Myanmadagi 99 million yillik qahrabodan yerqazuvchi kanalarning to‘rt turi topildi

Taxminan 99 million yoshga teng boʻlgan Birma qahrabosidan paleoentomologlar yerqazuvchi kanalarning toʻrtta yangi turini topdi. Bu kabi hasharotlar o‘z vakillari orasida birinchi marta uchrab turganini eʼtirof etgan olimlar ulardan ikkitasi toʻlaqonli yer qazishga moslashganini taʼkidladi. Tadqiqot natijalari Frontiers in Ecology and Evolution jurnalida chop etilgan.


Tuproq qalqonbardorlari yoki yerqazuvchi kanalar (Cydnidae) kanalar oilasi boʻlib, ularning aksariyat turlari maʼlum darajada tuproq bilan bogʻliq. Biroq ularning yerosti turmush tarziga moslashishi qachon yuz bergani haqida fanga kam narsa maʼlum. Tarix hujjatlarida keltirilishicha, tuproq qalqonbardorlari erta boʻr davridan erta miotsengacha yashagani maʼlum, ammo ushbu topilma vakillari tuproq hayotiga moslashmagan yoki ushbu qarash zaif ifodalangan.



Tuproq qalqonbardorlari — Amnestus pusillus (nar va moda). Dioli va boshqalar / Fragmenta Entomologica jurnali, 2021-yil

Pekindagi Poytaxt pedagogika universiteti xodimi Yunji Yao boshchiligida Xitoy va AQSh paleoentomologlari Myanma shimolida qazib olingan, taxminan 99 million yillik Birma qahrabosidan topilgan toʻrtta yangi turni tasvirlab berdi. Olimlar tomonidan ularga Acanthamnestus atridorsus, A.ovoideus, Laevigemma lisorum va Quinalveus hui degan nomlar berildi.


Tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, zamonaviy kanalarda ikkita belgi yerosti turmush tarzi toʻgʻrisida dalolat beradi. Ularning birinchisi, tikansimon tuklar va tuk bilan qoplangan yassi bosh qismi, ikkinchisi, birinchi juft qoʻl-oyoqdagi boldir qismining tekislangan va kengaygan distal uchlari. Bunda boldirning oʻzi qalin tikanlar bilan qoplangan boʻladi.


Ushbu xususiyatlarning ifodalanish darajasiga asoslanib, mualliflar zamonaviy va yerqazuvchi kanalar orasidan uchta morfotipni aniqladi. Birinchi morfotipda sanab oʻtilgan birorta xususiyat yoʻq. Ikkinchisining boshi yassilangan, ammo unda faqat sochga oʻxshash toʻplamlar mavjud xolos, boldir yumshoq tikansimon tuklar bilan qoplangan va uning distal uchlari faqatgina biroz kengaygan. Nihoyat, uchinchi morfotipda yuqorida sanab oʻtilgan barcha xususiyatlar toʻliq rivojlangan.


Chapdan oʻngga: birinchi, ikkinchi va uchinchi morfotiplar. Moviy rangda zamonaviy tuproq qalqonbardorlari, qizil rangda esa qazib olingan hasharotlar tasvirlangan. D – yoshi taxminan 125,8–124,1 million yil deb taxmin qilinayotgan, kech boʻr davriga mansub Isyan tuzilmasidan (Yixian Formation) topilgan Cilicydnus robustispinus nomli tuproq qalqonbardori. Sile Du va boshqalar / Frontiers in Ecology and Evolution jurnali, 2022-yil

Birinchi morfotipning zamonaviy vakillari asosan oʻsimliklarda yashaydi, ikkinchi tur vakillari esa yer qazishga qodir boʻlsalar-da, lekin koʻp hollarda tuproq yuzasida istiqomat qiladi, uchinchi morfotip aʼzolari haqiqiy yerosti aholisidandir. Tadqiqotchilar fikriga koʻra, bu xususiyatlarning barchasi qahrabo ichidan topilgan tuproq qalqonbardorlariga ham xos boʻlgan. Olimlar L.lisorum va Q.hui turlarini ikkinchi morfotipga, A.atridorsus va A.ovoideus’larni esa uchinchi morfotipga kiritgan. Shunday qilib, paleontologik maʼlumotlarda birinchi marta tuproq qalqonbardorlari orasida haqiqiy yerqazuvchilar topildi.


Birma qahrabosidan topilgan ikki xil morfotip. A, B va C – Acanthamnestus ovoideus (uchinchi morfotip), D va E – Laevigemma lisorum (ikkinchi morfotip). Sile Du va boshqalar / Frontiers in Ecology and Evolution jurnali, 2022-yil

Filogenetik tahlil Acanthamnestus turi Amnestinae oilasiga mansub ekanini koʻrsatdi. Ushbu kichik oilaning baʼzi zamonaviy turlari (Amnestus turi) anjir kabi tut oilasiga mansub (Moraceae) daraxtlar yonidagi tuproqda yashaydi va ulardan tushgan mevalar bilan oziqlanadi. Mualliflarning taʼkidlashicha, qazib olingan amnestinlarning yashash hududi qazib olingan tutsimonlar atrofida yashovchilar (yoki ularning ibtidoiy qarindoshlari) hududlari bilan kesishadi. Bu shuni koʻrsatadiki, ushbu organizmlar boʻr davridayoq bir-biri bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, yerga toʻkilgan tutsimon daraxt mevalari bilan oziqlanish amnestinlarga yerosti hayot tarziga oʻtishga koʻmaklashgan boʻlishi mumkin (mualliflarning fikricha, tuproqdagi hayotga moslashish kanalarning turli guruhlarida mustaqil ravishda paydo boʻlgan).


Erta boʻr davridan (120 million yil oldin) hozirgi kungacha amnestinlar (Amnestinae) va tutsimonlarning (Moraceae) yashash hududlari. Sile Du va boshqalar / Frontiers in Ecology and Evolution jurnali, 2022-yil

Muallif: Semyon Morozov. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “В янтаре из Мьянмы возрастом 99 миллионов лет нашли четыре вида клопов-землекопов” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: Acanthamnestus ovoideus nomli yerqazuvchi kananing boshi. Sile Du va boshqalar / Frontiers in Ecology and Evolution jurnali, 2022-yil