Barrel birligi qiymatlari qanday o‘lchanadi?

Barrel asosan AQSh va Britaniyaning sobiq mustamlakalari hududida keng tarqalgan hajm oʻlchov birligidir. U SI tizimiga kirmaydi va nostandart, yaʼni oʻnlik sanoq tizimiga tushmaydigan, ulushli birmuncha noqulay birlik. Suyuq va quruq (sochiluvchan) moddalar uchun turli xil barrel oʻlchamlari mavjudligi holatni yanada chigallashtiradi.


Qanday moddaning hajmi oʻlchanayotganiga qarab, quruq barrel va suyuq barrel hamda hammasidan alohida neft barreli ham boʻladi. Quruq barrel bilan asosan don-dun va shunga oʻxshash moddalarning hajm birligidagi miqdori ifodalanadi. Boz ustiga, donning har bir turi uchun alohida barrel qoʻllanadi, masalan, bugʻdoy, arpa va makkajoʻxori uchun alohida barrel boʻlishi mumkin.


Suyuq barrel bilan esa pivo, vino va hokazolarning hajm birligidagi miqdori belgilanadi. Neft barreli esa nomidan maʼlumki, faqat neftning hajmiy miqdorini koʻrsatish uchun qoʻllanadi. Ularning hammasini litrga oʻgirganda turlicha qiymatlar paydo boʻladi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, barrel aslo vazn birligi emas.


Barrel soʻzi ingliz tilida “bochka” degani boʻlib, oʻrta asrlarda ingliz savdo kemalarida tovarlar tashilgan bochkaning nomi barrel boʻlgan. Shunaqa bochkadan bittasiga sigʻadigan don miqdori bir barrel deb olingan va, shuningdek, bir barrel vino ham bitta shunaqa bochkaga sigʻadigan vino hajmi boʻlgan.


Tarixan barrel birligining qiymatlari AQSh va Angliya uchun boshqacha ham boʻlib qolgan.


Quruq barrel AQShda quyidagicha hajmlarga — 1 quruq barrel = 7,056 kub dyuym ≈ 3,28 bushel ≈ 105 quruq kvarta ≈ 115,6 litrga teng.


AQSh quruq barreliga koʻra oʻlchamda sotiladigan mahsulotlarning bir barrel hajmi quyidagicha standart vaznga ega boʻladi:


1 barrel zogʻora un = 200 funt = 90,7 kg;
1 barrel sement = 4 kub funt = 113 litr = 170,6 kg;
1 barrel shakar = 5 kub funt = 37 gallon = 142 litr ≈ 102,4 kg;
1 barrel bugʻdoy uni = 3 bushel = 196 funt = 88,9 kg;
1 barrel ohak = 280 funt = 127 kg;
1 barrel tuz = 280 funt = 130 kg.



Koʻrib turganingizdek, gʻirt mujmallikning oʻzginasi!


Suyuqlik barreli ham mujmallikda bundan qolishmaydi. Masalan, Britaniyada bir barrel pivo 36 gallon deb olinadi va u ≈163,7 litrga teng boʻladi. AQShdagi bir barrel pivo esa ≈117 litr boʻladi, bu esa ularda 43 gallonga teng keladi.


Umuman, suyuqliklar uchun esa AQShda bir barrel 31,5 gallon deb qabul qilingan va bu 119 litrga teng deb olinadi. Britaniya suyuqlik barreli esa 36 gallonga teng va 164 litrga toʻgʻri keladi.


Bunchalik chalkashlikning sababi oddiy: barrel — bochka degani. Avvallari bochkani standart boʻyicha tayyorlashmagan, savdo kemasida bochkada qanday tovar tashilishiga qarab, bochka ham turlicha tayyorlangan. Masalan, baliq, kit yogʻi, olma, don, sharob va hokazolar uchun oʻziga xos bochkalar ishlatilgan.


1700-yildan boshlab, ingliz savdo floti kemalari baliq, vino, kit yogʻi, kartoshka va hokazolarni tashish uchun 42 hajmli gallonga teng boʻlgan, standart bochkalarni qoʻllay boshlagan. AQSh Britaniyadan mustaqillikni qoʻlga kiritgach esa bu mamlakatda baribir ushbu birliklar qoʻllanilavergan.


Neft uchun alohida barrel qabul qilingan. Bir neft barreli 35 Britaniya galloniga va 42 AQSh galloniga toʻgʻri keladi. Bir barrel neft 159 litr hajmga ega boʻladi, yaʼni bir barrel hajmli bochkada 159 litr miqdorda neft boʻladi.


Fond birjalarida neft asosan ming barrel yoki million barrel hajmlarda savdoga qoʻyiladi. Ushbu hajmlar barrelning Mbbl (ming barrel) va MMbbl (million barrel) karrali birligi hisoblanadi. Baʼzan katta statistik hisob-kitoblar uchun milliard barrel (Gbl — gigabarrel) karrali birligi ham qoʻllanadi.


Maqola orbita.uz saytidan olindi. Original maqola → Barrel
Muqova surat: freepik.com