Ekish uchun tavsiya etiladigan navlar: Avrora, Zamin F1, Feruz.
Urug‘ tanlash. Ekiladigan urug‘i toza, yuqori unuvchan, kasalliklardan holi, butun, vazndor bo‘lishi zarur. Urug‘lar boshqa o‘simliklar urug‘lari va aralashmalaridan tozalanadi.
Yer tayyorlash. Maydon o‘tmishdosh ekin qoldiqlari va begona o‘tlardan sifatli qilib tozalanadi. 1 sotix yerga 150–200 kg (10 sotixga 1,5–2 t) chirigan go‘ng solinadi. Yer 20–25 sm chuqurlikda yumshatiladi, yirik kesaklar maydalanib, yaxshilab tekislanadi va sug‘orish egatlari olinadi.
Ekish muddati. Baqlajon ko‘chatlarini janubiy viloyatlarda martning III o‘n kunligi, markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda aprelning II–III o‘n kunligida va shimoliy mintaqalarda aprelning III va mayning I o‘n kunligida ekish tavsiya etiladi.
Parvarishlash. O‘simliklarga birinchi ishlov berish ko‘chatlar to‘liq tutib olgach boshlanadi. Bunda egat ichi, pushta va qatordagi ko‘chatlar orasining tuprog‘i yumshatiladi. Birinchi parvarishlashdan 12–15 kun o‘tgach ikkinchi suv beriladi. Tuproq yetilgach yana bir bora chopiq qilinadi. Bunda yer begona o‘tlardan tozalanadi, yumshatiladi, tuproq ko‘chatning atrofiga bosiladi. Baqlajon o‘simligi yaxshi rivojlanib, mo‘l hosil berishi uchun uning ildizi joylashgan qatlam havo bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak. Buning uchun suv egat oralatib qo‘yilgani ma’qul.
O‘g‘itlash. 1 sotix maydonga tuk holda 7,6 kg sulfat ammoniy, 2,6 kg ammofos, 1,6 kg kaliy xlor o‘g‘itlari beriladi. 1 kg ammofos va 0,75 kg kaliy xlor haydovdan oldin 200 kg chirigan go‘ng bilan birga solinadi.
Sizot suvi chuqur joylashgan yerlarda o‘suv davri mobaynida sug‘orishda har gal 1 sotixga 5–6 m3 hisobidan 18–20, sizot suvi yuza o‘tloq va o‘tloq-botqoq tuproqli yerlarda 12–15 marta sug‘oriladi. Sizot suvi chuqur joylashgan yerlarda hosil yetilguncha har 8–12 kunda, hosil yoppasiga pishganda esa 5–7 kunda sug‘oriladi. Kuz boshlangandan keyin ekin kamroq sug‘oriladi.
Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Kolorado qo‘ng‘izi o‘simliklarga jiddiy zarar yetkazadi. Bu zararkunandaga qarshi kurashda 10 sotixga preparatlardan Detsis 2,5% k. e. (10 ml) yoki Karate 5% k. e. (10 ml) preparatlarini qo‘llash mumkin. O‘rgimchakkanaga qarshi Neoron 50% k. e. (150 ml), Omayt 57% em. k. (150 ml) yoki Nissoron 5% em. k. (30 ml), oqqanotga Talstar 10% em. k. (30–40 ml), Konfidor 20% em. k. (25–30 ml), Mospilan 20% n. kuk. (25 ml) preparatlarini 60 litr suvda yaxshilab aralashtirib purkash tavsiya qilinadi.
Yana o‘qing: Tovuq go‘shtli salat