Bir, ikki, uch… Nega uxlay olmaganlar qo‘y sanaydi?

Agar uxlolmayotgan boʻlsangiz, yuzgacha sanang! Siz ham bu gapni bolalik paytingizda eshitganmisiz? Katta ehtimol bilan, ha! Yoshligimizda aytilgan bu gapning boshqa variantlari ham bor. Xususan, ayrim gʻarb mamlakatlarida uxlash muammosi yuzaga kelsa, ular qoʻy sanaydi. Bu usulning kelib chiqish tarixi qanday, olimlar bu toʻgʻrisida nima deydi?


Uyquga ketishning bu usuli kelib chiqishi borasida bir qancha taxminlar bor, ularning asosiy ikkitasini keltirib oʻtamiz.


Ularning birinchisi Avstraliya fermerlari haqida afsona bilan bogʻliq. Ushbu afsonada keltirilishicha, fermerlar bundan ancha uzoq yillar ilgari uxlashdan avval qoʻylarini qayta sanagan. Bu sanoqdan maqsad, barcha qoʻylar oʻz joyida ekanligiga amin boʻlib, xotirjam uxlash boʻlgan.


Ikkinchi faraz ham choʻponlar bilan bogʻliq. Qoʻylarni qayta sanash shunchalik zerikarli ish boʻlganki, kun davomida toliqqan choʻponlarni bu jarayonda uyqu bosa boshlagan.


Bunday yoʻl bilan boshqa hayvonlarni ham sanash mumkin. Turli mintaqa vakillari oʻz hududida koʻp boʻlgan hayvon turini sanaydi. Misol uchun, Janubiy Amerika aholisi lamani, Hindistonda filni, Afrika aholisi esa tuyalarni sanaydi. Umuman olganda, istalgan narsani sanash mumkin: gul, bulut…


Eng asosiysi, biz sanaydigan narsa yoqimli tuygʻu va oʻzaro bogʻliqlikni uygʻotishi lozim. Bunda esa asab tizimimiz tinchlanishi va uzoq kutilgan uxlash jarayoni boshlanishi zarur. Yuqoridagi ikki taxminlardan tashqari, mutaxassislarning sogʻlom uyqu buzilishi boʻyicha boshqa nuqtai nazari ham mavjud.


freepik.com

Olimlarning fikricha, qoʻylarni sanash mashgʻuloti biz kutgan natija, ya’ni uyqu kelishiga sabab boʻlmasligi mumkin. Aynan ushbu nazariyani tekshirish maqsadida, Oksford universitetida turli uxlash texnikalarining samaradorligi boʻyicha sinov oʻtkazilgan. Ushbu eksperimentda uyqusizlikdan aziyat chekuvchi 50 nafar koʻngilli ishtirok etib, sinov tashkilotchilari uch guruhga boʻlingan:


— Birinchi guruh a’zolari turli xil hayvonlarni, jumladan, qoʻylarni sanab uxlashga uringan.
— Ikkinchi guruhdagilar tezroq uxlash uchun tabiat manzaralarini — oʻrmon, daryo, qushlar sayrashini tasavvur qilgan.
— Uchinchi guruhdagi koʻngillilarga esa mustaqil tezroq uxlash usulini oʻylab topish buyurilgan.


Tinchlantiruvchi manzaralarni tasavvur qilgan qatnashchilar boshqa guruhlardan taxminan 20 daqiqaga ertaroq uxlagan. Qoʻy sanash bilan mashgʻul boʻlganlar esa faqatgina tongga yaqin uxlay boshlagan.


Olimlar bu natijani nimanidir sanash ancha zerikarli va charchatuvchi jarayon ekanligi, uyqusizlikka chalingan odam esa asta-sekin tinchlanib, uxlashning oʻrniga bezovtalanib, qoʻy sanashi bilan asoslagan. Buning natijasida inson uzoq vaqt uxlay olmaydi.


Xulosa oʻrnida, uxlashning eng yaxshi usuli sifatida turli tabiat manzaralarini, xususan, sharsharalarni tasavvur qilish hisoblanadi. Ushbu suratni xayol qilishimiz toliqqan asablarimizni tinchlantirib, organizmga tezroq uyquga ketishiga yordam beradi. 


Muqova surat: freepik.com


Manbalar:
→ joinus.pro
→ gazeta.ru/social/news/2023/03/12/19927225.shtml
→ bash.news/sputnik/lilya/59331-pravda-li-chto-schjot-voobrazhaemykh-ovec-pomogaet-usnut-6942