Peru janubidagi Naska choʻlida joylashgan Naska chiziqlari katta balandlikdan qaraganda koʻzga tashlanuvchi ulkan naqshlar toʻplamidir. Endi sunʼiy idrok boshqa yashirin belgilar uchun qidiruvlarni tezlashtirishga yordam bermoqda va bu allaqachon o’z natijasini ko’rsatmoqda.
Qumdagi sirli belgilar. Naska chiziqlari 1920-yillarda kashf etilganidan buyon mutaxassislarni hayratda qoldirib kelmoqda. Miloddan avvalgi 200-yildan milodiy 600-yilgacha yaratilgan bu belgilar toshni surib, uning ostidagi oq qumdan yasalgan “geogliflar” deb nomlanuvchi turli xil geometrik shakllar, odam va hayvon tasvirlari hisoblanadi. 1994-yilda ular UNESCOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan, ammo ularning yaratilishidan maqsad va belgilar maʼnosi tarixchilarga qorongʻuligicha qolmoqda.
Yashirin maʼnoni anglab. 2004-yil Yaponiyaning Yamagata universitetida Masato Sakay boshchiligidagi mutaxassislar guruhi barcha chiziqlarni yoʻqolib ketishdan saqlash va ularning ahamiyatini tushunish umidida belgilar joylashuvini aniqshlashga kirishdilar. Oʻn yildan ortiq vaqt davomida oʻtkazilgan dala ishlari va yuqori aniqlikdagi 3D maʼlumotlar tahlili natijasida jamoa 142 ta yangi naqshni kashf etdi. Bu haqda 15-noyabr kuni xabar qilindi. Geogliflar ikkita asosiy toifaga boʻlinadi. Hayvonlarga oʻxshash katta, masalan, 100 metr (330 fut) uzunlikdagi naqshlar marosim joylarini ajratish uchun qoʻllanilgan. Kichikroq belgilar, ularning ayrimlari 5 metrdan (16 fut) kichik, ehtimol sayohatchilar uchun toʻxtash nuqtasi boʻlib xizmat qilgan.
Murakkab vazifa. Kashf etilishi kerak boʻlgan yana koʻplab naqshlar mavjud, ammo ularni topish qiyinlashmoqda. Chiziqlarning aksariyati suv toshqini, yoʻl qurilishi va shaharlarning kengayishi natijasida zarar koʻrgan. Tadqiqotchilar ular ilgari taxmin qilinganidan ancha katta maydonni egallashi va anʼanaviy qidiruv usullarini qoʻllash koʻproq vaqt talab etishiga ishonadilar.
Yordam. IBM tadqiqot boʻlimi bilan hamkorlikda guruh hozirda qidiruvni tezlashtirishga koʻmak beruvchi chuqur oʻrganish algoritmlarini qoʻllamoqda. Juda katta miqdordagi geokosmik maʼlumotlar, shu jumladan, lidar, dron va sunʼiy yoʻldosh tasvirlari hamda geografik tekshiruvlarni birlashtirish, qidiruv maydonlarining yuqori aniqlikdagi xaritalarini yaratish uchun tadqiqotchilar bulut platformadan foydalanmoqdalar.
Ular neyron tarmoqni fanga maʼlum chiziqlar maʼlumotlari nusxalarini tanib olishga oʻrgatib, u orqali yangi naqsh namunalarini qidirmoqdalar. Jamoa sinov paytida ham yangi belgi — oldinroq toʻplangan maʼlumotlarda payqamay qolingan kichikroq odamsimon qiyofa tasvirini (yuqoridagi surat) aniqladilar. Mazkur topilmaga atigi ikki oy vaqt sarflandi; avvalgi metodlar odatda yillab davom etar edi.
Maqola Khan Academy Oʻzbek loyihasi doirasida tarjima qilingan. Havola → Peruda o‘yma naqsh namunalari topildi.