Oʻktam Usmonov (1938–1990)

Oʻktam Usmonov 1938 yilda Toshkent viloyatining Qibray tumani Baytqoʻrgʻon qishlogʻida bogʻbon oilasida tugʻildi. Toshkent pedagogika institutida oʻqidi. Uni muvaffaqiyatli tugatgach, avval respublika gazetalari tahririyatlarida xizmat qildi. 1972–1982 yillarda masʼul vazifada, soʻng Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida kotib hamda “Oʻzbekiston ovozi” gazetasida bosh muharrir lavozimlarida faoliyat olib bordi.

Adibning “Guldasta” nomli birinchi hikoyalar toʻplami 1964 yilda chop etildi. Shundan soʻng “Bahs boylashgan bola” (1965), “Bahor chaqmoqlari” (1970), “Notinch kecha” (1976), “Sirli sohil” (1981) kabi qissa va hikoyalar kitoblari dunyoga keldi. Adibning asarlarida inson va insoniylik haqidagi falsafiy mushohadalar rang-barang obrazlar, hayotiy detallar orqali ilgari suriladi.

U qissanavis sifatida “Bahor chaqmoqlari”, “Kishan”, “Qismat” kabi bir qator mazmunan baquvvat asarlar yaratdi. Soʻnggi ikki asari adabiy tanqidchilik tomonidan yaxshi baholandi. Adib ijodida “Girdob” (1979) romani alohida oʻrin tutadi. Unda adolat bilan nohaqlik, sadoqat bilan xiyonat oʻrtasidagi kurash mahorat bilan tasvirlangan. Mazkur roman 1980 yili Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Oybek nomidagi mukofotiga sazovor boʻldi.

Oʻktam Usmonovning bir qator asarlari rus va qardosh tillarga tarjima qilingan.


“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti, 2016) kitobidan.