiqib, boshqa kishilarga ham bizga aytgan gaplarini aytdilar. Ko’pchilik o’zini yo’qotib qo’ydi va:
— Buni qanday isbotlaysan, ey Muhammad. Biz bunday narsa haqida hech eshitmaganmiz, — dedilar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):
— Dalil shuki, men falon vodiyda, falon kishilarning karvoniga duch keldim. Ularning tuyalari bir hayvondan hurkib, qochib ketgan ekan. Men ularga tuyalari turgan joyni ko’rsatdim. Bu voqea men Shomda bo’lgan paytimda yuz berdi. So’ngra yo’limda davom etdim. Makka yaqinidagi Tixoma degan joyda Dajnon tog’iga duch kelganimda falon-falon kishilarning qofilasiga to’qnash keldim. Ular uxlab yotardilar. Suv solingan bir idishlari bor edi. Ustiga bir narsa o’ralgan ekan. Yopqichni olib, ichidagi suvni ichdim. Keyin qanday bo’lsa, shunday qilib ustini o’radim. Hozir ularning qofilasi Makka yaqinida, Tan’im yo’lidagi Bayzo tepaligidan tushyapti. Oldinda ranggi qoraga moyilroq kulrang tuya kelyapti. Tuyaning ustida biri qora, boshqasi olacha ikkita haror bor, — dedilar.
Bu gapni eshitganlar darhol Rasululloh, (sollallohu alayhi va sallam) aytgan yo’lga yugurdilar. Ilk ko’rganlari tuya bo’ldi. U Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tasvirlaganlaridek ko’rinishda edi. Keyin karvondagilardan idishni so’rashdi. Ular idishda suv to’la bo’lganini, so’ng ustini o’rab qo’yganlarini, uyg’onganlarida esa, ichida suv qolmaganini tasdiqlashdi.
Makkaga qaytishda boshqa qofilani ham uchratishdi. Berilgan savolga ular ham: “To’g’ri aytipti, vallohi, u aytgan vodiyda tuyamiz hurkib qochdi. Shunda bir ovoz eshitdik. U ovoz tuyamizning turgan joyini aytdi. U yerga borib, tuyani topdik”, deya javob berishdi”.
Hijratdan so’ng
Musulmonlar Madinaga hijrat qilganlarida Fahita eri va bolalari bilan Makkada qoldi. Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) erishgan zafarlari haqida eshitsa, behad quvonardi. Fahita musulmonlar Makkaga kiradigan buyuk zafar kunini intizorlik bilan kutardi.
* * *
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Makkaga kirdilar. Barcha butlarni sindirdilar. Bilolning (roziyallohu anhu) ovozi tavhid, takbir va shahodatlar bilan jaranglab, Ka’ba uzra yuksaldi: “Allohu akbar, Allohu akbar, Allohu akbar, Allohu akbar. Ashhadu an la ilaha illalloh, ashhadu an la ilaha illalloh. Ashhadu anna Muhammadan Rasululloh, ashhadu anna Muhammadan Rasululloh…”
Bu ovozlarni eshitgan Ummu Honiyning eri Hubayra orqa-oldiga qaramay Makkadan qochdi. U Alloh taoloning diniga kirishdan qochayotgan, Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) zafarlarini ko’rishni xohlamayotgan edi.
* * *
Hubayra Ummu Honiyni ham o’zi bilan ketishga da’vat etdi, ammo Ummu Honiy qabul etmadi. Chunki u Alloh taoloning diniga kirgan, musulmon bo’lgan edi.
* * *
Xoris ibn Xishom Makka fath etilgan kun qoni halol qilingan kishilardan edi. Ammo Xoris Ummu Honiyning Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qoshlaridagi mavqeini bilgani uchun, himoya qilishini so’rab, uning uyiga bordi. Buni ko’rgan Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu) Xorisni o’ldirish uchun izma-iz keldi. Ummu Honiy: “Ey onamning o’g’li! Men unga omonlik berdim”, deb uni himoyasiga olganini bildirdi.
Ali (roziyallohu anhu) esa bu gaplarga quloq solmay, qilichini sug’urdi. Ummu Honiy uning qo’llaridan tutdi: “Alloh xayringni bersin, o’ldirma. Men unga omonlik berdim”, dedi.
Ali (roziyallohu anhu) undan qutulishga harakat qildi, ammo oyoqlarini yerdan ko’tarolmadi. Shu payt Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) kirib qoldilar. Ummu Honiy:
— Yo Rasululloh, men Xoris ibn Xishomni himoyamga oldim. Ali esa uni o’ldirmoqchi. Nimaga buyurasiz? — dedi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):
— Sen himoya etganingni biz ham himoya etamiz, sen omonlik berganingga biz ham omonlik beramiz. Ammo Alining jahlini chiqarma. U qizishsa, Alloh taoloning g’azabi keladi. Uni qo’yib yubor, — deb buyurdilar.
Shundan so’ng Ummu Honiy Alini qo’yib yubordi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) hazillashib:
— Yo Ali, bir ayol sendan g’olib keldi, — deya marhamat qildilar.
Ali:
— Allohga qasamki, oyoqlarimni yerdan ko’tarolmadim, — dedi.
Qahramonlar qahramoni, dovyuraklar dovyuragi Ali ibn Abu Tolibning (roziyallohu anhu) bu gapi Ummu Honiy haqidagi odil bir shahodatdir. Alloh har ikkisidan ham rozi bo’lsin.
* * *
Ummu Honiy eridan ayrilganidan so’ng butunlay farzandlarining tarbiyasi bilan band bo’ldi. Farzandlarining qalbiga fazilat urug’larini ekdi. Islom va imon bilan ularni o’stirdi. Farzandlarining bari olim, fozil kishilar bo’lib yetishdilar.
Ba’zi farzandlari Ummu Honiydan hadis rivoyat etishgan. Ular orasida nabiralari Ja’da al-Mahzumiy, Yahyo ibn Ja’far va Horunlar ham bor.
Ummu Honiy ukasi Hazrati Alining xalifalik davrigacha yashadi. Hijratning qirqinchi yili vafot etdi.
Alloh undan rozi bo’lsin va uni ham rozi etsin. Omin.