Abdulloh ibn Amr ibn Os

Abdulloh ibn Amr ibn Os (roziyallohu anhu) hijriy yettinchi yilda Madinaga keldi. U Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) majlislariga qatnashishni hech kanda qilmasdi, u zot (sollallohu alayhi va sallam)ning so‘zlarini yodlab, yozib yurardi. Buni bilgan ba’zi sahobalar uni qaytarmoqchi bo‘lib: “Sen Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan nima eshitsang shuni yozyapsan, holbuki, u zot ba’zan xursand, ba’zan xafa bo‘ladilar”, deyishdi. Abdulloh ibn Amr ibn Os (roziyallohu anhu) bu haqda Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)dan so‘raganida, u zot: “Yozaver, chunki jonim iznida bo‘lgan Zotga qasamki, og‘zimdan haqdan boshqa so‘z chiqmaydi”, dedilar (Musnad).

Imom Buxoriy Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan keltirgan rivoyatda Abdulloh ibn Amr ibn Os (roziyallohu anhu)ning juda ko‘p hadis bilishi, bilganlarini doim yozib yurishi aytilgan. U yozganlarini kitob holiga keltirib, “Sahifatus sodiqa” deb nomlagan. Undan nimadir so‘ralganda, o‘sha kitobiga qarab javob berardi.

Abdulloh ibn Amr ibn Os (roziyallohu anhu) kunduzlari ro‘za tutar, kechalari namoz o‘qir, doim ibodat bilan mashg‘ul bo‘lardi. Uning o‘zi bunday hikoya qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mening “Modomiki tirik ekanman, kechasini namoz o‘qib, kunduzini ro‘zador bo‘lib o‘tkazaman”, deganimni bilganlarida: “Shu gapni sen aytdingmi?” dedilar. “Ha, ey Allohning Rasuli”, dedim. “Sen u qadariga qodir bo‘la olmaysan. Ro‘za tut, og‘zing ochiq ham bo‘lsin. Uxlagin, bedor ham bo‘l. Har oyda uch kun ro‘za tut, chunki bir yaxshilik (ajri) o‘n misli barobarida beriladi. Shu yil bo‘yi ro‘zasidek bo‘ladi”, dedilar. “Mening undan ko‘prog‘iga ham toqatim yetadi”, dedim. “Bir kun ro‘za tutib, ikki kun og‘zing ochiq yur”, dedilar. “Men yanada ko‘prog‘iga qodirman, ey Allohning Rasuli”, dedim. “Bir kun ro‘za tut, bir kun og‘zing ochiq bo‘lsin. Bu Dovud (alayhissalom)ning ro‘zasidir. U eng yaxshi ro‘zadir”, dedilar». Abdulloh ibn Amr ibn Os (roziyallohu anhu) o‘z hayotini Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytganlariga amal qilgan holda kechirdi.

Abdulloh ibn Amr ibn Os (roziyallohu anhu) sahobalar orasida ilmi, saxiyligi bilan tanilgandi. Ko‘pchilik undan hadis o‘rgandi. U ibroniy hamda suryoniy tillarini bilgani bois, Tavrot va Injilni bemalol o‘qib, ta’vil qila olardi. Abdulloh ibn Amr ibn Os (roziyallohu anhu) bunday deydi: «Bir kecha tush ko‘rdim, barmoqlarimning birida yog‘, birida asal bor edi. Ikkisini ham yalayotgan edim. Tongda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga tushimni aytib berdim. U zot: “Sen ikki kitob: Qur’onni va Tavrotni o‘qiysan”, dedilar. Men har ikkisini o‘qidim».

Abdulloh ibn Amr ibn Os (roziyallohu anhu): «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning: “Yo Alloh, men Sendan foydasiz ilmdan, qo‘rqmaydigan qalbdan, to‘ymaydigan nafsdan va qabul bo‘lmaydigan duodan asrashingni tilayman” deganlarini eshitdim”, dedi» (Imom Termiziy, Imom Nasoiy, Ibn Moja rivoyati).

Abdulloh ibn Amr ibn Os (roziyallohu anhu) 65-hijriy yili 72 yoshida Misrda vafot etgan va o‘sha yerga dafn qilingan.

Manbalar asosida Nargiza Mirzaliyeva tayyorladi | Hidoyat.uz

Abdulloh ibn Amr ibn Os

Sahobalarning buyuklaridan, otalaridan oldin imon bilan musharraf bo’lga zot. Islomga kirmaslaridan oldin ismlari Os edi, keyin Rosul Akram Abdulloh deb o’zgartirganlar. Otalaridan 12 yosh kichik bo’lganlar. Tahminan 65 hijriyda vafot etganlar.

Ashobi kirom orasida buyuk ilmga sohib bo’lgan zotlardan. Qur’oni karimning to’laligicha yod olgan hofizlardan edilar. Abdulloh ibni Amr r.anhumo Rosul Akramning o’zlaridan juda ko’p ilm oldilar. Uzotdan eshitgan hadislarini to’plab yozib yurdilar. Bu haqda Ashobi kiromning ichida eng ko’p hadis rivoyat qilgan zot Abu Hurayra r.anhu shunday deydilar: Ashobi kiromning ichida mendan ko’ra ko’p hadis biladigan va yod olgan zot yo’q magar Abdulloh ibni Amr mendan ko’proq hadis biladi va yod olgan. Chunki u hadislarni yozardi men esa yozmas edim.”


Ibni Amr r.anhumo Rosul Akramdan eshitgan hadislarini Sahifai Sodiqa nomli majmuada to’plaganlar. Rosul Akramdan tahminan 700 tacha hadis rivoyat qilganlar. Rivoyat qilgan hadislaridan ba’zilari shulardir:


“Bizga qarshi qurol ko’targan bizdan emasdir”


“Yeyinglar, ichinglar, sadaqa beringlar, isrofsiz va takabbursiz kiyininglar. Janobi Haq ne’matlarini bandaning ustida ko’rilinishini hohlaydi”


“Shahidning Qul haqqidan boshqa barcha gunohlari o’chiriladi”