Har ikkala soʻz ham asli arabcha. Ammo oʻzbek tiliga turli yoʻllar bilan kirib kelgan.
Magazin Yevropa tillarini kezib, oxiri nemis yoki fransuz tilidan rus tiliga oʻtgan, ruschadan esa oʻzbekchaga. U arabcha maxzan soʻzining koʻplik shakli maxozindan, asliyatda xazina, qimmatli mollar saqlanadigan ombor, katta savdo joyi maʼnolarini anglatadi.
Maxzan soʻzi tilimizga oldinroq kirib kelgan. Jumladan, Navoiy asarlarida bu soʻz xazina maʼnosida qoʻllanadi. Xazina va maxzan soʻzlarining oʻzagi bir.
Inglizchada jurnallar magazine deb ham ataladi. Bu soʻz ham arabcha maxozinga borib taqaladi. Dastlab harbiy mulklarning bosma roʻyxati shu soʻz bilan ifodalangani yoki bosma nashr koʻchma maʼnoda “axborotlar ombori” boʻlgani uchun jurnal magazin deb atala boshlagan.
Magazin soʻzi qurol, apparat va asboblarning biror narsa joylashtirib qoʻyiladigan qismi maʼnosida ham ishlatiladi.
Doʻkon soʻzi ham asli arabcha, u asliyatda magazincha; chodir, ustaxona maʼnolariga ega. Oʻzbek tilida savdo-sotiq joyi maʼnosidan tashqari hunarmandlar ishxonasi va ular ishlatadigan dastgoh maʼnolarida ham qoʻllanadi.
Doʻkon soʻzi ham tilimizga ancha ilgari kirib kelgan. Jumladan, Navoiy asarlarida bu soʻz xuddi hozirgidek maʼnolarni ifodalagan.
Maqola oriftolib.uz saytidan olindi. Original maqola → Magazin va doʻkon
Muqova surat: freepik.com