Tovonda yoki oyoq uchida?

Yugurish tamaddunning ajralmas qismi hisoblanadi. Yer yuzasidagi ilk insonlar yugurishdan majburiy chora sifatida foydalanishgan. Xususan yugurish hayvon va baliqlarni ovlashda, yirtqichlardan himoyalanishda, boshqa qabilalar bilan oʻzaro janglarda insonga beminnat xizmat qiluvchi qurol vazifasini oʻtagan. Sodda tilda aytganda, yugurish “kashf qilinmagan” balki insonlar va hayvonlar uchun tabiat tomonidan inʼom etilgan.


Qanday yugurish turlari mavjud?

Eʼtibor bergan boʻlsangiz insonlar turli usulda yugurishadi. Umumiy qilib olganda, yugurishning ikki turi mavjud: oyoq uchida va tovonga tayanib yugurish. Ular tizzalarga tushayotgan zarba yuki miqdori orqali farqlanadi.


Oyoq uchida yugurish

Oyoq uchida yugurganda zarba yuki bir necha oyoq suyaklari orqali tizzaga yetib boradi. Baʼzi olimlarning taʼkidlashicha, bu usul tovonga tayanib yugurishdan ancha samaraliroq, tezroq hamda tizzalarga kamroq zarba kuchi tushishiga sabab boʻladi.


Tovonga tayangan holda yugurish

Tovonga tayanib yugurganda zarba yuki suyaklarga kamroq tushadi. Bunday yugurish turida birinchi navbatda tovon soʻngra oyoq barmoqlari yer yuzasiga tegadi. Bu esa oldinga siljish uchun koʻproq kuch beradi.



Xoʻsh, qaysi biri yaxshiroq?

Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, sportchilarning 80 foizidan koʻprogʻi tovonga tayanib yugurishni afzal biladi. Bu usulda yugurganda inson charchamasdan uzoq masofani bosib oʻtishi mumkin. Oyoq uchida yugurganda esa odam sakrashni ham beixtiyor amalga oshiradi. Bu esa samarasiz yugurishga sabab boʻladi. Baʼzi izlanishlar natijasida oyoq uchida yugurish takroriy oyoq shikastlanishiga sabab boʻlishi aniqlangan.


Qaysi holatda yugurish tavsiya etiladi?

Umuman olganda bu har bir insonning oʻziga bogʻliq. Hozirgi kunda oyoq kiyimlar, xususan yugurish uchun maxsus moʻljallangan oyoq kiyim ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar har ikki tur uchun moʻljallangan krassovkalar ishlab chiqarmoqda. Bunday krassovkalar energiyani tejashga, zarba yukini kamaytirishga va oyoqni jarohatlardan himoya qilishga anchayin yordam beradi. Eng muhimi esa yugurish davomida topigʻingizdan boshingizgacha boʻlgan tanangizni bir chiziqda tutishingiz kerak. Bu sizga uzoq masofaga yugurishda anchayin qoʻl keladi.



Olimpiya oʻyinlarida yugurish

1896-yilda zamonaviy olimpiya oʻyinlariga start berildi. Bu oʻyinlarda sportchilar yugurishning bir necha turi boʻyicha bellashishdi. Eng mashhur yugurish turlaridan biri bu marafon hisoblanib dastlab atletlar 40 000 metr masofada oʻzaro musoboqaga kirishgan, keyinchalik bu masofa 42 195 metrga oʻzgartirildi. Bugungi kunda marafon dunyo boʻylab eng keng tarqalgan yugurish turi hisoblanib, har yili 800 ga yaqin musobaqa tashkil etiladi. Marafondan tashqari qisqa masofaga yugurish (30 m, 50 m, 60 m, 100 m va hokazo), oʻrta masofaga yugurish (800 m, 1000 m, 1500 m va hokazo), uzoq masofaga yugurish va toʻsiqlar osha yugurish turlari mavjud. Amerika Qoʻshma Shtatlari hamda Afrika mintaqasi davlatlari bu sport boʻyicha dunyoda tengsiz hisoblanishadi.


Muqova surat: RUN 4 FFWPU / pexels.com


Manbalar:


→ www.endurelite.com/blogs/free-nutrition-supplement-and-training-articles-for-runners-and-cyclists/is-it-better-to-run-on-your-toes-or-heels
→ www.verywellfit.com/which-part-of-my-foot-should-i-land-on-when-running-2911127
→ www.timesofindia.indiatimes.com/life-style/health-fitness
→ www.jottingjogger.com/running-history
→ www.nerdfitness.com/blog/running-properly