Nizomiddin Shomiy (XIV asr – XV asrning boshi)

Markaziy Osiyoning XIV–XV asr, yaʼni Temur va Temuriylar davrvda yashab ijod etgan mohir tarixnavis, yozma yodgorliklarning eng dastlabkilaridan biri – Amir Temur topshirigʻi bilan yozilgan “Zafarnoma” asarining muallifi Nizomiddin Shomiydir.

Nizomiddin Shomiy hayoti va ijodi haqida oʻz asarlaridan baʼzi bir kichik-kichik lavhalardan tashqari oʻrta asrlar yoki hozirgi zamon manbalarida maʼlumotlar juda kam. Tugʻilgan yili nomaʼlum. Uning Shomiy yoki Shanbi Gʻozoniy nisbasi asosida, u aslida Tabriz chekkasidagi Shanbi Gʻozon deb atalgan mavzedan boʻlgan, deb taxmin qilinadi. Mavlono Nizomiddin 1398 yilning avgust oyida Amir Temur askarlari Bagʻdod shahrini zabt etganliklari haqidagi voqealarni qalamga olar ekan, oʻzi birinchi boʻlib shahardan chiqqanligi, hazrat Sohibqiron bilan uchrashib, suhbatida boʻlganligini eslatib oʻtadi (“Zafarnoma”, Tauer nashri, 1-jild, Bayrut, 1937 y., 139-bet. ). Demak, u 1398 yili Bogʻdodda yashagan va uning Amir Temur bilan birinchi uchrashuvi ana shu yili sodir boʻlgan. Amir Temur bilan ikkinchi uchrashuvi esa “Zafarnoma”ning 1400 yil voqealari bayonida uchraydi. Oʻsha yili oktyabr oyida Amir Temur Shom (Suriya) chegarasida joylashgan Halab shahrini qamal qilgan. Muallifning yozishicha u oʻsha vaqtda Hijoz safariga ketayotgan ekan, shahar muhofazachilari undan shubhalanib, toʻxtatganlar va qalʼa roʻbaroʻsvdagi bir binoga qamab qoʻyganlar. Bu yerdan u qalʼaning zabt etilishini oʻz koʻzi bilan koʻrgan (Oʻsha joy, 227-bet). Shu davr muarrixlaridan boʻlgan Hofizi Abruning yozishicha, jangdan soʻng Jalol us-Islom nomli bir amir Nizomiddin Shomiyni Amir Temur huzuriga olib kelgan, hazrat Sohibqiron unga iltifotlar koʻrgazib, yaxshi qabul qilgan (“Zafarnoma”, Tuaer nashri, 2-jild, Praga, 1956 y. 160-bet).

Jumladan, Hofizi Abru yana 1412 yil voqealarini bayon etar ekan, Nizomiddin Shomiyni marhum sifatida tilga oladi (Oʻsha joy, 14-bet).

“Zafarnoma”ning yozilish tarixi haqida shuni taʼkidlash lozimki, Mavlono Shomiyning oʻzi bergan maʼlumotga koʻra, hijriy 804 yili (1401 yil 11 avgustdan 1402 yil 1 avgust oraligʻi) Amir Temur uni huzuriga chorlab, oʻz yurishlari bitilgan yirik bir asar yaratishga undagan. Sohibqiron oʻsha davrga qadar munshiy va kotiblari tarafidan tuzilgan bitiklar uni qoniqtirmaganligini aytgan. Yozilajak asar bir tomondan, avom xalqqa tushunarli, sodda, ravon tidda va ayni paytda maʼrifatli kishilar eʼtiboriga ham loyiq tarzda yozilishini uqtirgan. Mavlono Nizomiddin bu masʼuliyatni oʻz boʻyniga olgan (“Zafarnoma”, 1-jild, 10–11-betlar).

Tabiiyki, bu uchrashuvdan soʻng Nizomiddin Shomiy saroy tarixchisi sifatida Amir Temurning keyingi barcha yurishlarida unga hamrohlik qilgan. 806 yil muharram oyida (1403, iyul, avgust) Gruziyadagi Birtis qalʼasi zabt etilishini yozar ekan, Nizomiddin Shomiy bu voqeani oʻzi kuzatganligini aytadi. Shomiy yurishlardan birida iydi ramazon munosabati bilan yigʻilgan jamoaga vaʼz aytib, soʻng iyd namozida peshnamozlik qilgan. Bu voqeani mashhur tarixnafis Sharafiddin Ali Yazdiy shunday tavsiflagan: “Shu yil ramazon iydini (806/1404) hazrat Sohibqiron Obi-Ogʻliq yoqasida kutdi. Zamonaning balogʻatli fuzalolaridan boʻlgan va hazrat Sohibqironning ezguliklari va faxrli ishlaridan bir qanchasini bayon qalami bilan ifodalagan Mavolono Nizomiddin Shanbiy iyd xutbasining qiroatiga va namoziga kirishdi” (Yazdiy, “Zafarnoma”, Toshkent, 1972, 449-6).

Taxminan, shu vaqtda, yoxud bir necha hafta keyin Mavlono Nizomiddin Sohibqiron yurishlarini 1404 yil bahorigacha yetkazib, asarni tamomlagan va uni Ozarbayjondan Samarqandga qaytish taraduddida boʻlgan Amir Temurga taqdim etgan (Bundan keyingi Temur vafotigacha (fevral, 1405) kechgan voqealar, keyinroq Hofizi Abru tomonidan “Zayl” – (Ilova) tarzida yozilgan.

Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma” asarini yozish uchun qanday manbalardan foydalanganligi xususida, afsuski, na oʻzining va na zamondoshlari asarida uchraydi. Lekin “Zafarnoma” asarini tadqiq etish natijasida Shomiy quyidagi manbalardan foydalanganligini taxmin qilish mumkin:

a) Amir Temurning kotiblari nazm, nasrda forsiy, turkiy tillarida yozgan kundaliklar va bitiklar. Bular Nizomiddin Shomiy va undan keyingi mualliflar davrida mavjud boʻlgan boʻlsa ham, bizning davrlarga yetib kelmagan yoki hali topilganicha yoʻq;

b) muallifning oʻzi keyingi 2–3 yil davomida Amir Temur yurishlari shohidi boʻlgan va yozib olgan voqealar;

v) Amir Temurning Hindistonga yurishi bilan bogʻliq voqealar bayon etilgan Gʻiyosiddin Alining “Amir Temurning Hindistonga yurish kundaligi” asari.

“Zafarnoma” tarixiy asar sifatida XIV–XV asrlarda Temur va Temuriylar hukmronligi davridagi Markaziy Osiyo, Oltin Oʻrda xonligi, Ozarbayjon, Eron, Afgʻoniston, Iroq, Suriya, Misr, Turkiya va boshqa mamlakatlar tarixiga oid voqealarni oʻz ichiga olgan. Asar muqaddimasida Amir Temur tarix sahnasiga chiqqan 1360 yilga qadar Markaziy Osiyoda hukmronlik qilgan chingiziy hukmdorlar haqida qisqacha maʼlumot berilgan. Soʻngra Amir Temurning XIV asrning ikkinchi yarmi va XV asrning boshida qilgan yurishlarining batafsil bayoni keltirilgan. Asar 1404 yil mart oyida Amir Temurning Ozarbayjonda Arron Qarobogʻida turganligining bayoni bilan yakunlanib, uning vafotigacha, yaʼni, bir yilcha vaqt ichida sodir boʻlgan voqealar yoritilmay qolgan.

Nizomiddin Shomiy asarida qeltirilgan voqealar silsilasi keyingi tarixnavislar tomonidan davom ettirilgan. Jumladan, Temuriylar Shohrux Mirzoning tarixnavisi Hofizi Abru “Majmua” (“Toʻplam”) asarini yozar ekan, Shomiyning “Zafarnoma”sidan ham foydalangan va voqealar tizmasini Shohrux Mirzo hukmronlik qilib turgan 1420 yilgacha davom ettirgan. Keyinroq 1423 yili Shohrux Mirzoning oʻgʻli Boysungʻur Mirzo (vafoti – 1433) farmoni bilan Hofizi Abru toʻrt jilddan iborat “Majmua ut-tavorixi sultoniya” (“Sultonga atalgan tarixlar yigʻindisi”) deb atalgan asarni yozishga kirishgan va uni 1427 yil voqealarining bayoni bilan tugatgan.

Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asari oʻzida jamlangan tarixiy maʼlumotlarning ishonchliligi bilan XV–XVI asrlardanoq boshqa asarlar uchun bosh manbalardan biri boʻlib xizmat qilgan. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlaʼi saʼdayn va majmaʼi bahrayn” (“Ikki saodatli yulduzning chiqishi va ikki dengizning qoʻshilish joyi”), Fasih Havofiyning “Mujmali Fasihiy”, Muhammad Fazlulloh Musaviyning “Tarixi hayrot”, Xotifiyning nazmda bitilgan “Temurnoma”, Mirxondning “Ravzat us-safo” (“Poklik bogʻi”), Xondamirning “Habib us-siyar” (“Yaxshi xislatlar”) va boshqa bir qator asarlar shular jumlasidandir. Ularning har birida ilgarigi asarlardagi voqealar har xil tahrirlarda qaytarilishi bilan birga boshqalarida uchramaydigan voqealar tafsiloti ham mavjud.

Shomiy “Zafarnoma”sining faqat ikki qoʻlyozma nusxasigina saqlanib qolgan. Birinchisi, Amir Temurga taqdim etilgan qoʻlyozmadan 1425 yilda qoʻchirilgan nusxasi boʻlib, u Istanbuldagi “Nuri Usmoniya” masjidi kutubxonasida, 3367-inventar raqami ostida mavjud. Ikkinchisi, muallif Amir Temurning nabirasi Mirzo Umar bahodir ibn Mironshoh (vafoti – 1409)ga taqdim etgan koʻlyozmadan 1434 yili koʻchirilgan nusxa boʻlib, u Londondagi Britaniya muzeyi kutubxonasida, 23980-inventar raqami bilan saqlanadi.

Taniqli matnshunos olim Feliks Tauer mazkur qoʻlyozmalar noqis boʻlganligi sababli, ularni Hofizi Abruning “Zubdat ut-tavorix” asari bilan solishtirib tadqiq etish asosida “Zafarnoma”ning ikki jilddan iborat ilmiy tanqidiy matnini nashr ettirgan. Birinchi jildiga faqat “Zafarnoma” ilmiy tanqidiy matni kiritilgan. Ikkinchi jildida esa nashrning soʻzboshisi, qoʻshimchalar, nusxalardagi farqlar berilgan.

Asar keyingi vaqtlarda Sharq va Gʻarb olimlari tomonidan oʻrganilib, undan qisqartirilgan tarjimalar amalga oshirilgan. Jumladan, 1949 yili Anqarada Nejoti Lugʻol degan olim F. Tauerning nashri asosida qisqartirib, turk tilida tarjima qilgan. Undan tashqari, sharqshunoslikka oid bir necha kitoblarda bu asardan terma tarjimalar eʼlon qilindi. Bu tarjimalar toʻliq boʻlmasada noyob boʻlib qolgan. Shuni nazarga olgan holda keyingi yillarda OʻzR FA Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida “Zafarnoma”ning oʻzbek tiliga toʻliq ilmiy izohli tarjimasi Hofizi Abru “Ilova”si bilan birga nashrga tayyorlandi. Unga institutning sobiq ilmiy xodimi, marhum Yunusxon Hakimjonovning F. Tauer nashri boʻyicha qilingan dastlabki qoralama tarjimasi asos qilib olingan.