Navlar nomi qanday yoziladi?

Savol:


Qishloq xoʻjaligi ekinlari, meva va sabzavotlarning navlari qanday yoziladi?


Javob:


Bu savolga manbalarda aniq javob yoʻq. Lekin qoida yaratib olishimiz mumkin.


Imlo qoidalarining “Koʻchirish qoidalari” boʻlimida keltirilgan misolda gʻoʻza navlari bosh harf va qoʻshtirnoqda berilgan: “Andijon–9”, “Termiz–16”. Bu navlarning nomi jonli tilda ishlatilmaydi hisob, asosan ilmiy adabiyot va xos mavzudagi maqolalarda qoʻllanadi. Husayni, qora kishmish, jonoqi kabi navlarni ham qoʻshtirnoqda va katta harf bilan yozish kerakmi? Ular odatda kichik harfda yoziladi-ku!


Masalaga mantiqan va qiyos yoʻli bilan yechim topamiz.


Amaldagi oʻzbek tili imlo va punktuatsiya qoidalari rus tili qoidalari asosida yaratilgan. Koʻp oʻrinda qoida deyarli bir xil. Shu sababli ayni shu mavzudagi rus tili orfografiyasi qoidalarini oʻrganib chiqdik. Ruslarda ham bu borada chalkashlik va xilmaxilliklar bor ekan.


Jumladan, ruslar oʻsimlik, meva va sabzavotlar navining nomini asosan qoʻshtirnoq va kichik harfda beradi. Lekin maxsus adabiyotlarda navning nomini bosh harf va qoʻshtirnoqsiz yozish urfga kirgan. Uzum navlari qoʻshtirnoqda, biroq choy navlari qoʻshtirnoqsiz yoziladi.


Xoʻsh, oʻzbek tilida navlar nomini qanday bergan yaxshi?


Punktuatsiya qoidasiga koʻra, mahsulotning shartli nomi qoʻshtirnoqqa olinadi: “Qoraqum” konfeti, “Paxta” torti, “Samarqand” sovitkichi, “Neksiya” avtomashinasi. Navlar esa mahsulot emas, mahsulotning turi. Shu sababli uni qoʻshtirnoqqa olish shart emas. Agar belgilarni ishlatmaslik imkoni boʻlsa, foydalanmaslik maʼqul koʻriladi.


Maxsus adabiyot va maqolalarda nav nomini bosh harfda bergan yaxshi. Bunda odatda nomdan soʻng nav soʻzi ishlatiladi. Qolgan holatda kichik harfda yozish kerak. Masalan:


Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining unumdor tuproqlarida S-6524, S-6541, Sulton, Buxoro–102, Buxoro–6, Namangan–77 va An-Bayovut–2 gʻoʻza navlari yetishtirildi.


Porloq va Ravnaq gʻoʻza navlari oʻzida noyob xususiyatni jamlagan.


Bogʻimizda kishmish, husayni va charos uzumlar bor.


Jonoqi, rozmarin, besh yulduz, jersi mak, gala, golden delishes, simirenko olma navlarini yetishtirish boʻyicha maʼlumotlar berildi.


Qiyoslang:


Subhoniy, qandak, isfarak, koʻrsodiq, ruhi juvanon, xurmoi oʻriklari xalqimiz dasturxoniga tuhfa etildi.


Aholi tomorqa xoʻjaliklarida Subhoniy, Qandak, Isfarak, Koʻrsodiq, Ruhi Juvanon, Xurmoi kabi oʻrik navlari yetishtirish boʻyicha yoʻriqnoma.


Xilmaxillik va chalkashliklar boʻlmasligi uchun yagona tartib oʻrnatish kerak, deyilsa, navning nomini kichik harf va qoʻshtirnoqsiz yozish varianti taklif qilinadi.


Punktuatsiya va imlo qoidalari yangilanganda bu holatga ham aniq-tiniq yechim koʻrsatib oʻtilishi kerak.


Maqola oriftolib.uz saytidan olindi. Original maqola → Navlar nomi qanday yoziladi?
Muqova surat: olgushka1971.ru