Horisa ibn No‘mon
Abu Abdulloh Horisa ibn No‘‘mon ibn Nufay’ Ansoriy (Alloh u zotdan rozi bo‘lsin) taniqli sahobiylardan edi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga Badr va undan keyingi barcha ma’rakalarda ishtirok etgan. Horisa bunday degan: “Jabroilni (alayhissalom) ikki marta ko‘rdim. Birinchisida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Bani Qurayza qavmi oldiga chiqqanlarida Jabroil (alayhissalom) Dihyatul Kalbiy suratida ko‘rindilar. Ikkinchisida Hunayndan qaytganimizda Jabroil (alayhissalom) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan gaplashib turgan ekanlar. Ular oldidan o‘tib, salom bermadim. Jabroil (alayhissalom): “Bu kim?” deb so‘radilar. Atrofdagilar: “Bu Horisa”, deyishdi. Shunda Jabroil (alayhissalom): “Agar salom berganida biz alik olar edik”, dedilar”.
Hazrati Oyshadan (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar: “Uxlab, tushimda jannatni ko‘rdim. U yerda bir qorining Qur’on o‘qiyotgan ovozini eshitdim. “Bu kim?” desam, “Horisa ibn No‘‘mon”, deyishdi”. Shunda u zot (alayhissalom): “Bu uning yaxshiligi sabablidir”, dedilar. Chunki Horisa onasiga ko‘p yaxshilik qiluvchi kishilardan edi. Horisa ibn No‘‘mon Muoviya davrida vafot etgan.