JU’AL ibn SUROQA, Ju’ayl, Ji’ol, Juffol, to‘liq ismi Ju’al ibn Suroqa ad-Damriy al-G’iforiy (7-a.) — ilk muhojirlardan. Faqir bo‘lgani uchun Suffa ashobi orasidan joy olgan.
Hazrati Payg‘ambar (sav) Banu Musta’liq g‘azvasiga ketayotganlarida Ju’alni Madinada o‘rinlariga vakil qilib qoldirganlar. Zotur-Riqo g‘azvasidan qaytayotganlarida esa, zafar mujdasini Madinaga yetkazish vazifasini unga topshirganlar.
Ju’al bani Qurayza g‘azvasida bir ko‘zidan ayrilgan. Ju’al Janobi Rasululloh (sav)ga nihoyatda bog‘lanib qolgan edi. Uning mustahkam imon egasi ekaniga Hazrati Payg‘ambar shohidlik berganlar.
Hunayn g‘azotidan keyin o‘ljalar taqsimoti chog‘i Rasululloh Aqro’ ibn Hobis bilan Uyayna ibn Xisnga 100 tadan tuya berib, Ju’alga hech narsa bermagan edilar. Sababini so‘ragan bir sahobiyga, Aqro’ bilan Uyaynani Islomga isintirish uchun ortiqcha o‘lja berganlari, Ju’alning esa, imoniga tayanganlarini aytganlar. «Ju’al bulardaqasidan bir dunyo kimsalarga teng keladi», deganlar.
Tabuk g‘azvasida Hazrati Payg‘ambar (sav) bir mo‘jizalari ila qornini to‘yg‘izgan uch sahobiyning biri Ju’al edi.
Islom ensiklopediyasidan