SpaceX (to‘liq nomi — Space Exploration Technologies Corporation) — kosmik texnika ishlab chiqaruvchi AQSh xususiy kompaniyasi. 2002-yilda tadbirkor Ilon Mask tomonidan asos solingan.
Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi o‘zining Super Heavy raketasini ikkinchi urinishda Starship kosmik kemasi bilan uchirdi, ulardan kelajakda odamlarni Mars va Oyga yuborish uchun foydalanish reja qilingan. 2023-yilning 20-aprelida uchilrilgan raketa 38 kilometrga ko‘tarilgach, ko‘p o‘tmay portlab ketdi.
Parvozdan bir necha soniya o‘tgach, Super Heavy raketasiga o‘rnatilgan 33 ta Raptor dvigatelidan 5 tasi ishdan chiqqani ma’lum bo‘ldi. Natijada, bir daqiqadan so‘ng, raketa to‘g‘ri yo‘nalishini yo‘qotib, ag‘darila va aylana boshladi. Shundan so‘ng, jamoa uni masofadan turib portlatib yubordi.
SpaceX o‘z Twitter sahifasida xabar berishicha, “Sinov parvozining o‘zi hayajonli bo‘lgani yetmagandek, Starship ajralish bosqichidan oldin jadal rejalashtirilmagan bo‘laklanishga uchradi”. Rejaga ko‘ra, havoga ko‘tarilgach, u raketadan ajralishi va Yer atrofida aylanib chiqishi kerak edi. Kompaniyaning asoschisi Ilon Mask tushkunlikka tushish o‘rniga jamoani tabrikladi. Uning ta’kidlashicha, raketaning havoga ko‘tarilgani ham muvaffaqiyat.
Starship nima o‘zi?
Starship — SpaceX kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ko‘p martalik transport tizimining nomi. U shunday nomlangan kosmik kema hamda Super Heavy deb nomlangan birinchi bo‘lak tezlatgichdan iborat. Starship va Super Heavy’ning yig‘ilgan prototipi / SpaceX
Starship tarixdagi eng yirik raketa-tashuvchi hisoblanadi. Starship va Super Heavy’ning birga yuklangan holdagi vazni 5000 tonnaga yetadi, bo‘yi esa 120 metr. Super Heavy (uzunligi 69 metr) 33 ta Raptor dvigateli bilan jihozlangan bo‘lib, ular yoqilg‘i sifatida metandan, oksidlovchi sifatida kisloroddan foydalanadi. Starship kemasi esa (uzunligi 50 metr) oltita Raptor dvigateli bilan jihozlangan. Ko‘p martalik versiyasida u 100–150 tonna yukni past orbitaga yetkazib berishi mumkin.
Keyingi parvoz qachon?
Keyingi parvozdan oldin SpaceX kompaniyasi ko‘plab muammolarni hal qilishi lozim. Muhandislar nafaqat Super Heavy raketasidagi nosozliklarni bartaraf etishlari, balki parvoz maydonchasini ham tuzatishlari va chang sochilishini minimallashtirishlari kerak. Ilon Maskning hisoblariga ko‘ra, parvozni 1–2 oydan so‘ng takrorlash mumkin bo‘ladi.
Muqova surat: freepik.com
Manbalar:
→ twitter.com/SpaceX
→ naked-science.ru/article/cosmonautics/spacex-zapustila-starship-no-raketa-vzorvalas
→ habr.com/ru/news/730372
→ universemagazine.com/ru/na-poroge-kosmicheskoj-revolyuczii