Muzdan olov chiqarib bo‘ladimi?

Jyul Vernning “Kapitan Gatterasning sayohatlari” nomli asarida qahramonlarning -48 °C qahraton sovuqda oʻtsiz, olovsiz nochor ahvolga tushib qolgani tasvirlangan syujet bor. Quyida ushbu syujet qahramonlari tilidan dialog va parcha keltiramiz:


ʼʼ— Ish chatoq-ku, doktor, — deydi Gatters doktorga.


— Ha, afsuski, shunday… — javob berdi doktor.


— Bizda durbin yoʻqmi? Linzasini olib, olov chiqarar edik.


— Afsuski, durbin yoʻq-da… Trutni yondirish uchun quyosh nurlari bemalol yetardi.


— Endi nima qilamiz, xom ayiq goʻshti yeyishga toʻgʻri keladi, shekilli, — dedi Gatters.


— Ha, noiloj shunaqa qilishga majburmiz, ammo nima uchun biz… — dedi xayolchanlik bilan doktor.


— Nimani oʻylab qoldingiz? — qiziqib soʻradi Gatters.


— Miyamga bir fikr keldi…


— Fikr?! – xursand ovozda soʻradi Boltsman, — Sizga fikr kelgan boʻlsa, demak, biz omonmiz! — uning ohangida tantanavorlik bor edi.


— Qaydam, boʻlarmikan?.. — dedi ikkilanib doktor.


— Qani, nimani oʻyladingiz? — dedi Gatters.


— Bizda linza yoʻq-da, ammo uni tayyorlaymiz.


— Qanday qilib? — soʻradi Boltsman.


— Muz parchasini silliqlab.


— Bundan bir ish chiqadi deb oʻylaysizmi?


— Boʻlmasam-chi, quyosh nurlari bir nuqtaga toʻplansa bas, buning uchun muz-linza yaxshi, xrustal oʻrniga oʻta oladi. Biroq buning uchun chuchuk suvning muzi boʻlsa yaxshi boʻlar edi. U ham mustahkam, ham tiniq boʻladi.


— Agar yanglishmasam, — dedi Boltsman yuz qadamcha naridagi muzlarni koʻrsatib, — hov anavi muzlar rangiga qaraganda siz aytgan muzga oʻxshaydi.


— Siz haqsiz! Boltangizni oling-chi, yuringlar, doʻstlar.


Uchalasi ham koʻrsatilgan muz tepalikka qarab joʻnashdi. Muz haqiqatan ham chuchuk suvniki boʻlib chiqdi. Doktor muzdan diametri 1 futli parcha chopib olishni buyurdi va uni bolta bilan tekislay boshladi. Soʻngra uni pichoq bilan qirdi va nihoyat qoʻli bilan silliqlab linza holatiga keltirdi. Goʻyo eng yaxshi xrustaldan ishlangandek tiniq, shaffof linza tayyor boʻladi. Quyosh juda ravshan yoritar edi, doktor quyosh nurlarini muz linza bilan trutga toʻgʻriladi. Bir necha sekunddan keyin trut yondiʼʼ.


Jyul Vern asaridagi hikoya xayoliy emas. Muz linza yordamida yogʻochni yondirish tarixda ilk marotaba 1763-yilda katta muz linza orqali muvaffaqiyatli amalga oshirilgandi. Oʻsha vaqtdan buyon yanada takomillashgan usullar orqali muvaffaqiyat bilan qayta-qayta takrorlandi. Albatta, bolta, pichoq kabi asboblar bilan qoʻlda (48 gradus sovuqda!) linza yasash bir muncha qiyin masala, ammo uni soddaroq usulda tayyorlasa boʻladi. Buning uchun linza shaklidagi idishga tiniq suv olib, uni muzlatish va qolipidan yaxlit, shaffof holatda koʻchirib olish kerak. Tajribani faqat ochiq quyoshli qahraton kunda, ochiq osmon ostida (deraza orqasida emas, chunki deraza oynasi quyosh nurlarining energiyasi koʻp qismini yutib qoladi va bu energiya qizitish uchun yetarli boʻlmay qoladi) takrorlashingiz mumkin. 


Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Muzdan olov chiqarish? qanday qilib?
Muqova surat: freepik.com