Odamlar millionlab sabablarga koʻra yigʻlaydi: kayfiyat yoʻqligida, jahl paytida, qoʻrqishganda, kulishganda, oʻzlarini gʻamgin sezishganda va hokazo. Lekin biz yana bir mashgʻulot davomida — piyoz toʻgʻraganda ham yigʻlaymiz koʻzimiz yoshlanadi. Bunday boʻlishiga lakrimator (lotincha “lacrima” — koʻz yoshi) moddalar aybdor. Bu jarayon qanday sodir boʻladi oʻzi? Keling, aniqlik kiritib olamiz.
Piyoz kesilganda yoki toʻgʻralganda uning hujayralari ichidagi moddalar aralashadi va reaksiyaga kirishadi, bu esa lakrimatorlarning kelib chiqishiga sabab boʻladi — ular gaz shaklida ajralib chiqadi va odamni koʻz yosh bezlariga taʼsir qiladi. Piyoz hujayrasining sitoplazmasida sulfonik kislotalar mavjud, bular — umumiy formulasi RS–OH boʻlgan organik moddalar, bu yerda R — organik qoldiq.
Bunaqa odamlarni yigʻlatuvchi “kokteyl” nafaqat piyoz sabzavotida, balki Petriveria alliacea deb nomlanuvchi Gvineya oʻti va sarimsoqning baʼzi navlarida ham mavjud.
2015-yilda yapon olimlari koʻzni yoshlantirmaydigan piyoz ishlab chiqishga harakat qilishdi va muvaffaqiyatga erishishdi: alliinaza moddasini ishlab chiqarishni bostirish orqali ular mexanik ishlov berish jarayonida 7,5 baravar kam lakrimatorlar beradigan piyoz oldilar. Ammo bu eksperimentning salbiy natijasi ham yoʻq emas edi: bu piyoz deyarli biz oʻrganib qolgan piyozga oʻxshamasdi, qolaversa taʼmi ham biroz boshqacha edi.
Ayni paytda olimlar bizni yigʻlatmaydigan piyoz tayyorlash usulini topa olishmadi, ammo siz bir nechta nayranglardan foydalanishingiz mumkin. Masalan, piyoz toʻgʻrashdan oldin sovutilsa, reaksiyalar sekinlashadi, yoki ora-orada pichoqni suv bilan namlab turish gazsimon lakrimatorlarni eritib, burunga kirishiga yoʻl qoʻymaydi.
Agarda yigʻlash jarayoni allaqachon boshlanib, koʻzlaringiz achishib, tinmay yosh oqayotgan boʻlsa, mazkur tavsiyalarga amal qiling:
— Koʻzlaringizni salqin, toza suv bilan yuving.
— Achishishni kamaytirish uchun koʻzlaringizga salqin kompres yoki muzlatkichda saqlangan bodringni kesib tekkizing.
— Boshqa koʻz ogʻrigʻiga qarshi vositalardan foydalaning, masalan, aloye vera geli yoki kastor yogʻi.
Muqova surat: pexels.com
Manbalar:
→ snexplores.org/article/why-onions-make-us-cry
→ techinsider.ru/editorial/386642-pochemu-my-plachem-kogda-rezhem-luk
→ theconversation.com/why-do-onions-make-you-cry-129519