Pomidor yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar

Ekish uchun tavsiya etiladigan navlar: ertapishar Do‘stlik, Saxiy, Shafaq, Sevara, o‘rta-ertapishar Toshkent tongi, o‘rtapishar TMK-22, O‘zbekiston-178, Surxon-142, Bahodir, Sharq yulduzi, Sitora, Istiqlol-10, Avitsenna, kechpishar Namuna-70, Doni 2000.


Ko‘chat tanlash. Pomidor ko‘chatlari 40-45 kunlik, poyasi va ildizlari durkun rivojlangan, barglari to‘q yashil tusda, sog‘lom bo‘lishi lozim.

Yer tayyorlash. Pomidor ekish rejalashtirilgan yerlarni tayyorlash ishlari kuz oylaridan boshlanib, hosildan bo‘shagan maydondagi yirik o‘simliklar qoldiqlaridan tazalanib, mahalliy o‘g‘it sochib chiqiladi. Berilishi lozim bo‘lgan madaniy o‘g‘itlar miqdorini bir qismi qo‘lda sochib chiqilib, keyin maydon 28-30 sm chuqurlikda yumshatiladi. Ekishga tayyorlashni keyingi tadbirlari ekishdan oldin bajarilib, maydonlar 14-16 sm chuqurlikda yumshatiladi. Yirik kesaklar xaskash yordamida maydalanib bir yo‘la yer tekislab olinadi va 70 yoki 90 sm sm qator oralig‘ida ekish egatlari tortib chiqiladi.

Ekish muddati va sxemasi. Janubiy viloyatlarda ertagi navlar martning III o‘n kunligida, o‘rta va kechpishar navlar aprelning I-II o‘n kunligida; markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda ertapishar navlar aprelning I o‘n kunligida, o‘rta va kechpisharlari aprelning II-III o‘n kunligida hamda mayning I-II o‘n kunligida, urug‘ bilan ochiq maydonga aprelning I o‘n kunligida; shimoliy mintaqalarda ertapishar navlar aprelning II o‘n kunligida, o‘rta va kechpisharlari aprelning III o‘n kunligida, mayning I o‘n kunligida va urug‘ bilan ochiq maydonga aprelning II o‘n kunligida ekiladi.

Pomidorning ertapishar va o‘rtapishar navlari u qadar nishab bo‘lmagan dalalarda 70×25 sm, tekis maydonlarda 90×25 sm, uzun palakli navlar 90×40 sm sxemada ekiladi. Ekilgandan keyin ko‘chatlarni albatta sug‘orish zarur. 1 sotix maydonga ekish sxemasiga qarab 280-570 ta ko‘chat sarflanadi.

Parvarishlash. O‘simliklarga birinchi ishlov berish ko‘chatlar tutib olgach, ya’ni ekilgach 10-12 kundan keyin boshlanadi. Bunda egat ichi, pushta va qatordagi ko‘chatlar orasining tuprog‘i yumshatiladi. Birinchi parvarishlashdan 12-15 kun o‘tgach, ikkinchi suv beriladi. Tuproq yetilgandan so‘ng yana bir bor chopiq qilinadi. Bunda yer begona o‘tlardan tozalanadi, yumshatiladi, tuproq pomidor ko‘chatining atrofiga bosiladi. Pomidor o‘simligi yaxshi rivojlanib, mo‘l hosil berishi uchun uning ildizi joylashgan qatlam havo bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak. Buning uchun suv egat oralatib qo‘yilgani ma’qul.

Yana o‘qing:  Silni yuqtirmaslik chora-tadbirlari
O‘g‘itlash. Pomidor yetishtirishda tuk holda 1 sotix maydonga 7,6 kg sulfat ammoniy, 2,6 kg ammofos, 1,6 kg kaliy xlor o‘g‘itlari beriladi. Pomidor suvga talabchan o‘simlik bo‘lib, sizot suvi chuqur joylashgan yerlarda o‘suv davri mobaynida sug‘orishda har gal 1 sotixga 5-6 m3 hisobidan 18-20, sizot suvi yuza o‘tloq va o‘tloqi-botqoq tuproqli yerlarda 12-15 marta sug‘oriladi. Sizot suvi chuqur joylashgan yerlarda hosil yetilguncha har 8-12 kunda, hosil yoppasiga pishganda esa 5-7 kunda sug‘oriladi. Kuz boshlangandan keyin ekin kamroq sug‘oriladi. Pomidor qiyg‘os pishganda yorilib ketmasligi uchun navbatdagi hosil terib olingandan keyin suv beriladi.

Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Agrotexnik tadbirlar almashlab ekishni qo‘llash, o‘simlik qoldiqlarini yo‘qotish, begona o‘tlar va zararkunandalarga qarshi kurashish; virus kasalligiga chidamli pomidor navlarini ekishdan iborat. Urug‘ni ekishga tayyorlashda majburiy tadbirlardan biri ularni virusli va bakterial kasalliklardan xoli qilishdirUrug‘ ekishdan oldin virus kasalliklariga qarshi 48 soat dovomida 50-52 oS va 24 soat 80 oS qizdiriladi, keyin 3 minut 5 foizli sho‘r suvda saralanadi.

Infeksiya va kasallik qo‘zg‘atuvchilarni yo‘qotish uchun ekishdan 5-15 kun oldin urug‘larni fungidsidlar (34% Vitavaksning 2 foizli, 60,7% Previkurning 1,5 foizli eritmasi) bilan dorilab ekish tavsiya etiladi. Issiqxonalarda oqqanotni tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, almashlab ekishni qo‘llash, yerni chuqur haydash va boshqa texnologik choralarni o‘z vaqtida qo‘llash zarur.

Issiqxonalarda oqqano tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, almashlab ekishni qo‘llash, yerni chuqur haydash va boshqa texnologik choralarni o‘z vaqtida qo‘llash zarur.

Biologik usulda kuzgi tunlam va g‘o‘za tunlami tuxumiga qarshi trixogramma (har bir avlodga 1 g. dan 3 marta); qurtlariga qarshi (brakon 100 dona), so‘ruvchi zararkunandalarga qarshi oltinko‘z, oqqanotga qarshi enkarziya, makrolofis entomofaglari qo‘llaniladi. Zang kanaga qarshi oltinko‘z entomofagi yaxshi samara beradi.

Pomidorda asosiy zararkunandalaridan shira, oqqanot, trips, zang kanaga qarshi 10 sotixga Talstar 10% em. k. (30-40 ml), Konfidor 20% em. k. (25-30 ml), Mospilan 20% n. kuk. (25-30 g) va g‘o‘za tunlamga Avaunt 15% em. k. (40 ml), Tayshin s. d. g. (10-12 g) preparatlari qo‘llaniladi.

Yana o‘qing:  Tvarogli quymoqlar
Kasalliklardan mevalarning uchidan chirishi, bakterial qora dog‘, fitoftoroza, un shudring, fuzarioz va vertitsillioz so‘lish, mozaika, stolbur uchraydi. Un shudringga qarshi Bayleton 25% n. kuk. (100-200 g), fitoftoroz, alternariozga Previkur 72,2% s. e. k. (150 ml) yoki Kurzat R n. kuk. (200-250 g), Rirdomil gold 68% s. d. g. (200-250 g) yoki 1 foizli Bordo suyuqligini qo‘llash mumkin. 60-70 litr suvda tayyorlangan aralashma ishlatiladi. Bu kimyoviy preparatlarni sabzavotkor mutaxassislar bilan maslahatlashib qo‘llash zarur.

Hosilni yig‘ishtirish. Pomidor mevalari poyasida to‘liq pishgan, lekin hali qattiq bo‘lganda yetilgan hisoblanadi. Och yoki to‘q qizil rangga kirgan mevalarni avaylab, poyaga shikast yetkazmasdan sindirib olish mumkin. Terilgan pomidorlarni salqin joyga qo‘yish lozim. Ba’zida ko‘k pomidorlarni birinchi qattiq sovuq tushishidan oldin terib olish va salqin nam joyda saqlashga qo‘yiladi. Pishgan pomidor vaqtida terib olinmasa poyasidan oqib tushadi.


R. Hakimov, B. Azimov


O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi saytidan