Tyuring mashinalari

1912-1954-yillar orasida yashab oʻtgan Alan Tyuring oʻta isteʼdodli matematik va kriptograf boʻlishiga qaramay, psixofiziologik tadqiqotlar uchun tajriba kalamushi vazifasini oʻtashga majbur boʻlgan. Chunki oʻsha paytlarda Yevropada, xususan, Buyuk Britaniyada ham hali axloqiy-maʼnaviy tushunchalar ancha sogʻlom edi. Bir jinsli nikohlarga qonunan ruxsat berilgan bugungi Britaniyada bir paytlar buzuqi jinsiy tabiati uchun Alan Tyuringdek olimni ham ayab oʻtirishmaganiga ishonging kelmaydi. U Britaniya oldida koʻrsatgan xizmatlari uchun Imperiya ordeniga sazovor boʻlgan edi va oʻz davrining eng yetuk matematigi sanalardi. U ikkinchi jahon urushi yillarida nemis-fashistlarining shifrlangan kodli xat-xabar almashinish tizimini barbod qilgani, yaʼni nemislarning xabarlarni shifrlab, maxfiylashtirish mashinasi – Enigmaning shifrini yechganligi bilan tarixga kirgan. Tyuring nemislarning kodlangan shifrlangan xabarlarini shifrdan yechib berar ekan, ittifoqchi qoʻshinlar gitlerchilarning har bir keyingi qadamlari haqida oldindan boxabar boʻlib borishgan va natijada urushning borishidagi tashabbusni oʻz tomonlariga ogʻdirib olishgan. Yaʼni Tyuringning matematik isteʼdodi gʻalabada ham muhim ahamiyat kasb etgan. Biroq kunlarning birida Tyuringning uyini oʻgʻri urib ketadi va u tekshiruv oʻtkazish uchun politsiya chaqiradi. Uyni koʻzdan kechirgan politsiya mirshabi Alan Tyuring hezalak ekanini payqab qoladi va bu haqida tegishli joyga axborot beradi. Jinsiy buzuqilikka qarshi murosasizlik hali amalda boʻlgan Angliyada har qanday jinsiy buzuqi odamlar jamiyatdan ajratilib, qamoqqa tiqib qoʻyilardi. Alan Tyuring oldida ikkita yoʻl bor edi: birinchisi – qamoqqa ketish, ikkinchisi – hezalaklarni biokimyoviy davolash uchun ishlab chiqilgan maxsus dorilarning klinik sinovlarida ixtiyoriy ishtirok etish. Tyuring qamalmaslik uchun ikkinchi yoʻlni tanlashga majbur boʻlgan. U bir yil davomida estrogen gormonini va yondosh preparatlarni majburiy qabul qilib, oʻz tanasidan tajriba obyekti sifatida foydalanishlariga rozi boʻldi. Biroq olim bu tajribalardan qattiq jismoniy azoblandi va gormonal zoʻriqishlarga chiday olmadi. Oradan koʻp oʻtmay uni uyidan oʻlik holda topishdi. Tyuring oʻlgan paytda endigina 42 yoshda boʻlgan va ekspertiza xulosalariga koʻra, sianid zahari orqali oʻz joniga qasd qilgan.


Fan tarixchilari Alan Tyuringni informatika faniga asos solgan olimlardan biri deb eʼtirof etishadi. U 1936-yilda eʼlon qilingan oʻzining ʼʼYechim mavjudligini aniqlash masalalariga tadbiq qilinadigan hisoblab chiqariladigan sonlar haqidaʼʼ deb nomlangan mashhur ilmiy maqolasida yechish yoʻlini algoritm tarzida ifodalasa boʻladigan istalgan matematik masalani ʼʼTyuring mashinalariʼʼ orqali yechish mumkinligini isbotlab bergan edi. Elektron hisoblash mashinalarining mantiqiy imkoniyatlari chegarasini tushunishda ʼʼTyuring mashinalariʼʼ olimlarga yaqindan yordam beradi. Alan Tyuring, shuningdek, ʼʼTyuring testiʼʼ nomli sinov-tajriba amaliyoti muallifi hamdir. Ushbu test ʼʼsunʼiy intellektʼʼ masalalariga taalluqli boʻlib, u ʼʼMashina fikrlay oladimi?ʼʼ – qabilidagi savollarga javob izlashni koʻzda tutadi. Tyuringning oʻzi mashina oxir-oqibatda bir kun kelib, albatta, testdan oʻtadi va natijada odam va mashina oʻrtasidagi dialog shu darajaga yetib keladiki, odamlar oʻshanda mashina bilan gaplashayotganini farqlay olmay qolishadi deb ishongan. Yaʼni mashina oʻziga yuklangan algoritmlar asosida odam bilan muloqotni shunday darajada tabiiy olib bora olar emish…


1939-yilda Alan Tyuring nemislarning ʼʼEnigmaʼʼ shifrlash mashinasi tomonidan generatsiyalanadigan xabarlar shifrini yechishga kirishgan. Uning chuqur matematik isteʼdodi va mantiqiy fikrlash qobiliyati urush yillarida britaniyaliklarga fashistlarning shifrlangan xabarlariga kalit topish va xabarlar mazmunini shifrdan yechish imkonini bergan. Natijada Qirollik armiyasi qoʻmondonligi nemislarning har bir xatti-harakati haqida oldindan boxabar boʻlib turgan. Bu esa Britaniyaga Shimoliy Atlantikada dengizdagi toʻliq hukmronlikni taqdim qilgan. Tyuringning ʼʼEnigmaʼʼ shifrini yechishga qaratilgan elektromexanik mashinasining nomi ʼʼBombaʼʼ boʻlgan. ʼʼBombaʼʼ – nemislarning har kuni oʻzgarib turadigan shifr kalit soʻzlarini aniq hisoblab chiqarib berib turgan.


Rasmda: Tyuring tomonidan yasalgan maxfiy shifrlarni yechishga moʻljallangan elektromexanik mashina – ʼʼBombaʼʼ. Aynan shu mashina vositasida Tyuring nemislarning maxfiy shifrlangan xat-xabarlarining mazmunini shifrdan yechib borgan.

Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Tyuring mashinalari
Muqova surat: freepik.com