Neurotrend kompaniyasining NeyroChat loyihasi ishlab chiquvchilari NP “Ekspert” va NITU MISiS bilan birgalikda 2018-yil noyabr oyida neyrogarnitura o‘rnatilgan apparat-dasturiy ta’minot kompleksini ishlab chiqish bo‘yicha tadqiqot ishlarini yakunladi. Ushbu “inson-mashina” interfeysi yordamida insultni boshdan kechirgan bemorlar, shuningdek, og‘ir jarohatlari nutq va harakat buzilishlariga olib kelgan harbiy xizmatchilar muloqot qilishi, ayrim ishlarni bajarishi va “aqlli uy”ni boshqarishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda N+1 muxbiriga Moskva yaqinidagi Kubinkada bo‘lib o‘tayotgan “Armiya 2018” forumidagi NITU MISiS stendida aytib o‘tilgan.
Neyron interfeyslar deb ham ataladigan miya interfeyslari kompyuter va robot qurilmalarni bevosita miya signallari bilan boshqarish uchun mo‘ljallangan. Miya signallari elektrodlar, elektroensefalogramma, magnitoensefalogramma, funksional magnit-rezonans tomografiyasi yoki infraqizil sohaga yaqin joylashgan funksional spektroskopiya yordamida qayd etiladi. Keyinchalik bu signallar kompyuter tushunadigan buyruqlarga aylantiriladi.
Neyrochat loyihasi doirasida ishlab chiqilayotgan neyrogarnitura o‘z egasining elektroensefalogrammasini qayd qiladi va undan P300 impulsini ajratib chiqaradi. Ushbu elektr impuls taxminan 300 millisekunddan keyin tashqi ta’sirga (savol yoki yorug‘lik signali) maqsadli javob sifatida hosil bo‘ladi. Masalan, P300 impulsi odam fotosuratlarni tomosha qilishni boshlashi bilanoq hosil bo‘ladi.
NeyroChat
Butun boshli NeyroChat majmuasi boshga taqiladigan neyrogarniturani va deyarli har qanday kompyuterga o‘rnatilishi mumkin bo‘lgan dasturiy ta’minotni o‘z ichiga oladi. Qurilmaning asosiy funksionalligi ish paytida ekranda ko‘rsatiladigan klaviaturada kerakli harflarni tanib olishdan iboratdir. T9 – tez terish funksiyasi yordamida takomillashtirilgan ushbu xususiyat tufayli harakati cheklangan va nutqida nuqsoni bo‘lgan odamlar matnlarni osonlik bilan yozishi mumkin bo‘ladi.
NeyroChatni tanishtirish bilan bog‘liq dastlabki mashg‘ulotlar odatda 12 daqiqadan ko‘proq vaqtni oladi, shundan so‘ng tizim klaviaturadagi harflarni yoki odamni qiziqtirayotgan boshqa obyektlarni kamida 75 foiz aniqlik bilan taniy boshlaydi. Neyrogarnituraning imkoniyatlari turli tarmoq xizmatlari bilan to‘ldirilishi mumkin. Bunday xizmatlar qatoriga YouTube, turli qidiruv tizimlari, Internet TV va radioni kiritsak bo‘ladi. Kelajakda NeyroChat bilan boshqarish mumkin bo‘lgan tizimlar qatoriga “aqlli uy” va elektron nogironlar aravachasi kiritilishi mumkin.
Neyrogarnitura batareya bilan jihozlangan, Wi-Fi orqali barcha asosiy tanib olish va boshqarish operatsiyalarini bajaradigan uy kompyuteri bilan aloqa qiladi. Ushbu simsiz tarmoq tufayli bemor xonadon ichida harakatlana oladi va “aqlli uy”ni uning istalgan qismidan fikr kuchi yordamida boshqara oladi. NeyroChat loyihasi ishtirokchisi Alesya Chichinkinaning N+1’ga aytishicha, loyiha doirasida davlat granti asosida dastlabki 500 ta qurilma bemorlarga bepul beriladi.
2019-yilda loyihani tijoratlashtirishni boshlash rejalashtirilgan. Qurilmalar ikki sxema – ijara va sotib olish bo‘yicha berilishi rejalashtirilgan. Ishlab chiquvchilarning fikricha, birinchi sxema eng ko‘p talabgor bo‘ladi, chunki neyrogarnituralar bemorlarning katta qismi uchun umrbod zaruratga aylanmaydi. Misol uchun, insultga chalingan bemorlarda nutq funksiyalarini vaqt o‘tishi bilan tiklash mumkin, shundan so‘ng NeyroChat’dan foydalanish zarurati yo‘qoladi.
Neyron interfeyslari bugungi kunda texnologiyaning eng mashhur sohalaridan biridir. Protezning alohida barmoqlarini boshqarish, mustaqil ravishda ovqatlanish, harakatlanish va qo‘l-oyoq falajligi holatida sun’iy qo‘lni his qilish, jiddiy jarohatlardan so‘ng orqa miyani qayta tiklash, shuningdek, o‘z dunyosiga “qulflanib olganlik” sindromiga chalingan bemorlarga “ha” yoki “yo‘q” deb javob berish imkonini beradigan tizimlar allaqachon mavjud.
Muallif: Vasiliy Sichev. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “Российские разработчики подключат нейрогарнитуру к умному дому” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: NITU MISiS