Limon navlari
Nav sinash va ishlab chiqarish tajribalarining koʼrsatishicha, issiqxona va transhiyalarda oʼstirish uchun limonning “Meyer”, “Pervenes Oʼzbekistana”, “Lisbon” va “Villa Franka” navlari juda mos keladi.
Limon Meyer navi. Sinonomlari: Xitoy limoni, Xitoy pakana limoni.
Bu nav hosildor tezpishar navlardan biri. Xitoydan kelib chiqqan. Limon keng tarqalgan subtropik oʼsimliklardan biri hisoblanadi, uy sharoitlarida ham yaxshi oʼsadi. Boʼyi past, shox-shabbasi kompakt, 10 yoshda oʼsimligini boʼyi 1.8-2.0 metrgacha yetadi. Shox-shabbasining tarqalish kengligi 2 metrgacha, poyasining diametri oʼrta kenglikda 8-9 sm.ni tashkil qiladi, yaxshi barglangan va kam tikonlangan. 1 yillik novdalari toʼq yashil rangda oʼrtacha uzun, ingichkaroq, oxirida burchaklashgan va yaxshi barglangan. Barglari toʼq yashil, semiz va baquvvat, oʼrtacha kattalashgan, oval, uchiga borib ingichkalashadi, tekis, ozgina egilgan. Oddiy limonlardan koʼra Meyer limonini barglarining chetlari tishsimonroq.
Ushbu navning asosiy belgisi bu apelsin barglariga oʼxshab kichkina qanotla ri bor.
Gullari oʼrta kattalikda, oq, juda xushboʼy, toʼp boʼlib joylashgan.
Mevalarining oʼrtacha vazni 70-75 gr, yiriklarining vazni 200 gr.gacha boʼladi. Yumaloq oval shaklida, uchiga borib ingichkalashadi. Аyrim hollarda noksimon, juda uzun boʼyinchasi bilan, mevasini shakli oʼzgarib turadi. Mevani usti silliq, yaltiroq, pishish fazasini boshida sargʼish rangda toʼla pishish fazasida qizgʼish sariq rangda boʼladi. Poʼsti juda yupqa va magʼzidan juda oson ajraladi.
Magʼzi qizgʼish sariq rangda, juda muloyim, sersuv mazali, nordon.
Limon oʼsish sharoitlariga uncha talabchan emas, suvga talabchanligi oʼrta, yengil ozuqaga boy boʼlgan tuproqlarda yaxshi oʼsadi, juda serhosil meva hosili beradi, koʼp meva tukkanligi uchun shoxlari egilib qoladi, mevalari maydalashadi.va sifati pasayadi. Shuning uchun solkashlik kuzatiladi. Shu xususiyatlarini inobatga olib, ushbu navga yuqori agrotexnik tadbirlarni qoʼllash talab etiladi. Har yili yengil butash, gullarini ham yagona qilish kerak. Meyer navi yaxshi sharoitda yil davomida gullab meva tugadi.
Oʼzbekistond limon transheya sharoitida oʼstiriladi. Gullash fazasi aprelning oxiri mayning boshida kuzatiladi.
Nav oʼzidan changlanadi. Daraxtlar hosilga erta kiradi. 2 yildan boshlab hosildorlik oshib boraveradi. Transheyada yetishtirilganda 4-5 yillik daraxtda oʼrtacha 50-70 dona limon hosil boʼladi, 9-10 yillik daraxtlarda esa hosil boʼlgan mevalarning soni 120-150 donani tashkil qiladi. Meva pishishi oktyabrning oxirlari – noyabrning boshlariga toʼgʼri keladi.
Mevalarning pishishi daraxtda bir xil boʼlmaydi, shuning uchun hosilni yigʼishtirish 2-3 marta oʼtkaziladi. Mevalarning saqlanuvchanligi va tashuvchanligi qoniqarli. Taʼmi yaxshi maʼzali, nordon va xushboʼy. Tarkibida oʼrtacha shakar miqdori 3.2-3.5 % ni, kislota 2.5-4.0% ni, vitamin S 30-35 mg/% ni tashkil qiladi. Transheya sharoitida limonni Meyer navida Oʼzbekistonning barcha viloyatlarida yetishtirish mumkin.