Perseverance kosmik kemasi ilk bora Marsda Quyosh galosini ko‘rdi

“Perseverans” kosmik apparati birinchi marta Marsda Quyosh galosini koʻra oldi. Bu Yerdan tashqaridagi muhitda qayd etilgan birinchi holat. Olimlarning fikricha, galo Qizil sayyora atmosferasidagi suv muzining mikrometr oʻlchamdagi, olti burchakli kristallari tomonidan hosil qilingan. Maqola Geophysical Research Letters jurnalida chop etilgan.


Atmosfera galosi hodisasi Yer aholisiga yaxshi maʼlum. U Quyosh yoki Oy kabi yorqin yorugʻlik manbalari atrofida, Yer troposferasidagi muz kristallari ustida yorugʻlikning tarqalishi va sinishi tufayli sodir boʻladi. Yerda yuz beradigan galo hodisasi halqalar, yoylar yoki dogʻlar kabi turli xil shakllarga ega boʻlishi mumkin. Mars misolidagi maʼlumotlar shuni koʻrsatadiki, Qizil sayyora muz bulutlarining zarralari mikrometr oʻlchamdagi murakkab koʻpburchaklar boʻlishi mumkin. Ular Yerdagi patsimon bulutlarga oʻxshaydi va Mars yuzasida kuzatuvchi uchun galo shakllanishiga sharoit yarata oladi. Biroq “Kyuriositi” roveri va “ Feniks” stansiyasi kuzatuvlariga qaramay, Qizil sayyora atmosferasida bunday hodisa ilgari qayd etilmagan.


Boulderdagi Koinot fanlari instituti xodimi Mark Lemmon boshchiligidagi bir guruh sayyorashunos olimlar 2021-yil 15-dekabr kuni ertalab Marsda quyosh galosining birinchi aniqlanishi haqida xabar berdi. Hodisa sayyora ekvatori yaqinidagi “Yezero” kraterida ishlayotgan “Perseverans” roverining kameralari yordamida 3,3 soat davomida kuzatilgan.


Marsdagi galo Quyoshdan 22 daraja atrofida joylashgan aylana shaklida koʻringan hamda sovuq va bulutli ob-havoda kuzatilgan. Olimlarning fikriga koʻra, galo uzunligi va diametri 11 mikrometrdan ortiq boʻlgan olti burchakli prizmalar (yoki ustunlar) koʻrinishidagi muz kristallari tomonidan yaratilishi mumkin. Kristallar dastlab 40–50 kilometr balandlikda joylashgan boʻlib, kuzatish davrida ular 3–12 kilometr balandlikka qadar tushishi mumkin edi.


Tadqiqotchilar Marsda galo hosil qiluvchi bulutlar suvning yuqori darajada toʻyingani tufayli juda kam uchraydigan hodisa, ammo yoz faslining oʻrtalarida sayyoraning shimoliy subtropik mintaqalarida keng tarqalishi mumkinligi haqida xulosaga kelishdi.


Muallif: Aleksandr Voytyuk. Ushbu maqola nplus1.ru saytidagi “«Персеверанс» впервые увидел солнечное гало на Марсе” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: M. T. Lemmon va boshqalar / Geophysical Research Letters jurnali, 2022-yil