Abu Qatoda Rasululloh (s.a.v.)ning suvoriysi laqabi bilan mashhur sahoba. Asl ismi Horis. Hazraj qabilasining Salama urug‘iga mansub. Otasi Rabi’ ibn Baldaha, onasi Kabsa binti Mazhardir. Ayolining ismi Sulofa binti Baro. Abu Qatoda Sulofadan Abdulloh, Ma’bad, Abdurahmon va Sobit ismli to‘rt o‘g‘il ko‘rgan.
Ikkinchi Aqaba bay’atidan keyin Islomni qabul qildi va Badrdan keyingi barcha g‘azotlarda qatnashdi. Xususan, Zu Qarad g‘azotida Rasululloh (s.a.v.): “Bugun suvoriylarning eng yaxshisi Abu Qatoda bo‘ldi…” deb e’tirof etdilar. O‘sha jangda Abu Qatoda mushriklar sardori Mas’adani qahramonlarcha yengdi.
Abu Qatoda mohir jangchi, botir yigit edi. U G‘atafon, Batni Lahm, Zi Hasab, Zi Marva yurishlarida faol ishtirok etdi. Makka fathida ham qatnashdi. Keyinchalik Hunayn, Tabuk g‘azotlariga bordi va omma hurmatini qozondi.
Qahramonimiz ilmga muhabbati va hurmati cheksiz sahobalardan edi. U 170 ta hadis rivoyat qilgan. Bu borada juda ehtiyotkor bo‘lgan. Kunlarning birida o‘g‘li Ma’badning: “Rasululloh (s.a.v.) undoq dedilar, bundoq dedilar”, deyotganini eshitib: “Nima deyotganingni bilasanmi? Rasululloh (s.a.v.) “Mening nomimdan yolg‘on gap aytganlar jahannamdan o‘ziga joy hozirlayversin”, deganlarini eshitganman”, deb tanbeh berdi.
Abu Qatoda do‘stlikni o‘rniga qo‘yar, yaqinlaridan mol-davlatini aslo ayamasdi. Kunlarning birida janoza bo‘ldi. Rasululloh (s.a.v.) mayyitning qarzi bor-yo‘qligini so‘radilar. Ikki dinor qarzi borligini eshitib: “Janozasini o‘zingiz o‘qing”, dedilar. Abu Qatoda: “Uning qarzini to‘lashni bo‘ynimga olaman”, deganidan keyin Rasululloh (s.a.v.) janozani o‘qidilar.
Muhorabalarning birida Rasululloh (s.a.v.) uni: “Abu Qatoda, sen Allohning rasulini himoya qilding, Alloh seni muhofazasiga olsin!” deya duo qildilar. Shu duo sharofatidan Abu Qatoda yetmish yoshida ham o‘n besh yashar o‘spirindek tetik edi. U to‘rt xalifa davrida yashadi. Milodiy 674 yilda Kufada vafot etdi.
Alloh u zotdan rozi bo‘lsin!
Manbalar asosida Shoakmal Akbarzoda tayyorladi | Irfon.uz
ABU QATODA, to‘liq ismi Abu Qatoda al-Haris ibn Rab’iy al-Ansoriy as-Sulamiy (taxminan 604-674) — ansori kiromdan va Payg’ambar (sav)ning suvoriylaridan biri.
Rasuli Akramdan 170 hadis rivoyat etgan. Bulardan 21 tasida Buxoriy va Muslim hamfikrdirlar. Faqat Buxoriyda 2, Muslimda 8 hadisi bor. Qolgani boshqa kitoblardadir. Madinai munavvara yoki Kufada vafot etgan.
Islom ensiklopediyasidan