Birinchi o‘qituvchim…
“Mehribon ustoz, bag‘rikeng inson, farishtamonand ayol…” Bu so‘zlarni tilga olganimda, ko‘z o‘ngimda birinchi ustozimning samimiy chehrasi gavdalanadi. O‘ylab ko‘rsam, birinchi o‘qituvchim haqida juda oz narsa bilar ekanman. Bilganlarim ham mana shu soddagina tavsif-u, unga nisbatan qalbimda yillar osha ulg‘aygan, o‘z shaklini, rangini o‘zgartirib borgan tuyg‘ular, xolos.
Ilk qadam
Yetti yoshga to‘lmay opamga ergashib maktabga chiqdim. “Maktab”, “o‘qituvchi” degan so‘zlarning mohiyatini hali to‘la anglamagan, ruchka ushlashni ham eplolmaydigan bola edim. Ko‘nglimda ishonchning murg‘ak tomirlarini uyg‘otgan va uni kelajak orzulariga payvand aylagan birinchi ustozim!
Bu shunday ishonchki, mashaqqat onlarida toqat, baxtli lahzalarda shukronalik bo‘lib qalbimda ko‘z ochdi. U yashash uchun kuch berib, quloqlarim ostida “Sen hammasini uddalaysan”, degan sado bo‘lib jaranglayveradi.
Esimda, maktabga qatnay boshlaganimga bir hafta bo‘lmay topshiriqlaringizdan charchadim. Soatlab partada o‘tirishdan zerikdim. Bog‘chadagi kabi istagan paytimda do‘stlarim bilan o‘ynashni, o‘yinchoqlar talashishni qo‘msadim. Mendagi loqaydlik, dangasalikni ko‘rib qo‘limga rasmli kitob tutqazdingiz. Ertak qahramonlarini ranglarga ajratib bo‘yash, ular haqida bilganlarimni gapirib berishni vazifa qilib topshirdingiz. Sinfdoshlarim harf tanib, yozishni o‘rganayotganda, men topshirig‘ingizni bajarishga harakat qildim-u, uddalay olmadim. Sababi, yozishni ham eplolmaydigan, tengdoshiga umid bilan tikilgan qorako‘zlarga kitobdagi suratlarga qarab ertak aytish, voqealarni qiziqarliroq qilib yetkazish oson emasligini tushundim. Harf tanimasligim menga pand berganini angladim. Sinfdoshlarimdan ortda qolmaslik uchun hijjalab o‘qishni, harflarni chiroyli va bexato yozishni o‘rgandim. Dilga dalda bo‘lguvchi mehrli nigoh-la bergan saboqlaringiz bois, ko‘p o‘tmay, sinfning eng a’lochi o‘quvchilari safidan joy oldim. Nutqimning ravon bo‘lishida beminnat dastyor – kitob bilan do‘st bo‘ldim. Bu do‘stim yillar mobaynida yo‘limni ziyo nurlari bilan yoritdi. Osmon kabi yuksak orzularim tomon yetakladi.
Balog‘at onlari
Boshlang‘ich sinfni tamomlab, o‘rta ta’lim davriga qadam qo‘ydik. Hayot o‘sha-o‘sha edi: o‘sha maktab, o‘sha sinf xonasi, tanish chehralar… Ammo, bunda sizning o‘rningizni hech kim, hech narsa bosolmadi. Keyinchalik esa uni qalbdagi shirin xotira va mislsiz sog‘inch to‘ldirdi. Bu sog‘inch shunday sog‘inchki, diydor bilan taskin topmaydi. Diydor damlarida ham diydorga ichikadigan sog‘inch. Bu sog‘inch xotira kitobida “Mening birinchi o‘qituvchim” degan sarlavha bilan muhrlanib qoldi. Yodimda, maktabni bitirish arafasida ustozimiz “Kim bo‘lsam ekan?” mavzusida insho yozib kelishimizni aytdi. Shunda hech ikkilanmay “Ustozim kabi o‘qituvchi bo‘laman” degan fikr xayolimdan o‘tdi. Qo‘limga qalam oldim-u, ammo, sizdek fidoyi, jonkuyar ustoz ta’rifiga munosib so‘z topolmadim.
Men talabaman
Uyqudan voz kechib kechasi bilan kitobga tikilganlarim foyda berib nufuzli oliygoh talabasi bo‘ldim. Talabalikning eng baxtiyor, shirin lahzalari og‘ushida yurganimda sizni uchratdim. O‘sha mehr to‘la nigoh, samimiy so‘zlar. Yurishi, kiyinishi va so‘zlashi bilan shogirdlari qalbida havas uyg‘otgan, ularga ibrat bo‘lgan muallimaning chehrasida yillar tarxi, sochlariga oq oralagan. Shunda o‘zimni aybdordek his qildim. Siz bergan bilim tufayli oliygoh talabasi bo‘libman-u, bir og‘iz “rahmat” aytish, holingizdan xabar olishni xayolimga ham keltirmabman. O‘sha kuni bayramlarda, albatta, uyingizga borishga va’da berib xayrlashdim.
Bugun…
Vaqtim yo‘qligini ro‘kach qilib, men uchun yuragidan joy, umrining to‘rt yilidan imkon bergan insonni sog‘insam-da, borolmayapman. Har safar ustozimni yodga olganimda, soxta taskinlar bilan vijdonimning sanchig‘iga malham qo‘ymoqchi, o‘zimni ovutmoqchi bo‘laman.
Bular mening birinchi o‘qituvchim haqida yuragimdan izlab topgan mayda haqiqatlarim, xolos. Eng buyuk haqiqat shuki, bu inson qo‘llarimga dastgoh qilib qalam emas, baxt tutqazgan. Kelajakka qanot berib parvoz qilishni, to‘siqlarni yengib o‘tishga kuch topishni o‘rgatgan. Maqsadimga erishishda sabr va bilim mening eng yaqin hamrohim ekanligini uqtirgan. Bolalik ho-yu havaslari bilan to‘ymagan qalbimni ma’rifatdan ushatgan rizqi bilan to‘ydirgan
Ortda qolgan yillar kinotasma kabi ko‘z oldimda aylanarkan, “bugun menga hech qanday bahona to‘siq bo‘lolmaydi” dedim-da, do‘kondagi eng chiroyli guldastani bag‘rimga bosganimcha, har bir so‘zi hikmatga aylangan o‘qituvchimning uyi tomon oshiqdim. Uning ostonasida meni beg‘ubor bolaligim kutayotgandi…
Iroda UMAROVA
gulxan.uz