Men vaqt tejayman deb juda koʻp vaqtimni yoʻqotganman.
Doʻkonda aylanib yurmaslik uchun tez buzilmaydigan mahsulotlarni onlayn sotib olganman. Kelganimda tayyor boʻlishi uchun ilova orqali buyurtma berganman. Lekin nima qilsam ham bu optimallashtirishlar meni xursand ham, rozi ham qilmayotganini sezardim.
mathwithbaddrawings.com
Aslida bu ajablanarli emas. Samaradorlik resurslarni tejaydi, lekin ularga maʼno bermaydi. Vaqtni bor kuchim bilan tejashga intilishim meni yaxshiroq er, yaxshiroq ota, doʻst, yozuvchi, aka yoki kapitalizmning oxirgi bosqichidan omon qolgan odamga aylantirmaydi.
Ha, buni oʻzgartirish qiyin. Mening optimallashtirishga boʻlgan ishtiyoqim juda chuqurlashib ketgan.
Balki iqtisodiyot darslarini juda koʻp oʻqib yuborgandirman. Ehtimol buni oziq-ovqat kassalari navbatidek tezlikda yashab oʻtib ketgan hominid ajdodlarimdan meros qilib olgandirman. Balki oʻzimning ruhiyatimda buzilish bordir. Sabab nima boʻlishidan qatʼiy nazar, baʼzida optimallashtirishni yaxshi koʻradigan miyamni oʻchirolmay umidsizlikka tushaman.
Shuning uchun vaqtni maqsad emas, cheklov sifatida koʻrishni oʻrganishga harakat qilyapman.
Har qanday optimallashtirish muammosida biz foydaga oʻxshagan natijani maksimallashtirishga (yoki narxga oʻxshagan natijani minimallashtirishga) urinamiz. Bu bizning maqsadimiz. Buni amalga oshirish davomida bizning byudjetimiz yoki mavjud mahsulotlar tufayli vujudga keladigan muayyan cheklovlarga boʻysunishimiz lozim. Aynan shular cheklovlardir.
Gap shundaki, koʻplab optimallashtirish hollari bir qancha yoʻllarni taqdim etadi.
Masalan, bugungi kechki ovqatni optimallashtirishning bir yoʻli: taom muayyan bir taʼm darajasiga ega boʻlsa, unga ketadigan vaqtni minimallashtiring. Yaʼni, qanday qilib eng qisqa vaqt ichida hech boʻlmasa 10 balldan 6 oladigan ovqat qila olaman?
Mana boshqa bir yondashuv: taomni tayyorlash maʼlum bir maksimal vaqtdan koʻprogʻini talab qilmasa, uning taʼmini maksimallashtiring. Yaʼni, 40 daqiqa ichida pishira oladigan eng yaxshi taomim nima?
Ikkala holatda ham mazali, tez pishadigan taom izlanadi. Ammo farq juda muhim. Cheklovlarga zoʻrgʻa amal qilinadi. Optimallashtiruvchilar bularni “faol” yoki “ayovsiz” cheklovlar deb atashadi. Xoʻsh, biz qaysi birini xohlaymiz: taʼm chegarasiga zoʻrgʻa yetadiganinimi yoki berilgan vaqt ichida zoʻrgʻa tayyorlanadiganinimi?
Masala shunday qoʻyilsa, javob aniq boʻladi.
Hayotni optimallashtirishga kelgach oddiy cheklovlar yaxshi, lekin oddiy maqsadlar bunday emasligini tushunib yetdim.
Mening hayotimdagi cheklovlarim boʻlgan vaqt, energiya, pul turli miqdorda mavjud boʻladi. Jamgʻarma hisobidagi balansi cheklangan oddiy mavjudot boʻlish shunaqa boʻladi. Ammo odatda meni qiziqtirgan maqsadlar — samimiylik bilan yozish, mehrli ota boʻlish, kardamom bilan ovqat pishirish — bunaqa emas. Bu sirlarga toʻla borliqdagi murakkab bir ruh egasi boʻlish deyiladi.
mathwithbaddrawings.com
Muallif: Ben Orlin. Ushbu maqola mathwithbaddrawings.com saytidagi “Optimizing your life without losing your soul” nomli maqolaning tarjimasi.