Munis Xorazmiy (1778-1829)

Amir Avazbiy oʻgʻli Shermuhammad, adabiy taxallusi Munis Xorazmiy XVIII asrning ikkinchi yarmi va XIX asrning boshlarida Xorazmdayashab ijod etgan shoir, tarixnavis olim, tarjimon, xattot va marifatparvardir.

Munis oʻzbek adabiyoti, umuman madaniyati tarixida salmoqli oʻrinni egallaydi. U muarrix sifatida oʻzining “Firdavs ul-iqbol” tarixiy asarini yozdi, shoir sifatida devon tuzdi. Tarjimon sifatida tarixiy asarlarni oʻzbek tiliga tarjima qildi, pedagog sifatida “Savodi taʼlim” nomli risola yozdi. Munisning hayoti va ijodini oʻrganar ekanmiz, avvalo uning adabiy va tarixiy asarlariga murojaat qilamiz. U oʻzining “Munis ul-ushshoq” devoniga yozilgan soʻzboshida va “Firdavs ul-iqbol” nomli tarixiy asarida tarjimai holiga oid anchagina maʼlumotlar keltirgan.

Munis 1778 yili Xivada tugʻildi. “U Xivadagi Qiyot qishloqlik Avazbiy Mirobning oʻgʻlidir”. Uning ota-bobolari xonlar saroyida miroblik ishlarini boshqarib kelganlar.

U yoshlik chogʻlaridan boshlab ilm olishga qiziqib, tarix va adabiyotga mehr qoʻydi. Dastlabki maʼlumotni Qiyot qishlogʻida olib,keyinchalik Xiva madrasalarida oʻqidi. 1800 yilda otasi vafot etgach, Xiva xoni AvazInoq Munisni Xiva saroyining farmonnavis kotibi qilib tayinlaydi. Munis zamonasining mashhur olim, shoir va sanʼatkorlari bilan yaqin aloqada boʻlib, oʻzini ilm-fan, maʼrifatga bagʻishladi. Oʻzidan ilgari yashagan shoir va tarixchilarning asarlarini ishtiyoq bilan oʻrganadi. Bu hol Munisning quyidagi sheʼrida yaqqol koʻzga tashlanadi:


Voliyi mulki tariqat gar Nizomiydur manga,

Manzili maʼniga Xizri roh Jomiydur manga.


Xotirimgʻa Xisraviydin har zamon shoʻre yetib,

Banda davronning bari shirin kalomidur manga.


Pir Ansoriy soʻzidan choshni nutqum topib,

Soʻzda hosil sharbati yuhyal Nizomiydur manga.


Hofizi Sheroz, Lutfiydin taraqqiylar topib,

Jilvagoh aqli tasavvufning maqomidur manga.


Yuzima Attor har lahza doʻkoni fayz ochib,

Doim andin atrparvar jon mashomidur manga.


Fayzi Firdavsiy gahi qoʻnglum ochib firdavsdek,

Goh Xoqoniy futuhining payomidur manga.


Goh taʼbim Anvariy nuri bila ravshan boʻlub,

Goh Saʼdiy jomining fayzi mudomidur manga.


Topibon ishqi Iroqiydin zamirim nashʼayi,

Hosil ahli ishqning shoʻri tamomi dur manga.


Nusxai taʼyid Bediddin topib, Fayzi suxan,

Maʼni ichra nomayi Iqbol nomidur manga.


Qilsa hosil daxp bejo soʻz aro yoʻqdir gamim,

Kim bu maʼnida Navoiy ruhi homiydur manga.


Tong emas, Munis, agar boʻlsam Kiromiy qadrikim,

Ustozi zohiru botin – Kiromiidur manga.


Bu gʻazalda keltirilgan maʼlumotdan Munisning qator sharq mumtoz shoirlarining ijodidan bahramand boʻlganligi koʻrinib turibdi. Munis yoshligidanoq sheʼr yozish bilan mashgʻul boʻlgan va oʻzidan ilgari oʻtgan tarixchilarning asarlarini zoʻr havas bilan oʻrgangan. Shoir birinchi yoshlik devonini 1804 yilda tuzdi. 1813 yilda barcha sheʼrlarini toʻplab “Munis ul-ushshoq” deb nomlangandevon tuzdi.

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Sharq qoʻlyozma asarlar fondida Munis devonlarining bir necha qoʻlyozma nusxalari saqlanmoqda. Ulardan1330-raqamli qoʻlyozma Munis 27 yoshga kirgan vaqtda 1804–1805 yili shoir tarjimai holidan koʻchirilgan. Devon oxirida quyidagi toʻrtlik keltirilgan:


Muniso, toʻkmay yigirma yetti yosh,

Vah, yigirma yetgi uzra yetti yosh.

Yosh kabi mashgʻullik qilmoq nedur,

Har qachonkim suhbatishta yetti yosh.


Shoirning bu devonidan uning gʻazallari, muxammaslari, musaddaslari, ruboiylari va boshqalar oʻrin olgan. Devonning oxiida muallifning “Savodi taʼlim” nomli ilmiy asari ham bor boʻlib, unda xattotlik qoidalari bayon etilgan.

Shoir sheʼriyatida goʻzallik va muhabbatni kuylagan boʻlsada, uning gʻazallarida oʻsha davrdagi ijtimoiy-iqtisodiy hayot ham oʻz ifodasini topgan. Zamonasining ilgʻor fikrli kishisi sifatida u oʻzi yashayotgan hayotda faol ishtirok etdi. Munis tarixnavis olim sifatida Xorazm tarixiga oid qimmatli “Firdavs ul-iqbol” nomli muhim tarixiy asarini ijod etdi. Olim oʻz asarini sharq tarixchilarining anʼanasiga muvofiq hamd va naʼt boʻlimlar bilan boshlagan. Soʻngra oʻz hayoti va asarining yozilishi haqida qisqacha maʼlumot berib, Xorazm tarixini yozgan.

Asar muqaddima, besh bob va xotimadan iborat.

I bobda Odam Atodan to Nuh paygʻambar avlodigacha boʻlgan hodisalar bayon etilgan. II bobda Yefasdan Qoʻngʻirot shoʻbasigacha boʻlgan Moʻgʻul hukmdorlari davri xususida fikr yuritilgan. III bobda Kurlos avlodiga mansub podshohlar davrida sodir boʻlgan voqealar toʻgʻrisida yozilgan. IV bobda Eltuzorxonning ota-bobolari hayoti tasvirlangan. V bobda Eltuzorxonning tugʻilishidan bu asarning yozilib tamom boʻlishiga qadar sodir boʻlgan voqealar xususida qalam tebratilgan.

Xotima esa olimlar, avliyolar, amirlar, beklar, shoirlar, hunarmandlar haqida maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi.

Munis “Firdavs ul-iqbol” nomli asarini yozib tamomlay olmagan. U qadim zamonlardan boshlab Muhammad Rahimxon I hukmronliganing yettinchi yiligacha (1813) boʻlgan voqealarni yozishga ulgurgan. Uning bu chala qolgan asarini shogirdi Ogahiy davom etdirgan. Ogahiy bu asarni qanday qilib davom etdirganligini quyidagicha bayon etadi. Eltuzorxon xonlik qilgan davrda Munisni chaqirib, Xorazm tarixini yozishni buyuradi. Munis oʻz asarini Shergʻoziyxon davrigacha yozib yetkazganda Eltuzorxon vafot etadi.

Undan soʻng davlat tepasiga uning birodari Muhammad Rahimxon I keladi.

Muhammad Rahimxon I Munisga oʻz asarini davom etdirishni buyuradi. Munis asarni davom etdirarkan, Muhammad Rahimxon I hukmronligining yettinchi yilida sodir boʻlgan voqealarni yozib tamomlaganda, xon 1819 yili Munisga Mirxondning mashhur “Rav-zat us-safo” nomli tarixiy asarini oʻzbek tiliga tarjima qilishni buyuradi. Munis bu asarning birinchi jildini oʻzbek tiliga tarjima qilib, ikkinchisini davom etdirayotganida Muhammad Rahimxon I vafot etadi. Uning oʻrniga oʻgʻli Ollohqulixon keladi. Bu ham Munisga tarjimani davom etdirishni buyuradi. Biroq Munis ikkinchi kitobni oxiriga yetkazaolmay, 1829 yili vafot etadi. Ollohqulixon taxtga oʻtirgandan keyin 1839–1840 yili Munisning shogirdi va uning tarbiyasini olgan Ogahiyni chaqirib, 1813 yil voqealarini bayon etish bilan uzilib qolgan “Firdavs ul-iqbol” asarini davom etdirishni buyuradi. Ogahiy 1813 yildan boshlab Xorazmda sodir boʻlgan voqealarni yoza boshlaydi.

Tarixnavis olim Munisning “Firdavs ul-iqbol” nomli asari uzoq davrni qamrab olgan Markaziy Osiyo, ayniqsa Xiva xonligi tarixini oʻrganishda boy qimmatli tarixiy asardir. Asarda Xorazmning qadimiy davri bilan bir qatorda, Xiva xonligining 1825 yilgacha boʻlgan siyosiy tarixi mufassal bayon etilgan, toj-taxt, boylik uchun olib borilgan kurashlar va shuningdek, Xiva xonlarining qoʻshni turkman va qoraqalpoq xalqlari bilan boʻlgan munosabatlari haqida ham koʻplab maʼlumotlar keltirilgan.

Asarda Xiva xonligining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotini oʻrganish boʻyicha ham anchagina maʼlumotlar bor. Xiva xonligining Buxoro, Qoʻqon xonliklari, Rusiya bilan olib borgan diplomatik va savdo-sotiq munosabatlari, xonliqdagi sugʻorish, soliq, qurilish ishlari oʻsha davrda yashagan olimlar, shoirlar hayoti, ijodi qalamga olingan.

Shunday qilib, Shermuhammad Munis Xorazmiy oʻz davrining talantli shoiri, atoqli tarixnavis olimi, davlat arbobi va mohir tarjimoni boʻlgan. Uning asarlari oʻzbek xalqi madaniyati tarixini oʻrganishda ajoyib manba boʻlib xizmat qiladi.