Arqam ibn Abul Arqam
Sobiqunal avvalun, ya’ni ilk sahobiylardan bo‘lmish bu zotning kunyasi Abu Abdulloh. Otasining ismi Abdumannof, onasining ismi Umayya binti Horisdir.
Arqam Makkaning badavlat va e’tiborli oilalaridan bo‘lmish Mahzun qabilasiga mansub edi. U Abu Bakr (r.a.)ning chaqiriqlarini qabul qilib, Abu Ubayda ibn Jarroh va Usmon ibn Maz’un bilan birgalikda islomga kirgan. Manbalarda islomni qabul qilgan ilk 15 kishi safida zikr qilinsa-da, o‘g‘li Usmon: “Otam yettinchi bo‘lib islomni qabul qilgan”, deb aytgan. Rasululloh (s.a.v.) bilan Badr va Uhuddan boshlab barcha yurishlarda yelkama-elka turib qatnashgan. Darvoqe, Arqam Madinaga hijrat qilgan ilk musulmonlardan edi. Rasululloh (s.a.v.) uni Abu Talha bilan birodar qilib tutintirganlar.
Qahramonimizning nomi tilga olinganda, uning o‘sha mashhur uyi – “Dorul Arqam” yodimizga tushadi. Zero, mushriklar o‘z muhim masalalarini “Dorun Nadva” deya atalmish kengashlarida hal qilsalar, ilk musulmonlar kengashadigan makon “Dorul Arqam” edi. Bu muborak uy Ka’baning g‘arbida, Safo bilan Marva o‘rtasidagi hojilar haj arkonlarini amalga oshiradigan juda gavjum joyda joylashgandi. Arqam ilk musulmonlarning mashaqqatli damlarida uyini Rasululloh (s.a.v.)ga, islom xizmatiga baxsh etgandi. Ushbu muborak uy hazrati Umardek islomning zabardast siymolaridan birining hidoyat topganiga guvoh bo‘lgandi. O‘shanda Arqamning uyida suhbatlashib o‘tirgan musulmonlarga: “Uyga Umar ibn Xattob qurollangan holda yaqinlashib kelyapti”, degan xabar keldi. Ashob sergaklandi, hazrati Hamzaning qo‘li beixtiyor qilich dastasiga yugurdi. Umar ibn Xattob uyga kirgach, Rasululloh (s.a.v.) unga yaqinlashdilar va yoqasidan tutib dedilar: “Ey Xattob o‘g‘li, islomga kelsang bo‘lmaydimi?!” Bunga javoban Umar shahodat kalimasini aytib, islomni qabul qildi.
Shu voqeadan keyin musulmonlar Makkada emin-erkin yuradigan bo‘ldilar. Arqam o‘g‘li va yaqinlarining ehtiyojlari uchun vaqf qilgan, keyinchalik bir necha qo‘lga o‘tgan ushbu imorat o‘rta asrlarda Haramning kengaytirilishi munosabati bilan buzilgan va masjidga qo‘shib yuborilgan.
Arqam ibn Abu Arqam hijriy 54 yoki 55 yilda 80 yoshida vafot etadi. U zot Badr qatnashchilarining dunyodan eng oxirgi ko‘z yumganidir. Janozasi o‘z vasiyatiga ko‘ra sodiq do‘sti Sa’d ibn Abu Vaqqos (r.a.) tomonidan o‘qildi. Qabri Baqi’ qabristonida.
Alloh u zotdan rozi bo‘lsin!
“Irfon” taqvimining 2010 yil, 3-sonidan olindi.