Aqlli bo‘lish zararlimi?

Donishmandlikda qaygʻu koʻpligi rostmi? Zamonaviy tadqiqotlar oliy maʼlumotlilikning tushkunlik, xavotir va demensiya (keksalikdagi aqliy zaiflik)ga qanday bogʻliqligi borligini oʻrgangan holda “Ekklesiast”¹ kitobidan olingan yuqoridagi fikrning qanchalik toʻgʻriligini tekshirmoqda.


Odatda yuqori darajadagi bilim va ilmiy mansab bilan faxrlansa boʻladi deb oʻylaymiz. Biroq agar hamma narsa shunchalik oddiy boʻlganida, barcha davr ziyolilari bilimning ogʻir yukidan xalos boʻlish haqida orzu qilishmagan boʻlishar edi. Bilimli insonlar doimo oʻzlarini “soddalashtirish” va chuqur mulohaza talab qiluvchi aqliy mehnat, muqarrar qiyinchiliklarni oʻzlariga yuklamay, ichki sokinlik va hamohanglikda yashashga intilganlar.


Erazm Rotterdamskiy o‘zining “Ahmoqlikka maqtov” asarida aqlsizlikka «xizmat qiluvchilar»ni faylasuflar, shu bilan birga, o‘ziga ham namuna qilib ko‘rsatar ekan, shunday yozadi: “Mana bu ozgʻin xoʻmraygan kishilarga qarang — ular yo falsafani oʻrganish, yo shunga oʻxshash qiyin va zerikarli mashgʻulotga shoʻngʻishgan. Hali navqiron yigitga aylanmay turib, ular allaqachon qarib boʻlishdi. Qaygʻurish va tinimsiz, qistovli mulohazalar ularning qalbini vayron qildi, hayotiy quvvatlarini soʻrib oldi. Mening tentakchalarim esa aksincha — silliqligi, oppoqligi va nozikligi bilan haqiqiy akarnan choʻchqalariga² oʻxshashadi. Ular hech qachon qarilik uqubatini sezishmaydi, albatta, bilagʻonlar bilan muloqotda boʻlib zararlanib qolishmasa”. Russo tomonidan ommaga ma’lum qilingan “himmatli yovvoyi odam”ning romantik ta’rifi ham salohiyat baxtga sabab boʻla olmasligi va uning imkoniyatlaridan koʻngil qolishiga asoslangan.


Nature jurnalida chop etilgan ilmiy ish masala aslida umuman aks ta’sirga egaligini koʻrsatadi: oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, fan nomzodlari va magistrantlar hech qanday dissertatsiya yoqlamaganlarga nisbatan 6 marta koʻproq tushkunlik va xavotir simptomlari haqida xabar berishgan. Shu tadqiqot doirasida olimlar 26 mamlakatdan boʻlgan 2779 ta talaba bilan soʻrov oʻtkazib, ishtirokchilarning 40% ida xavotir koʻrsatkichlari oʻrtachadan kuchligacha boʻlgan oraliqda ekanligini hamda deyarli 40% kishida oʻrtacha va ogʻir depressiya belgilari kuzatilayotganini aniqlashdi. San-Antoniodagi Texas universitetining Salomatlik ilmiy markazi nevrologi Tereza Evans bu koʻrsatkichlarni oʻta xavotirli deb taʼkidladi.


Ammo quvonarli yangilik ham bor. Yaqinda olib borilgan boshqa tadqiqotga koʻra, universitetda oʻqish keksaygandagi aqliy zaiflikning oldini olishi va xotirani saqlab qolishda yordam berishi mumkin ekan. “Bu oliy maʼlumotlilar uchun yaxshi yangilik. Oliy maʼlumoti boʻlmaganlar uchun bu nimani anglatadi? Ularda qarilikdagi aqliy zaiflikning ehtimoli yuqori va bu nisbatan ertaroq boshlanishi ham mumkin”, — deydi tadqiqot rahbari, professor Eylin M. Krimmins.


Demak, yangi tadqiqotlarga tayanib shuni aytish mumkinki, yaxshi maʼlumotli va ilmga moyil insonlar aqliy ravshanlikni uzoqroq vaqtgacha saqlab qolishsa-da, kam hollarda oʻzlarini baxtli his etadilar. Bu esa hikmatli mulohazalarga boy, ammo tushkun hayot kechirishga zamin yaratadi.


[1] Ekklesiast — yahudiylik dinining muqaddas kitobi — “Tavrot” tarkibidagi yozma manba.


[2] Akarnan choʻchqalari — “Krommion choʻchqalari” deb ham ataladi. Yunon mifologiyasidagi mavjudot. Yexidna va Tifondan tugʻilgan. Teseyning jasoratlari ichiga bu choʻchqani yengish ham kiritilgan.


Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola → Aqlli bo‘lish zararlimi?