Yaqinda ChatGPT’ga katta yangilanish — GPT-4 kiritildi. Ammo OpenAI ChatGPT uchun allaqachon keyingi katta dasturiy oʻzgarishlar ustida ishlarni boshlab yuborgan. 2023-yil dekabr oyida GPT-5 modeli chiqishi rejada, uning chiqishi bilan generativ sun’iy intellektni insondan ajratib boʻlmaydigan boʻlib qoladi chunki u shu bilan umumiy sun’iy intellekt (AGI — Artificial General Intelligence) darajasiga yetadi. Kutilishicha, sun’iy intellektning keyingi darajasi inson qatori gʻoyalarni oʻrganish va vazifalarni tushunishga qodir boʻladi.
Dasturchi Siki Chen oʻzining OpenAI’dagi insayderlariga asoslanib Twitter’da GPT-5’ni oʻrgatish ishlari shu yilning dekabr oyida tugashi kerakligini xabar berdi: “OpenAI ChatGPT AGI darajasiga yetishini kutmoqda” — deb yozadi Chen.
→ ChatGPT: tahdid ostida qolayotgan kasblardan yangi imkoniyatlargacha…
Sun’iy intellekt umumiy sun’iy intellekt (AGI) darajasiga yetishi bilan u inson kabi gʻoya va vazifalarni tushunishga qodir boʻladi. Boshqacha qilib aytganda, GPT-5 yangilanishi chiqqandan soʻng ChatGPT bilan suhbatni inson bilan suhbatdan ajratib boʻlmay qoladi. Ammo bularning hammasi farazlar xolos, chunki ChatGPT’ni taqqoslash mumkin boʻlgan AGI modelining oʻzi mavjud emas.
GPT-5 AGI darajasiga yetish yoki yetmasligidan qat’iy nazar, u aniq GPT-4’dan koʻra ancha funksionalroq boʻladi va shuning oʻziyoq ChatGPT uchun ulkan yangilanishdir. Bu chatbot hozirda oldingi versiyaning qobilyatlaridan oʻzib ketgan holda bir qancha tillarda ishlaydi, plaginlar orqali internetga ulana oladi, koʻplab imtihonlardan oʻta oladi, shuningdek, multimodal rejimda ham ishlaydi ya’ni undan matn va rasmlar koʻrinishida savol soʻrash mumkin. GPT-5 katta ehtimol bilan natijalarni yanada tez va aniqroq hosil qila oladigan, yanada murakkabroq vazifalarni bajara oladigan va oldingisidan koʻra sifatliroq kod yoza oladigan boʻladi.
OpenAI, shuningdek, GPT-5’ga oʻtishgacha ChatGPT’ning oraliq versiyasini chiqarishi ham mumkin. OpenAI GPT-4.5 shu yilning sentabr yoki oktabr oyida chiqarilishini taxmin qilmoqda. Ehtimolki aynan oʻshanda OpenAI aynan qanday tafsilotlar ustida ishlayotgani aniqroq boʻladi.
ChatGPT yaxshilanib, tobora AGI boʻlishga yaqinlashgani sayin undan foydalanish ham salbiyroq oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ammo mutaxassislar va IT sohasidagi biznesmenlarning sun’iy intellektni rivojlantirish boʻyicha ishlarni yarim yilga toʻxtatib turish boʻyicha chaqiriqlariga qaramay, OpenAI kompaniyasi dasturiy ta’minot ustida ishlarini toʻxtatish niyatida emas, algoritm oʻz holida hech qanday xavf tugʻdirmaydi va ongga ega emas deb hisoblaydi.
Muqova surat: freepik.com
Manbalar:
→ vc.ru/opinions/645382
→ hightech.plus/2023/04/02/gpt-5-uzhe-v-dekabre-sdelaet-chatgpt-neotlichimim-ot-cheloveka
→ dzen.ru/a/ZC2R4P_7MB8RW82o