Ta’limning kelajagi qanday ko‘rinishga ega?

Taʼlimning kelajagi qanday boʻladi? Bu ayni damda ommabop savol boʻlib, uning javoblari onlayn taʼlimdan tortib xususiy maktablargacha bogʻliq. Ammo Liz Koleman eʼtiborini bundan ham jiddiyroq boʻlgan muammoga qaratadi: maktablar kelajakda nimani oʻrgatishi kerak? Jamiyatimiz kelajagi uchun bu qanday ahamiyatga ega?


TED 2009ʼda ochiq bayon etilgan nutqida Koleman oʻzining Amerika liberal sanʼati kelajagi bilan bogʻliq umidlari va tashvishlari bilan oʻrtoqlashdi. Shundan soʻng, u Bennington kolleji prezidenti sifatida oliy taʼlimning jamiyatdagi oʻrnini tanqid qildi: universitet tizimi davlat xizmatchilarining yangi avlodini tayyorlash oʻrniga xayr-ehson yigʻish bilan koʻproq shugʻullanadi. Uning soʻzlariga koʻra, universitetlar bugungi dolzarb global muammolarni hal qilishga qodir boʻlgan talabalarni tayyorlab bera olmayapti. U gumanitar taʼlimni tubdan qayta koʻrib chiqishga chaqirdi va kuchli fuqarolik burchini his qiluvchi fuqarolarga taʼlim beriladigan maktab tizimi toʻgʻrisida fikr bildirdi.


2011-yilda Koleman bu fikrlarni amalda qoʻllashga qaror qildi. U Benningtonda “Jamoatchilik harakati markazi” (CAPA, Center for the Advancement of Public Action) ni tashkil etdi va shu vaqtdan boshlab tashkilotni toʻliq boshqarish uchun kollej prezidentligidan voz kechdi. CAPA olib boriladigan chora-tadbirlar va fuqarolarni jalb etishni oʻz dasturining markaziga qoʻydi. Kurslar talabalarni savollarga javob topish emas, balki tanqidiy fikrlash va murakkab, haqiqiy muammolarga qanday yechim topishni oʻrgatishga qaratilgan.


Biz Koleman bilan uning yangi loyihasi va kelajakda nimaga erishmoqchi ekanligi haqida suhbatlashish uchun uchrashdik. Quyida ushbu suhbatning tahrirlangan ssenariysi keltirilgan.


Siz TEDʼdagi ishtirokingizdan soʻng CAPAʼni yaratdingiz. Ushbu dasturni boshlashda sizga nima turtki boʻldi?

CAPA dunyoda sodir boʻlayotgan voqealar haqidagi oʻy-tashvishlarimdan boshlangan. Mamlakat juda koʻp qiyinchiliklarga duch kelmoqda va dunyoda oʻzining mavqeyi tufayli ulkan masʼuliyatni zimmasiga olgan. Amerikada sodir boʻlayotgan voqealar barchaga taʼsir qiladi. Men Bennington prezidenti boʻlganimda juda koʻp muammolarga duch keldim va bu borada biror narsa qilishimiz kerakligini tushunib yetdim. Bu esa bizning oʻqitish tizimimizga oʻzgartirish kiritish edi. Qarshimizdagi muammolarni hal qilishda taʼlim juda muhim rol oʻynaydi.


Davlat va xususiy manfaatlar oʻrtasidagi tafovut halokatli boʻlishi mumkin. Jamiyatning akademiyalarga boʻlgan qiziqishi butunlay yoʻqoldi. Universitetlar tor doiradagi shaxsiy manfaatlardan tashqari jamiyat oldidagi qarzdorliklari haqida deyarli hech narsa deyishmaydi — biz hozir bilgan taʼlim bilan keng jamoatchilik uchun imkoniyat va majburiyatlarni kengaytiradigan taʼlim tizimi oʻrtasida juda katta farq bor. Biz shunchaki mutaxassislarni kutyapmiz va “Men hech narsa qila olmayman” degan fikr bilan hech narsa qilmaslikda davom etyapmiz. Maktablar oʻquvchilarga ijtimoiy faol boʻlish hamda har bir fuqaroning imkoniyat va majburiyatlarini oʻrgatishi kerak. Jamoatchilik maydonida bizga yanada gʻayratli ovozlar kerak.


Biz haqiqatan ham eʼtibordan chetda qoldirgan narsa dunyoda odob-axloq va aql bilan samarali faoliyat olib borishni oʻrgatadigan taʼlim tizimidir. Bu tuygʻu yoki ishtiyoq haqida emas, balki muammolarni qanday qilib yengish kerakligi haqida. Bu sizning shaxs sifatida oʻz imkoniyatlaringizdan maksimal foydalangan holda rivojlanishingizni talab qiladi — ushbu imkoniyatlar sizga oʻylash, koʻrish, tinglash imkonini beradigan resurslardir. Universitetlar talabalarga oʻzlari uchun mos boʻlmagan va hamma narsa ular uchun tayyor boʻlmagan dunyoda, odamlar bilan birga ishlashni, ularning yordami va tushunishlariga muhtoj boʻlganligi uchun qilayotgan ishlarida mulohazakor boʻlishni talab etuvchi dunyoda qanday ish koʻrishni oʻrgatishi kerak. Biz buni eʼtiborsiz qoldirdik, ammo uni taʼlim bilan tuzatishga harakat qilamiz.


Biz buni allaqachon xizmat koʻrsatish va ijtimoiy harakatlar yordamida maʼlum darajada amalga oshiryapmiz. Ammo bularning barchasi maʼlum bir xabarni yetkazishga qaratilgan qoʻshimcha oʻquv dasturlardir: yosh va gʻayratli boʻlsangiz, biror mashgʻulot bilan shugʻullaning, ammo sizning qadriyatlaringiz va vaqtingizni haqiqatan ham kerakli narsaga sarflash haqida gap ketganda, ijtimoiy harakat faqat shundan iborat boʻlmasligi maʼlum boʻladi.


Qanday qilib CAPA taʼlim va xalq farovonligi oʻrtasidagi boʻshliqni yoʻq qiladi?

Hozirda CAPA oldidagi eng katta muammo bu dunyoda sodir boʻlayotgan eng soʻnggi voqealar yuzaga keltirgan talablarga javob bera oladigan kurslardan iborat oʻquv dasturini yaratishdir. Biz global mavzularning oʻquv dasturini shakllantirishiga imkon beramiz va hayotda biron samaraliroq ish qilish uchun nimalarga eʼtibor qaratish kerakligi haqida fikr yuritamiz.


Men hozirda ijtimoiy harakatlarni ragʻbatlantirish asoslari boʻyicha dars beryapman. Biz darslarni global isish bilan boshlagan edik va ushbu mavzudagi eng chuqur tahlilga ega, klassik matnlarning hozirda yuz berayotgan jarayonlar bilan kombinatsiyasini ishlab chiqdik. Biz ushbu imkoniyatlardan real vaqt rejimidagi muammolarga javob berish uchun foydalanmoqchimiz. Shundan soʻng, biz AQSHdagi universal mavzular boʻyicha munozaralarning markazida turuvchi sogʻliqni saqlash tizimi mavzusi bilan darslarimizni davom ettirdik. Bu bizga sogʻliqni saqlashning qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligini eslatuvchi bir olam edi.


Harakat barcha jarayonlarda eng muhim omil hisoblanadi. CAPAʼdagi hamma narsa bir savolga asoslanadi: bu dunyoda samarali ishlash uchun oʻz qobiliyatingizni qanday oʻzgartirishingiz kerak? Agar siz ushbu savolga javob topa olmasangiz, bu CAPA kursi emas.


CAPA Bennington kampusida madaniy siljishga sabab boʻldi. Harakatlarni oʻrgatadigan kurslar mavjud — bu yerda nima sodir boʻlayotganini koʻrishingiz mumkin. Shahar hayoti kabi mavzular boʻyicha mahorat darslari ham bor. Biz sizga aslida nima muhim ekanligini tushunish imkonini beradigan fundamental masalalarni — ishlashingiz mumkin boʻlgan joylarni qidirishda davom etamiz,


CAPA ish tajribasining oʻziga xos jihatlari nimalardan iborat?

Anʼanaviy sinfxonalarda professorlar dars berishdan oldin qilinishi kerak boʻlgan ishlar rejasini tuzib oladilar. Ammo haqiqat shundaki, dunyoni tartibga solib boʻlmaydi. Dunyoni tushunish uchun uning hech kim javob topa olmaydigan dunyo ekanligini anglash zarur. CAPA shunchaki qabul qilish pedagogikasi emas, balki kashf qilish pedagogikasi doirasida ishlaydi. Bilmagan narsalaringizni oʻzingiz oʻrganishga harakat qilishingiz kerak. Oʻqituvchilar va talabalar oʻrtasidagi yagona farq shundaki, oʻqituvchilar talaba boʻlish qanday ekanligini yaxshi tushunadilar. Biz faqatgina javoblarni emas, balki ularni qanday topishni ham biladigan odamlarmiz.


Juda koʻp talabalar CAPAʼning yordami bilan dunyoga oʻzgacha boqishni oʻrganmoqda. Ular buning maʼnosini tushunish bilan bogʻliq muammolarga duch kelmoqdalar va buning taʼlimning ajralmas qismi ekanligiga boʻlgan qiziqish ortib bormoqda.


Muammoning bir qismi bir vaqtning oʻzida barcha yirik sohalardagi muammolarga qarshi tura olishdadir. Fuqarolikning istalgan jiddiy koʻrinishida sizning majburiyatlaringiz cheksiz. Siz: “Kechirasiz, lekin men buni tushunmayapman. Men kurashmoqchi emasman, men faqat tinchlik tarafdoriman”, — deyolmaysiz. Odatda universitet darslarida mavzular koʻlami tobora torayib boradi. Bundan kelib chiqadiki, agar siz ushbu maxsus doiradagi mutaxassis boʻlmasangiz, hech qanday jiddiy ish qilolmaysiz. Bu taxmin xolos, ammo u ilmiy koʻmakka muhtoj.


Siz koʻproq fanlararo taʼlim tizimiga oʻtishga daʼvat qilayotganga oʻxshaysiz

Men fanlar tushunchasi yaxshi fikr emas deb hisoblayman. Biz dunyoni muammolar va harakatlar orqali koʻrishimiz kerak. Fanlararo tizim hali ham dunyoni intizom orqali boshqarishga harakat qiladi — u oʻz obroʻsini saqlab qolgan. Oltita tor doiradagi qarashga ega boʻlish bir turdagisidan yaxshiroq degani emas. Siz bundan ham radikalroq boʻlishingiz kerak. Fanlararo tartibdagi oʻrganuvchilar haqida oʻylamang — ularning qobiliyatlari va qanday oʻzgarganligi haqida fikr yuriting. Biz intellektual salohiyatning jiddiy cheklanishi va intizomlardan tashqariga chiqmas ekanmiz, muammolarga duch kelaveramiz.


Darhaqiqat, fanlar faoliyat olib borishning yagona yoʻli ekanligi haqiqiy muammodir va bu koʻp yoʻnalishli fanlararo tizimga qaraganda ancha radikal hisoblanadi. Agar siz tarixchi boʻlsangiz-u, fizik yoki psixologning oldida oʻtirib biror savolga javob izlaydigan boʻlsangiz, bu sizga yordam bermaydi. Shunchaki savolga bir nazar soling.


Bu esa odamlar faqat maʼlum fan doirasidagi narsalarga qiziqishmaydi va ular oʻzlarini butunlay shu narsaga bagʻishlashni xohlashadi degani emas. Bu juda ajoyib. Ammo fanlar hamma narsani boshqarsa, bu unchalik yaxshi emas.


Nima deb oʻylaysiz, nega ijtimoiy faoliyat sohasidagi taʼlim keyingi oʻrinlarga tushib qoldi?

Men tobora oʻsib borayotgan murakkablikdan bosh tortilayotganini koʻrmoqdaman, bu dunyo murakkab boʻlganligi tufayli kelib chiqadigan muammodir. Menimcha, texnologiyada fundamentalizm mavjud. Texnologiyaning oʻzi bizni qutqara olmaydi. Texnologiya juda ajoyib, ammo u shunchaki vosita.


Millionlab dalillar eng bilimdon va maʼrifiy harakatlarga qodir boʻlgan odamlarning hozirda hech qanday sezilarli ish bilan band emasligini koʻrsatmoqda. Ayni paytda juda koʻp foydali ish bilan shugʻullanadigan odamlar ham bor. Ular ishtiyoq bilan shu ishga kirishgan. Ular oʻz sohasining eng ashaddiy vakillari, ishqibozi va fundamentalistlaridir. Chegarada turgan odamlar — bular aslida ichkarida boʻlishi kerak boʻlgan odamlar. Biz samaradorlikka erishishda eng koʻp tayyorgarlikka ega boʻlgan odamlar uchun mavjud cheklovlarni yoʻq qildik va fundamentalistlarga qadriyatlarning butun maydonini topshirdik. Ommaviy harakat qadriyatlar bilan bogʻliq — buni rad etib boʻlmaydi. Bu sizni qiziqtirayotgan narsa va nima uchun boshqa odamlar ham bundan qaygʻurishi kerakligi haqidadir. Intellektual muassasalar sohani bunday fikrlashdan mahrum qildi. Shunday qilib, odamlar faqat oʻzlari topa olgan joylarga borishadi va afsuski, shaharlarda yagona oʻyin bu — fundamentalizm.


Kollej yoki universitetda tahsil olmagan shaxslarni qanday qilib ijtimoiy harakatlarda qatnashishga jalb etasiz?

Ajoyib chiziq bor: “Hech narsa qilma, shu yerda tur”. Bu — CAPAʼning mohiyati. Agar siz haqiqatan ham samarali boʻlishni istasangiz, u yerda turishingiz va uni egallashingiz, oʻrganishingiz va tushunishingiz, boshqa narsalar uchun sarflaydigan imkoniyatlaringizni ishga solishingiz kerak. Buni boshqa odamlar bilan birgalikda amalga oshirish kerak — yolgʻiz bajarishga urinmang.


Chelakdagi tomchilar bilangina kifoyalanmang. Bu chiqindini tozalashga yetmaydi, yetarli imkoniyat ham bermaydi. Bu yomon emas, lekin koʻp narsani oʻzgartirmaydi ham. Bu shunchaki oddiy hol emas. Bu sizdagi bor imkoniyatlarni ishga solishingizni talab qiladi. Buni yaxshi tushunib oling. Talablar juda yuqori va bu juda hayajonli, toʻlqinlantiruvchi holatdir.


Shuningdek, biz voyaga yetgan yoshlar taʼlimini jamoatchilik harakatini shakllantiruvchi yoʻl deb hisoblashimiz mumkin. Butun mamlakat boʻylab maktablar mavjud va ularda odatda tunda darslar boʻlmaydi. Biz qanday qilib balogʻatga yetganlar uchun birdek qiziq boʻlgan masalalar boʻyicha oʻzaro muloqot qilish imkoniyatini yaratishimiz mumkin? Odamlar bir-biri bilan muhim narsalar toʻgʻrisida fikr almashsa, biz juda xursand boʻlamiz. Bu yanada tizimli yondashuv boʻladi — bunda nafaqat universitet, balki taʼlim va sinfxonalardan ham jamiyatning barcha sohalarini rivojlantirish uchun foydalanishimiz mumkin boʻladi.


Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola → Taʼlimning kelajagi qanday ko‘rinishga ega?