Microsoft asoschisi Bill Geyts “Sunʼiy intellekt davrining boshlanishi” haqida yangi insho yozdi. Ushbu maqolada inshodagi muhim jihatlarni taʼkidlab oʻtamiz.
Butun umri davomida Bill Geyts faqat ikki texnologiyani haqiqatan “inqilobga sabab boʻluvchi” deb hisoblagan. Birinchisi — zamonaviy operatsion tizimlarning yaqin ajdodi boʻlgan grafik interfeys. Ikkinchisi esa — OpenAIʼning sunʼiy intellekt dasturlari.
2022-yilning oʻrtasida OpenAI jamoasining oldiga quyidagi vazifani qoʻydim: shunday qilishsinki, sunʼiy intellekt biologiya boʻyicha mutaxassislik darajasini beruvchi imtihondan oʻta olsin hamda tanqidiy fikrlash orqali tayyorlanmagan savollarga ham javob bera olsin. Men bunga ikki-uch yil ketadi deb oʻylagandim, lekin ular buni bir necha oydayoq uddalashdi.
Neyron tarmoq 60 ta testdan 59 tasini toʻgʻri yechdi va oltita ochiq savolga qoyilmaqom javoblar qaytardi. Mutaxassis unga imtihonda eng yuqori bahoni berdi.
— Bill Geyts
Oʻshanda Geyts internet, mikroprotsessor, shaxsiy kompyuter va mobil telefonchalik muhim texnologiya — sunʼiy intellekt yaqin besh-oʻn yilda qanday rivojlanishi haqida oʻylab qoldi.
Sunʼiy intellekt samaradorlikni oshiradi
Kompyuterlarning raqamli kuchlari qancha arzonlashsa, sunʼiy intellekt ham shunchalik keng tarqaladi. Tabiiy tildagi soʻrovlar esa izlash va kompyuter sichqonchasi yordamida kerakli funksiyalarni chaqirishning oʻrnini egallaydi.
GPT korporativ olam uchun “oq yoqali dastyor”ga aylanadi, u istalgan ishda yordam berishi mumkin: foydalanuvchi uchun xat yozadi va pochtani koʻrib chiqadi, rejalashtirilgan uchrashuvlar haqida bilib, eslatib qoʻyadi hamda inson foydaliroq ishlarga eʼtibor qaratishi uchun uning yelkasidan unga yoqimsiz ishlarni oladi.
Kompaniyalarning shaxsiy sunʼiy intellekt maslahatchilari paydo boʻladi. Javob berish va kuzatishlar qilish uchun u barcha uchrashuvlar, shuningdek, savdo, texnik yordam va moliya maʼlumotlariga kirish huquqiga ega boʻladi hamda kompaniyaning ichki hujjatlari, reliz jadvallari va sanoat yangiliklarini biladi. Xodimlar mayda ishlarga qancha kam vaqt sarflashsa, shuncha koʻproq vaqtlarini oʻzlari va yaqinlariga sarflashadi.
Bunda tabiiyki, bahsli fikrlarni chetlab oʻtib boʻlmaydi: sunʼiy intellekt uchinchi shaxslarga maʼlumotni chiqarib yuborishi va davlat robotlar tufayli ishini yoʻqotganlarga yordam berishi mumkin. Ammo, Geytsning fikrlashicha, “boshqalarga yordam beradiganlarga boʻlgan talab” aniq yoʻqolib ketmaydi.
Sunʼiy intellekt tibbiyotda yordam beradi
Neyron tarmoqlar shifokorlarga oʻz bemorlariga qarash uchun koʻproq vaqt ajrata olishlari uchun, qogʻozbozlik bilan bogʻliq boshogʻriqni oʻz boʻyniga oladi. Shuningdek, ular insonning aqliga sigʻmaydigan miqdordagi maʼlumotlarni qayta ishlay olishlari hamda koʻz ilgʻamaydigan tafsilotlarni topa olishlari evaziga tadqiqotlarni tezlatib yuborishadi, qolaversa, dori dozalarini va ulardan yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ortiqcha taʼsirlarni aniqlashga yordam beradi.
Klinikalarga borolmaydigan kambagʻal hududlar aholisi uchun sunʼiy intellekt dastlabki maslahatlarni beradi va mahalliy mutaxassislar maxsus tayyorgarlikni talab qilmaydigan ultratovush apparatlari kabi ilgʻor uskunalardan foydalangan holda koʻproq asosiy tekshiruvlarni oʻtkazishlari mumkin boʻladi.
Sunʼiy intellektni sogʻliqni saqlash sohasiga joriy etish boshqa sohalardan koʻra koʻproq vaqt talab qiladi: bunda barcha ehtimoliy tekshiruvlar va tartibga solish tamoyillari kerak boʻladi. “Aqlli” modellar muayyan bemor yashaydigan sharoitlarni hisobga olishi kerak boʻladi: uning davlatida qanday kasalliklar tarqalgan, u yerda kasallik taʼtillari beriladimi, agar berilsa qanday sabablar bilan?
Sunʼiy intellekt taʼlim sohasini butunlay oʻzgartirib yuboradi
Geytsning hisoblariga koʻra, bu yaqin oʻn yil ichida yuz beradi. Sunʼiy intellekt ilmiy kontentni moslashtirish uchun oʻquvchi nimaga qiziqishi va maʼlumotni qanday oʻzlashtirishini oʻrganadi, soʻngra materialni tushunish darajasini baholashni oʻrganadi va oʻquvchining qiziqishi yoʻqolayotgan holda buni oldindan sezib unga motivatsiya berish yoʻllarini topadi.
Bu maʼlumotlar oʻqituvchilarga dasturni sozlash, shuningdek, oʻquvchilarga kasb tanlash borasida aniqroq maslahatlar berishga yordam beradi. Shubhasiz, sunʼiy intellekt motivatsiya kabi oʻta psixologik narsalarni tushunguncha ancha vaqt oʻtadi, deya yozadi Geyts. Umuman olganda, mashina bilan muloqot hech qachon sinfda oʻqituvchi va oʻquvchi oʻrtasida hosil boʻladigan aloqaning oʻrnini bosa olmaydi. Ammo oʻsish boʻladi.
Sunʼiy intellekt hozirgi muammolarni yengish yoʻllarini topadi
Sunʼiy intellekt javoblarni yaxshi tuzadi, ammo koʻp adashadi, masalan foydalanuvchi undan oʻylab topilmagan tafsilotlarni kutganda, u mavjud boʻlmagan mehmonxonalarni tavsiya qilishi mumkin. Buning sababi shundaki, mashina soʻrovning kontekstini har safar ham yaxshi tushunmaydi: haqiqiy mehmonxona va undagi boʻsh xonalar roʻyxatini berishi kerakmi yoki yana oʻylab topishi lozimmi..
“Sunʼiy intellekt bu cheklovlarni ikki yil ichida yengib oʻtadi, balki tezroq”, — deb taxmin qilmoqda Geyts.
Bir kun kelib insoniyat oʻta aqlli sunʼiy intellektni ham koʻradi: bu mashinalar inson ongi qodir boʻlgan hamma narsaga qodir boʻladi, ammo xotira va signallarni qayta ishlash tezligi borasida hech qanday cheklovlari boʻlmaydi. Lekin endi bu, Geytsning soʻzlari boʻyicha, yaqin orada yuz bermaydi: balki oʻnlab yillar, balki butun bir asrdan keyin boʻlar.
Sunʼiy intellekt yaqin kelajakda asosiy mavzuligicha qoladi
Tobora koʻproq kompaniyalar sunʼiy intellektdan foydalanishning yangi usullarini ustida bosh qotirishmoqda. Muhandislar allaqachon yuqori quvvatli chiplar ustida ishlamoqda va quvvat sarfi hamda ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirishga yordam beradigan optik kalitlarni yaratishmoqda, bular sunʼiy intellektga hozirgi kabi faqat bulut orqali emas, balki foydalanuvchi qurilmalarining oʻzidan ham ishlash imkonini beradi.
Algoritmlar, shuningdek, tor doiradagi sohalarni ham yaxshiroq tushuna boshlashadi. Masala faqat shundaki, bu qanday ishlashi kerak boʻlishi: bunda har bir sohaning oʻz ixtisoslashgan mashinasi boʻladimi yoki istalgan muammoni yecha olishga qodir boʻlgan “yagona” sunʼiy intellekt ishlab chiqishga muvaffaq boʻlamizmi?
Yaqin kelajakda sunʼiy intellekt eʼtibor markazini tark etmaydi, shuning uchun Geyts yodda saqlash kerak boʻlgan uch xulosani keltiradi. Birinchidan, texnologiyaning kamchiliklari bilan bogʻliq xavotirlar sunʼiy intellektni jamiyat foydasiga ishlatishdan toʻsmasligi lozim. Tadbirkorning aytishicha, odamlar ham xato qiladi va bu xatolari ustida oʻrganadi.
Ikkinchidan, sunʼiy intellekt xizmatlarga maxsus huquqlar, katta ehtimol bilan, aholining shundoq ham yuqori qatlamiga tegadi. Hokimiyat va metsenatlarning vazifasi — bu texnologiyani aholining ijtimoiy nochor qatlamiga joriy etishga yordamlashish va notenglik chuqurlashishining oldini olish.
Va oxirgisi: sunʼiy intellekt texnologiyalari rivojlanishning ilk pogʻonasida turibdi xolos. Shunday ekan hash-pash deguncha ular toʻqnash kelayotgan cheklovlar izsiz yoʻq boʻlib ketadi.
— Bill Geyts
Muqova surat: gatesnotes.com
Manba:
→ www.gatesnotes.com/The-Age-of-AI-Has-Begun