Shuhrat (1918–1993)

Oʻzbek adabiyotining taniqli namoyandalaridan biri, shoir, nosir va dramaturg Shuhrat (Gʻulom Alimov) 1918 yil 19 aprelda Toshkentning Hazrati Imom (Hastimom) mahallasida tugʻildi.

U eski va yangi maktablarda tahsil olgach, transport texnikumida oʻqidi. Bu yerda Yunus Latif taʼsirida sheʼrlar yoza boshladi. Soʻng Toshkent Davlat pedagogika institutida tahsil oldi (1936–1940). Shuhrat ijodini 1935 yilda sheʼr yozish bilan boshlagan. Uning “Orzu va qalb” dostoni hamda “Mehrol” ertak-dostoni 1940 yilda bosilgan. Shu yili harbiy xizmatga chaqirilgan Shuhrat Ikkinchi jahon urushi janglarida ofitser sifatida xizmat qiladi.

U urushdan keyin respublika gazeta va jurnallarida adabiy xodim boʻlib ishlaydi. Shu yillarda uning “Hayot nafasi” (1947), “Qardoshlar” (1950) sheʼriy toʻplamlari nashr etiladi.

Qatagʻonning mudhish shamoli Shuhratni ham chetlab oʻtmadi. 50-yillar boshida sovetlarga qarshi targʻibotda ayblanib, umrining besh yili Sibiru Shimoliy Qozogʻistondagi qamoqxonalarda oʻtadi. “Jannat qidirganlar” romani nashr etilgandan keyin esa (1968), ayrim kimsalar uni millatchilikda ayblashga urinadilar. Yana tashvish ustiga tashvish keladi. Shularning hammasi uning sogʻligʻiga putur yetkazadi.

U umrining soʻnggi yillarida harbiy mavzuda “Farzand”, “Soʻlmas chechaklar”, “Oqibatli kishilar” kabi rang-barang janrlarda asarlar yaratdi.

Yosh avlodning axloq-odobini, mehnatsevarligini, jangovar jasoratini, ozodlik va tinchlik uchun kurashgan ota-bobolarga munosib vorislar boʻlib yetishganini iftixor bilan tasvirlovchi “Bizning koʻcha”, “Balogʻat” (1957–1958), “Quduq” (1973) asarlari yaratildi. Adibning “Sening sevging” (1931), “Ishqingda yonib” (1964) lirik kitoblari, “Kavkaz daftari”, “Qiz tabassumi”, “Buyuk muhabbat” kabi sheʼriy turkumlari, balladalarida Vatan va hayot, sevgi va muhabbat, qadr va qimmat, mehnat va mehnatsevarlik ulugʻlanadi.

Hayotiy voqealarni keng koʻlamda tasvirlash ehtiyoji ijodkorni roman janriga undaydi. U Ikkinchi jahon urushi frontlarida orttirgan katta hayotiy tajribasi asosida xalqimizning jangovar hayoti, qahramonligi, vatanparvarligi, qiyinchiliklarga bardoshi, kelajakka umidi haqida hikoya qiluvchi “Shinelli yillar” (1947–1957) romanini yaratadi. “Oltin zanglamas” (1967) romanida maʼrifat sohibi ‒ oʻqituvchi degan sharafli kasb ulugʻlansa, “Jannat qidirganlar” (1968) romanida vatangadolik fojiasi badiiy ifodasini topgan. Shoirning hayot haqidagi falsafiy mulohazalari ifodalangan sheʼr va toʻrtliklardan iborat “Lirika” (1973) toʻplami, “Besh kunlik kuyov”, “Qoʻsha qaringlar” komediyalari oʻzbek adabiyoti rivojiga ulkan hissa boʻlib qoʻshildi.

Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Shuhratning koʻpgina asarlari xorijiy tillarga tarjima qilingan.

Shuhrat vafotidan keyin “El-yurt hurmati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlandi.


“Oʻzbek adiblari” (S. Mirvaliyev, R. Shokirova. Toshkent, Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti 2016) kitobidan.