Urf-odat va an’analar

Urf-odat va an’analar
NIKOH TO’YINI O’TKAZISH BILAN BOG’LIQ MAROSIMLAR


Non sindirish marosimi

Quda tomonga (kelinnikiga) 3-5 kishi (kuyovning yaqin kishilari)dan iborat tarkibda patir non, xolva va boshqa shirinliklar bilan boriladi.  Ushbu marosimda ikkala taraf vakillari ishtirokida ustma-ust turgan butun nonlar teng o’rtasidan ikkiga bo’lib ushatiladi va har ikkala tarafga birdek (xolva va shirinliklar) taqsimlanadi.

Kuyov va kelin tomon “Muborak bo’lsin”, “Hayotlari shu shirinliklardek shirin bo’lsin” deya sindirilgan non va shirinliklardan ta’tib ko’rishadi hamda ikki yosh nikoh qilingani to’g’risida yaqinlariga bildirish uchun shirinliklardan non va xolva bo’laklaridan tarqatishadi.


Kichik va katta fotiha yuborish

Quda tomonga (kelinnikiga) 3-5 kishi (kuyovning yaqin kishilari)dan iborat tarkibda yo’qlov yuboriladi. Ushbu marosimda ikkala taraf vakillari ishtirokida to’y kuni, uni o’tkazish tartibi va boshqa jihatlari aniqlanadi.

Mavjud vazifa va muammolar o’zaro kelishib olinadi. Ushbu tadbirda har ikkala tomondan umumiy hisobda 10 – 15 kishi qatnashadi.

Marosimni o’tkazishdan maqsad, keksalar fotihasini olish, mavjud vazifalar hamda amalga oshirilishi lozim bo’lgan ishlarni kelishib olish, to’y kunini hamda uni o’tkazish tartibini belgilashdan iborat.

To’y fotihasi ikki quda tomonidan, mahalla fuqarolar yig’ini qoshida tashkil etiladigan marosim kengashi bilan kelishilgan holda o’tkazish maqsadga muvofiqdir.

Bunda patir ushatish, oqlik berish, to’y kunini belgilash ishlari ortiqcha harajatlarsiz o’tkaziladi. Natijalar esa har ikki quda tomonidan o’zlarining yaqin qarindosh va qo’ni -qo’shnilarga ma’lum qilinadi. Bunda barcha mavjud muammolar ortiqcha takallufsiz hal etiladi.

Quda taraflarning bir-biriga hurmati saqlanib, ular o’rtasida ma’naviy yaqinlik rishtalari mustahkamlanadi.


“To’y berish” yoki kelin tomonga “To’y yuborish”

Kelin tomonga kuyov tarafdan 4-5 ta vakil to’y olib keladi. Turli masalalar qudalar ishtirokida kelishib olinadi. Qadriyatlar asosida kuyov taraf vakillariga kelin tarafdan sarpolar kiydiriladi. Marosimni o’tkazishda kelin va kuyovlarga qilinadigan sarpolar me’yordan oshmasligi, yoshlarga beriladigan oilaviy anjomlar faqat yangi oilaning mustaqil shakillanib bo’lguniga qadar yetarli darajada bo’lishi zarur.

Bu marosimning o’tkazilishi natijasida nafaqat ikki quda to’y xarajatlarini kelishib olishadi, balki ular o’rtasida bo’lajak oila oldida ma’naviy mas’uliyat burchi paydo bo’ladi.



Qiz bazmi

Mazkur marosimning o’tkazilishi aslida ixtiyoriydir. Bu marosim nikoh to’yidan avval kelinning uyida o’tkaziladi.

Qiz bazmiga kelinning dugonalari, qarindoshlar, qo’shnilar taklif qilinadi (keyingi paytlarda san’atkorlar ishtirokida kichik bazm sifatida o’tkazilishi urf bo’lgan).

Bu marosimning o’tkazilishi natijasida ota-onaga bo’lgan hurmat, izzat kabi ma’naviy qadriyatlar yoshlar ongiga yanada singdiriladi.

Yoshlarda xalqimiz qadriyatlariga, o’z oilasiga va keksa avlod vakillariga hurmat tuyg’usi paydo bo’ladi. Ijtimoiy munosabatlar yanada mustahkamlanadi.

Bu bazmni ortiqcha dabdababozliklarsiz o’tkazish maqsadga muvofiq deb belgilangan.


Kuyov navkar

Nikoh bazmidan avval kuyov va uning do’stlari kelinnikiga karnay va surnay sadolari ostida borishadi. Kelinning xonadonida ular uchun dasturxon bezatiladi.

Kuyov va uning do’stlari mehmon qilinadi, osh beriladi va kuyovga zar chopon kiydiriladi. Kelin va kuyovning nikohlari domla-imom tomonidan (qonuniy nikohlari FXDYo tomonidan rasman qayd qilingandan keyin, nikoh guvohnomalariga asosan) qayd etiladi.

Kuyov navkarlari dasturxondan turgandan keyin kelin uyidan yaxshi niyat bilan chinni idishlardan olib ketadilar.


Poyondoz

Nikoh bazmidan keyin kuyovning do’stlari kelinning yaiqn qarindoshlari bo’lgan yigitlar bilan kuyovning nikoh marosimidan chiqishini ostonada kutib turadilar. Yoshi ulug’ keksalar poyondoz uchun tayyorlab qo’yilgan atlas matoni kuyov oyoqlari poyiga tushaydilar. Kuyov o’ng oyog’ini bosgandan keyin uni olib kuyov va kelin tomondan poyondoz tortishga shaylanib turgan yigitlarga oshirishadi. SHundan poyondozdan bir bo’lak bo’lsada yirtib olish uchun keyin ikki tomonlama “kurash” boshlanadi. Bu sho’x va quvnoq o’yin davomida yigitlar poyondoz marosimi paytida “qo’lga kiritgan” qiyqimlarini yaxshi niyatlar bilan olib ketadilar. Bu mato bo’laklardan ayollar rumolcha, tumor tikadilar yoki kelin-kuyovlarga atab tikiladigan ko’rpa-yostiqlarga qiroq sifatida ishlatiladi.

Marosimning o’tkazilishi natijasida uylanish, avlodlar davomiyligini ta’minlash singari ma’naviy qadriyatlar yoshlar ongiga yanada singdiriladi.


Nikoh to’yi

Nikoh bazmi do’stlar, qarindosh-urug’lar, tanish-bilishlar, qo’shnilar ishtirokida o’tkaziladi. To’y dasturxoni turli noz-ne’matlar bilan bezatiladi. Bazm milliylik an’analar asosida olib boriladi.

“Nikoh to’yi” xalqimizning tarixiy rivojlanishi jarayonida sayqallanib, bizgacha yetib kelgan milliy ma’naviy qadriyatlarimizdan biridir.

Nikoh to’yi mahallalarda tashkil qilinadigan marosim kengashlari bilan kelishilgan holda ixchamlashtirilgan tarzda,  to’y tadbirlarining yuqori madaniy-badiiy saviyada uyushtirilishini ta’minlash zarurdir.

Ushbu tadbirda avloddan-avlodga o’tib kelayotgan xalq urf-odatlari, folьklor janrlari (o’lan, lapar, yor-yorlar, marosim qo’shiqlari), raqslar, o’yin-musobaqalar va boshqa milliy an’ana va qadriyatlardan foydalanish-yoshlarning ma’naviy kamol topib ulg’ayishida katta ahamiyatga ega.


“Ololmaysan” marosimi

To’y bazmi tugagandan so’ng kelinni yangalari va uzatib borgan qarindosh ayollar chimildiqqa kirgizishga hozirlangan milliy libosda kiyintiradilar va xonaning chimildiq ro’parasidagi burchagida stulga o’tkazib, palak bilan to’sib turishadi.

Shundan keyin kuyovni chopon bilan boshini berkitgan holda chimildiqqa olib kirishadi.

Kuyov tomon bir tarafda, kelin tomon bir tarafda “Ololmaysiz, xo-xo, ololmaysiz”, “Ololamiza, ololamiz” deya jo’r bo’lishib, qo’shiq aytib, raqsga tushishadi. Kuyov tomondagi yangalardan epchillari kelin o’tirgan joyga kelib, chaqqonlik bilan uni boshini qashib olishlari lozim bo’ladi. SHunday keyin chimildiqning pastki qismi palak bilan juflashtirilib, kuyov kelin tomon yuzlanadi. “Yor-yor” va ulanlar sadosi ostida kelinni chimildiqqa kirgizish boshlanadi. Kelin va kuyov bir-biriga yetgan joyda “Oyoq bosdi” marosimi o’tkaziladi.

Bunday paytda odatda kuyovlar kelinning oyog’ini astagina bosib qo’ishadi va dast ko’targancha chimildiqqa olib kirib ketishadi.


“Chimildiqda ko’zguga boqish” marosimlari

Kelin chimildiqqa kirgandan keyin yangi sotib olingan, lekin xali hech kim boqmagan, o’rab qo’yilgan ko’zguni yoshi keksa momolardan biri ochib, kelin-kuyovga tutadi. “Hayotlaring oynadek tiniq bo’lsin, ko’z ochib ko’rganing bilan qo’sha qaringlar”,  deya, kelin-kuyovlar atrofidan yoqilgan sham aylantiriladi. So’ngra isiriq tutatilib, ularga novvot choy ichiriladi.

Chimildiq atrofida o’tirgan barcha ayollar kelin-kuyov ichgan novvot choydan yaxshi niyatlar bilan ichadilar.


“Kelinga atalganlarni berish” marosimi

Bu marosim davomida keksa momolar kuyovning onasini chaqiradilar va kelin chimildiqqa kirgach, o’tirmayotganini, qaynonasining unga atalganlarni “berishini” aytadilar. SHunda kuyovning onasi uy-joyini, agar xovli, bog’-rog’i bo’lsa, shularni, qo’y-qo’zisi va chorvasi bo’lsa, ularni ham berishini aytadi. Momolar esa kelin baribir o’tirmayotganini aytishadi. SHunda qaynona o’g’lini shuncha yillar davomida oq-yuvib, oq tarab katta qilganini, endilikda uni kelinga ishonib topshirishini aytadi. Barcha yig’ilganlar qaynonaning rizoligi bilan kelin-kuyov bir umr baxtli bo’lsin, deya duo qiladilar va onaning xizmatlarini qilib, duosini olish kelinning burchi ekanligini uqtiradilar.

“Kelin salom” marosimi

To’yning ertasiga o’tkaziladigan “Kelin salom” marosimida yangi tushgan kelin kuyovning yaqin qarindosh-urug’lari, qo’ni-qo’shnilari bilan tanishtiriladi.

“Kelin salom” marosimida avloddan-avlodga o’tib kelayotgan xalq urf-odatlari, folьklor janrlar va boshqa milliy an’ana, qadriyatlardan foydalanish – yoshlarning ma’naviy kamol topib ulg’ayishida katta ahamiyatga ega.

Bu marosimdan kelin milliy qadriyatlar asosida o’zining yangi mahallasiga, qo’ni- qo’shnilariga, kuyovning qarindoshlariga milliy odob-ahloq an’analari asosida tanishtiriladi.


“Charlar”, “Chorladi” yoki oilaviy tanishuv

Nikoh to’yidan keyingi uch kun yoki bir haftadan keyin kuyov tomonidan vakillar kelinni olib ota-onasining xonadoniga tashrif buyurishadi. Kelin ota uyiga qadimiy paranji yopingan xolda tashrif buyuradi. Bu kichik ziyofat “Kelin salom” udumi bilan yanada boyitiladi.

Bu marosim to’ydan keyingi o’zaro kelishuvdan iborat. “CHarlar” marosimini o’tkazish ixtiyoriy.


Quda chaqiriq

Quda chaqiriq marosimi kuyov tomonidan o’tkaziladi va unda kelin tomondan 15-20 kishi ishtirok etadi. Ushbu an’anadan kutilgan maqsad yangi qudalarni mahallaga, qo’ni-qo’shnilarga, qarindosh-urug’larga tanishtirishdir.

Ushbu marosim nikoh to’yidan so’ng faqat oilaviy tartibda o’tkazilishi belgilangan.