Muhammad Shayboniyxon (1451–1510)

Shayboniylar sulolasining asoschisi Muhammad Shayboniyxon hukmdor Abdulxayrxonning nabirasi Shoh Budoqxonning oʻgʻli boʻlib, u 1451 yil tugʻilgandir. Bolaligidan uni Muhammad Shoh Baxt (“Shoh baxti”) deb atar edilar. Muhammad Shoh Baxtning otasi Shoh Budoq Sulton erta vafot etgan. Koʻchmanchi oliy tabaqadagilarning oʻzaro nizolari qurboni boʻlgan Abdulxayrxon vafotidan soʻng (1469) uning hokimiyatiga birlashgan qabilalar tarqab ketdi. Dashti Qipchoqning sharqiy qismida gʻalayonli yillar boshlandi. Shayboniyxon hokimiyat uchun kurash olib bordi va bir madaniy markazdan ikkinchi bir madaniy markazga oʻtish chogʻida baʼzi qalʼalarga yurish qildi. Keyinchalik u Samarqandga, Temuriylar saroyiga taklif etildi.

Temuriylar saroyida Shayboniyxon “buyuk xon”ning nabirasi sifatida yaxshi kutib olindi. Temuriy hukmdorlar Shayboniyga umid bilan Dashti Qipchoqda oʻz siyosatlarini amalga oshiruvchi shaxs sifatida qarar edilar. Markaziy Osiyoning madaniy markazlarida maʼrifatli kishilar bilan yaqindan tanishuv Muhammad Shayboniyga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Ayniqsa, Buxoroda yashagan yillari uning hayotida oʻchmas iz qoldirdi, bu yerda Kurʼonni juda yaxshi oʻquvchi qorilardan biri Mavlono Muhammad Xitoyi unga dars bergan.

Shayboniyxon oʻz davrining maʼrifatli kishisi, jasur jangchi boʻlishi bilan birga mohir sarkarda ham edi. Oʻzining sheʼriy solnomasi – “Shayboniynoma”ni Shayboniyxonga bagʻishlagan Muhammad Solih, uni harbiy mahoratga ega kishi sifatida taʼriflaydi.

Shayboniyxon Dashti Qipchoqda oʻz davlatini tiklashga muvaffaq boʻldi.

Shayboniyxon 1510 yil Marv yaqinidagi Mahmud qishlogʻida Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻldi. Jang tugaganidan soʻng uning jasadi askarlar jasadlari orasidan topilgan. Shayboniyxonning vahshiylarcha tanib boʻlmas holga keltirilgan boshsiz tanasi Samarqanddagi Baland Sufa degan yerga dafn etildi. Hozirda boshqa shayboniylar ham dafn etilgan Sufa Registon maydonida joylashgan boʻlib, Tillakori va Sherdor madrasalari oʻrtasidagi burchakdadir.

Tarqoq qabilalarni toʻplash va shaharlardagi eʼtiborli shaxslardan oʻziga ittifoqdoshlar yigʻishdan oʻz faoliyatini boshlagan Muhammad Shayboniyxon qoʻlga kiritilgan qalʼalarni mustahkamlash va ularda oʻz hokimiyatini yanada kuchaytirishga katga eʼtibor berdi. U harbiy yurishlar va davlat ishlari orasidagi qisqa tanaffuslarda turli fanlar va islomni oʻrganish, tarixiy va sheʼriy asarlar bitish bilan shugʻullandi. Shayboniylar davlatiga asos solgan Muhammad Shayboniy oʻz saroyiga koʻplab tarixchilar, shoirlar, olimlarni jalb etdi. Uning saroyida Kamoliddin Binoiy, Muhammad Solih, Mullo Shodi, Fazlulloh ibn Ruzbehxon kabilar panoh topib, oʻz asarlarini bitdilar. Muhammad Shayboniyxonning Hirotni qoʻlga kiritilgandan soʻng Kamoliddin Behzod tomonidan chizilgan portreti bizning kunlargacha saqlanib qolgan. Rasmning diqqatga sazovor tomoni xon oldidagi yozuv qurollari boʻlib, ular hukmdorning ilm-maʼrifatga qiziqqani va yozishni yaxshi koʻrganligini koʻrsatadi.

Shayboniyxon tarixni sevgan va tarixiy asarlar yaratilishida ishtirok etgan. Soʻnggi yillarda olib borilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, Shayboniyxon oʻzbek (“turk”) tilida bitilgan oʻziga xos manba – “Tavorixi guzidayi nusratnoma” asarining yozilishida bevosita ishtirok etgan. Bu manbada keltirilgan aniq dalillar bilan tasdiqlanadi.

Hozirda “Tavorixi guzidayi nusratnoma” hamda Shayboniyxon faoliyatiga oid boʻlgan boshqa tarixiy asarlarning bir manba asosida vujudga kelganligi haqidagi faraz isbotlangan deb aytish mumkin (V. P. Yudin, R. G. Mukminova). Bu hol muallifi nomaʼlum “Tavorixi guzidayi nusratnoma”, Muhammad Solihning “Shayboniynoma”, Kamoliddin Binoiyning “Shayboniynoma”, Mulla Shodining “Fathnoma” asarlarida bayon etilgan voqealarning oʻxshashligi va ularda keltirilgan bir xil sheʼrlar, shu jumladan Muhammad Shayboniyga nisbat beriladigan sheʼrlarning mavjudligi bilan ham tasdiqlanadi. “Tavorixi guzidayi nusratnoma” muallifi nomaʼlum asardir. Asarning saqlanib qolgan hech bir qoʻlyozmasida (Sankt-Peterburg va Londondagi asosiy qoʻlyozmalardan tashqari, yana qisqartirilgan qoʻlyozma nusxalari ham mavjud) muallifning nomi koʻrsatilmagan. Sankt-Peterburg qoʻlyozmasi matnida muallifning nomi koʻrsatilishi lozim boʻlgan joy boʻsh qoldirilgan. Shu narsa aniqqi, “Tavorixi guzidayi nusratnoma”ni yozishda Shayboniyxonning oʻzi ishtirok etgan.

Davr talabiga binoan Shayboniyxon turkiy tilidan tashqari fors tilini yaxshi egallagan, sheʼriyatga qiziqib, oʻzi sheʼrlar yozgan. Xonning baytlari uning atrofidagi mualliflarning asarlarida keltirgan. Hasanxoja Nisoriy oʻzining “Muzakkir al-ahbob” asarida Shayboniyxonning bayt va gʻazallaridan namunalar keltiradi. Xon haqida yozar ekan u: “Yaxshi sheʼrlari bor edi”, deb taʼkidlab shunday deb qayd qiladi: “… Hazrati shayx Najmiddin Kubroning… vafoti tarixini yaxshi aytgan.

Tarix:

Oning taʼrixidur shahi shuhado,

Yana bir alif birla boʻlur ado”.

Muhammad Solih Muhammad Shayboniyxonning sheʼriy asarlarini yuqori baholab, uni yuksak maʼlumotli kishi deb taʼriflaydi. Temuriylar jamiyatiga yaqin shoir sifatida tan olinishini istagan Shayboniyxon oʻz sheʼrlari bitilgan qogʻozlarni odamlar gavjum boʻlgan yerlar, bozorlarda osib qoʻyishni buyurgan.

Shayboniyxon Kurʼonni yaxshi bilgan va diniy ulamolar bilan suhbat qurishni xush koʻrgan. Hukmdorning siyosiy raqibi boʻlgan Zahiriddin Muhammad Bobur ham uning musulmon dini borasida yaxshi bilimga ega ekanligini koʻrsatib oʻtadi. Muhammad Shayboniyga hamroh va maslakdosh boʻlgan shaxslar ichida shayxlar, sayyidlar va xojalardan chiqqan bilimdon kishilar eslatib oʻtiladi. Ularning baʼzilari xonga nisbatan “buyuk muhabbat va sadoqat”larini koʻrsatgan boʻlib (Xondamir) keyinchalik ham hukmdorning yaqinlaridan boʻlib qolganlar. Ularning ichida Muhammad Solih tomonidan “olim kishi” deb atalgan Abdurahim sadr alohida imtiyozli oʻrin egallagan edi.

Shayboniyxon islomdaga sunniy yoʻnalishga rioya qilar edi. Xon oʻzini “imom az-zamon va xalif al-rahmon” deb, sunnizmni esa, Eron shohi Ismoil Safaviy tomonidan davlat dini etib tayinlangan shiizmga qarama-qarshi, Shayboniylar davlatining dini deb eʼlon qildi.

Muhammad Shayboniy kun tartibiga turli masalalar qoʻyilgan munozaralar oʻtkazar edi. Ularda Movarounnahrning yirik olimlari ishtirok etib, fikrlarini bildirar edilar. Samarqand yaqinidagi Konigilda oʻtkazilgan shunday majlislarning birida urushlar va oʻzaro tortishuvlar natijasida qarovsiz yerlarga aylanib qolgan mulk yerlaridan foydalanish haqida qaror qabul etilgan edi.

Shayboniyxon hukmronligi davrida tarixiy va badiiy adabiyotda oʻzbek tilining mavqei kuchaydi.

Xonning buyrugʻi bilan fors tilidagi va moʻgʻul yozuvi bilan bitilgan asarlar turk tiliga tarjima qilingan.


“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.