Quchoqlashishni man qilmang!

Kanadaning Saymon Freyzer universiteti dotsenti Lara Aknin boshchiligidagi mutaxassislar guruhi uyda uzoq vaqt qolish zarurati, yaqinlar bilan uchrashuvlarni taqiqlash va pandemiya davrida odamlar boshdan o‘tkazishiga to‘g‘ri kelgan qator cheklovlar — yuqori darajadagi stressga olib kelishi va ruhiy salomatlikni buzishini aniqlashdi. Biroq COVID-19 tufayli o‘limning ko‘payishi ham xuddi shunday ruhiy oqibatlarga olib keldi, shuning uchun kelajakda kuzatilishi mumkin bo‘lgan pandemiyalarda hukumatlar uzoq muddatli, qattiq cheklovlar qo‘ymasdan o‘lim darajasi ortishining oldini olish yo‘llarini topishi kerak.


COVID-19 ga qarshi chora-tadbirlarning samaradorligi infeksiya tarqalishini qanchalik kamaytirgani va bunda iqtisodiy yo‘qotishlarni minimallashtirganligiga qarab baholandi. Garchi ko‘plab olimlar izolyatsiya va boshqa qat’iy cheklovlarning ruhiy salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlashgan bo‘lsa-da, bu aloqa global miqyosda o‘rganilmagan — tadqiqotlar asosan alohida mamlakatlar yoki aholi guruhlari va vaqtinchalik kichik qismlar bilan cheklangan.


Lara Aknin boshchiligidagi guruh COVID-19 ga qarshi kurashning turli strategiyalari odamlar ruhiy salomatligiga qanday ta’sir qilishini o‘rganish orqali ushbu bo‘shliqni to‘ldirishga kirishdi. Olimlar o‘z xulosalarini “Lantset jamoat salomatligi” (“The Lancet Public Health”) nashridagi maqolada taqdim etishdi.


Tadqiqotchilar uchun SARS-CoV-2 ga qarshi turli strategiyalarga ega boʻlgan 15 ta davlatni tanlab olishdi va 2020-yil aprelidan 2021-yil iyunigacha boʻlgan davrda fuqarolarning ruhiy salomatligini baholashdi. Olimlar mamlakatlarni ikki toifaga: siyosati o‘z chegaralaridagi aholi o‘rtasida SARS-CoV-2 ning (Avstraliya, Yaponiya, Singapur, Janubiy Koreya) yuqishini yo‘q qilishga qaratilgan “likvidatorlar” va sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan yukni ko‘paytirmaslik uchun (Kanada, Daniya, Finlandiya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Niderlandiya, Norvegiya, Ispaniya, Shvetsiya va Buyuk Britaniya) COVID epidemiyasining tarqalishini nazorat qilishga va ularning oqibatlarini yumshatishga intilgan “bostiruvchi” davlatlarga bo‘lishdi.


Birinchi toifadagi davlatlar pandemiyaga tezda javob berishdi va infeksiya darajasi pastligi sababli tez orada yumshatish mumkin boʻlgan qat’iy choralarni ko‘rishdi. Ikkinchi toifadagilar esa vaqtni o‘tkazib yubordi va oqibatda yanada qattiqroq choralar ko‘rishga va uzoqroq muddat davomida qo‘llashga majbur bo‘ldi.


Tadqiqotchilar COVID-19 siyosatining jiddiyligi va turli mamlakatlar aholisining turmush darajasi va stressning og‘irligini baholovchi global so‘rov natijalari haqidagi ma’lumotlarni solishtirdilar. Respondentlar (javob beruvchilar), shuningdek, pandemiya sababli boshqalardan qanchalik tez jismonan uzoqlashishga majbur bo‘lishgani va hukumat infeksiya tarqalishining oldini olish uchun qanchalik samarali kurashayotgani haqida ham ma’lumot berishdi.


Ma’lum bo‘lishicha, oqibatlarni yumshatish strategiyasiga amal qilgan mamlakatlarda vaqt o‘tishi bilan stress darajasi oshgan, likvidator mamlakatlarda esa pasaygan. Shuningdek, “bostiruvchi” mamlakatlar aholisi hayot sifatining pasayishi haqida ko‘proq shikoyat qilishgan.


Tadqiqotlar davomida yana bir qancha qonuniy holatlar aniqlandi. Birinchidan, COVID-19 ga nistaban siyosatning jiddiyligi odamlarni jismoniy masofadan uzoqlashtirish choralari bilan ijobiy bog‘liqlikda bo‘lgan, bu esa o‘z navbatida ruhiy salomatlikning yomonlashishi bilan bog‘liq edi. Ikkinchidan, qattiqroq siyosiy choralar hukumatning pandemiyaga qarshi kurashini yomon baholash va yana ruhiy salomatlikning yomonlashuvi bilan bog‘liq bo‘lgan.


“Erta va maqsadli harakatlar virus tarqalish darajasining past boʻlishiga olib kelgan, siyosatning o‘rtacha qat’iyligi likvidator mamlakatlarda oqibatlarni yumshatish strategiyasini quvvatlovchi davlatlarga qaraganda pastroq edi. Likvidator mamlakatlarda ham kunlik o‘limlar soni kamroq bo‘lgan. Shunday qilib, virusni yo‘q qilish bo‘yicha COVID-19 siyosati, ayniqsa, insonlar orasidagi aloqalarni kuzatishning yuqori darajasi bu mamlakatlarni qattiqroq choralar va o‘limlar soning ortishi o‘rtasida tanlov qilishdan qutqardi”, — deb yozadi mualliflar.


Olimlar tadqiqot natijalari siyosatning yanada yaqqol keskinligi ham, pandemiyaning intensivligi ham xuddi shu darajada ruhiy salomatlikning yomonlashuvi bilan bog‘liqligini ko‘rsatganini qo‘shimcha qiladilar.


Likvidator mamlakatlar pandemiyaga tezda javob berishdi, shu jumladan, xalqaro sayohatlar va ichki turizmni cheklash infeksiyaning tarqalishini, COVID-19 o‘limini va, ehtimol, ruhiy salomatlik oqibatlarini ham kamaytirdi. “Bostiruvchi” mamlakatlar sayohatga nisbatan qattiqqo‘l bo‘lmagan va oqibatda ular odamlarni jismoniy ajratishga — jamoaviy yig‘ilishlarni cheklashga va ulardan uyda qolishni talab qilishga majbur bo‘lishdi. Biroq bu choralar ham ijtimoiy aloqalarni buzish va yanada yaqqol namoyon bo‘luvchi stress, hayot sifatining pasayishi va hukumat haqidagi fikrlarning yomonlashishiga olib keldi.


“COVID-19 pandemiyasi davrida hukumat choralari keng muhokama qilindi. Bir qarashda, likvidator davlatlarda xalqaro sayohatlarga taqiqlarning keng yoritilganligi sababli, boshqa davlatlarga qaraganda ancha qat’iy strategiyalarni amalga oshirgandek tuyulishi mumkin. Biroq aslida bu mamlakatlardagi odamlar “bostiruvchi” mamlakatlar fuqarolariga qaraganda koʻproq erkinlik va mamlakat ichidagi nisbatan yumshoq choralardan foydalanishgan”, — deydi Aknin.


Pandemiyaga qarshi samarali siyosat ruhiy salomatlik uchun salbiy oqibatlarga qarshi kurash strategiyalari bilan hamohang bo‘lishi kerak, deya xulosa qiladi maqola mualliflari. Keyingi pandemiyalarda hukumatlar virus tarqalishini kamaytiradigan, ammo kundalik hayotga kamroq cheklovlar qo‘yadigan, masalan, ichki turizmni cheklash, lekin odamlarga o‘z uyidan chiqishni man qilmaydigan taktikalarga ustunlik berishlari kerak. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, aloqalarni o‘z vaqtida sinovdan o‘tkazish va kuzatish orqali qattiqroq choralar ko‘rmay turib, zararlanish hamda o‘limlar sonini kamaytirishga muvaffaq bo‘lish mumkin.


Ushbu maqola trv-science.ru saytidagi “Не запрещайте обниматься” nomli maqolaning tarjimasi.
Muqova surat: unsplash.com