Ikkita SIM-karta smartfon quvvatini tez tugatadimi?

Bugungi kunda SIM-kartalar uchun ikki slotlilariga qaraganda bir slotli smartfonlarni topish qiyinroq bo‘lib qoldi. Bunday o‘zgarishdan hatto flagmanlar ham chetda qolmagan – faqat Apple va Google’ni aytmaganda. Ular hali ham «ikki uyachali» smartfonlarni taklif qilgani yo‘q. Bu kabi gadjetlarning ommabopligi shundaki, ular qulay va zarur. Biroq odamlar orasida shunday gaplar ham yuradi – emishki, ikki SIM-kartali smartfonlar tez quvvatsizlanib qoladi. Bu albatta, yoqimsiz, ayniqsa, ikkinchi SIM-kartadan har dom ham foydalanilmasa. Xullas, shunday xavotir o‘rinlimi, degan savolga javob olishga qaror qilgan mutaxassislar ikkita hamda bitta SIM-kartali smartfonlarning aniq vazifalar ustida mustaqil ravishda qanday ishlashini tekshirib ko‘rishdi.


SIM-kartadan foydalanishning qanday variantlari mavjud?

Ikkita SIM-kartadan foydalanish imkoniyati ikki SIM-slotli qurilmaga qadar paydo bo‘lgandi. Taxminan, bir vaqtning o‘zida adapterlar va dasturiy SIM-kartalardan foydalanish keng urfga kirdi. Adapterdan foydalanish uchun original SIM-kartadan chiplarni qirqib olish lozim bo‘lardi, dasturiy SIM-kartalar uchun esa, programmator zarur edi, u ma’lumotlarni operator kartalari bilan hisoblash imkonini berardi. Shuningdek, bitta telefonda sakkizta raqamgacha foydalanish uchun ikki yechim o‘zaro uyg‘unlashtirilib, yagona yechim ishlab chiqildi.



Operatorlar chiplarni himoya qilishning yangi standartlariga ommaviy ravishda o‘tishi natijasida SIM-kartalarni programmator bilan hisoblash mumkin bo‘lmay qoldi, adapterlar esa, g‘ayrioddiy ko‘rinsa-da, haligacha ishlab chiqariladi va o‘sha iPhone tutuvchilar orasida o‘zining kamtarona o‘rniga ega.


Ikkita SIM-karta smartfon quvvatini tez tugatadimi?

Dastavval, SIM-kartalar o‘rtasidagi sarguzashtlar telefonni qayta yoqishdanoq boshlanardi (yoki kommunikatorlarda aviarejimni o‘chirish-yoqish), so‘ngra boshqa imkoniyatlar ham paydo bo‘ldi: SIM-menyu orqali yoki hatto maxsus raqamga qo‘ng‘iroq qilishda ham. Darvoqe, oxirgi ikki usul tez-tez ishlamay qolardi, hamda adapterlar va dasturiy kartalar foydalanuvchilari baribir gadjetlarini qayta yoqishlariga to‘g‘ri kelardi. Tabiiyki, ikki SIM-karta bilan ishlash endi ancha mukammallashdi, deb bo‘lmasdi: telefon har doim faqat bitta kartani ko‘rar, boshqa SIM-karta orqali qo‘ng‘iroq qilish yoki qo‘ng‘iroqni qabul qilish uchun esa, gadjetni qo‘l bilan qayta yoqish lozim bo‘lardi.



Ikki SIM-kartadan foydalanishga talabning yuqoriligi tushunib yetilgach, ishlab chiqaruvchilar bu yechimni bevosita devaysning o‘ziga o‘rnata boshlashdi. Dastlab, allaqachon unutilgan Dual SIM Single Standby (DSSS) texnologiyasi paydo bo‘ldi. U adapter kabi zarur kartaga qo‘lda o‘tkazishni talab qilardi, shu sababli u atigi bir nechta telefonda paydo bo‘ldi, masalan Nokia C1-00 da.



Taraqqiyot yo‘lidagi navbatdagi qadam, tabiiyki, bu telefonlarda har bir SIM-karta uchun bir yo‘la ikkita qabul qilgich va uzatgichdan foydalanish bo‘ldi. Dual SIM Dual Active (DSDA) texnologiyasi bir vaqtning o‘zida qo‘ng‘iroqlarni ikkala raqamda ham qabul qilish imkoniyatini berdi. Ammo kutilganidek, signallarni qabul qilishning yuqori sifati va ma’lumotlarni uzatish tezligi, tabiiyki, akkumulyatorni tez quvvatsizlantirar va gadjetning qimmatlashuviga olib kelardi. Ikkita radiomodulli smartfonlar hozirda ko‘p chiqarilmaydi. Masalan, ana shunday DSDA apparatlarning biri Honor 8 hisoblanadi.



Nihoyat, Dual SIM Dual Standby (DSDS) texnologiyasi kelishi bilan narxi, energiya iste’moli va qulaylik orasida muvozanat topildi. DSDS aksariyat zamonaviy smartfonlarda ishlatilmoqda va atigi bitta radiomodulni talab qiladi, SIM-kartaga kirish vaqtinchalik multipleksirlash orqali amalga oshiriladi. Bu esa, qo‘ng‘iroqni vaqtning istalgan daqiqasida, istalgan SIM-kartadan qabul qilish imkonini beradi, shuningdek, sizning Internetga kirishingizni yoki SMS yuborishingizni aslo cheklamaydi. Ammo bir SIM-kartada faol qo‘ng‘iroq qilib turganingizda boshqasida qo‘ng‘iroq qila olmaysiz. Garchi standart bo‘yicha bu talab qilinmasa-da, DSDS’ni qo‘llayotgan qariyb barcha qurilmalar ikkita IMEI raqamiga ega. Boshqacha bo‘lganida, bir operatordan ikki SIM-kartada foydalanish mojaro keltirib chiqarishi mumkin edi.

Qo‘sh SIM-karta quvvatni tez tugatadi(mi)?
DSDS-smartfonlar avval boshdanoq ikkita SIM-kartadan foydalanganda yuqori energiya iste’moli muammosidan xoli bo‘lishi ko‘zda tutilgan esa-da, mutaxassislar nazariy tomonlariga ishonmay, gadjetlarni aniq foydalanish sharoitida sinab ko‘rishga qaror qilishdi. Tajriba sifatida DSDS o‘rnatilgan Honor View 10 tanlandi, chunki u ikkita SIM-karta bilan ishlayotgan eng ommalashgan qurilma edi. Energiya tejovchi barcha funksiyalar ishga tushirilgan edi, SIM-kartani sozlash faolsizlantirildi.



Tajribachilar kundalik hayotimizda smartfondan foydalanishning uchta ssenariysi bo‘yicha to‘plam tuzib chiqishdi:

* onlayn-o‘yinlar — World of Tanks displeyning yuqori yorug‘ligi sharoitida 30 daqiqa davomida;

* syorfing va maxsus tarmoqlar — displeyning o‘rtacha yorug‘ligida Chrome, Facebook va Telegram’dan 30 daqiqa foydalanishda;

* suhbat — ekran o‘chirilgan holda, uyali aloqa orqali 30 daqiqalik qo‘ng‘iroq;

* kutish rejimi — 12 soat yoqib qo‘yilgan displeyda.

Har bir test ikkita va bitta SIM-karta uchun ikki martadan qo‘llanildi. Oxirgi holatda ikkinchi SIM-karta gadjetdan sug‘urib olinmadi, shunchaki, smartfon menyusidan o‘chirib qo‘yildi.



Testlarni bajarib bo‘lgach, mutaxassislar smartfon akkumulyatori necha foiz quvvatsizlanganini o‘lchashdi va olingan natijalarni jadvalga kiritishdi:



Test natijalaridan ko‘rinib turibdiki, energiya iste’moli bo‘yicha sezilarli farq faqat o‘yinlarda kuzatildi. Biroq bu yerda, turli kartalar renderingining o‘ziga xosligi yoki energiya iste’molining boshqa fluktuatsiyasi ham o‘z so‘zini aytishi mumkin. Qolgan testlarda bitta va ikkita SIM-kartalar orasida energiya iste’moli bo‘yicha farq kuzatilmadi. Ko‘rinib turibdiki, gap bu yerda foydalanilayotgan SIM-kartalar soniga bog‘liq emas ekan.

Xulosa
Kichkinagina tajriba o‘tkaza turib, mutaxassislar shu narsaga aniqlik kiritishdiki, ikkita SIM-karta o‘rnatilgan smartfondan cho‘chishning aslo keragi yo‘q. Uyali aloqadan foydalanganda akkumulyator quvvatining sezilarli qismi radiomodul orqali sarf bo‘ladi, qizig‘i shundaki, unga bitta SIM-kartadan foydalanyapsizmi, yoki DSDS texnologiyasi yordamida uni ikkita SIM-karta o‘zaro taqsimlab olyaptimi – umuman farqi yo‘q. Shu bois, hatto siz smartfoningizda odatda bitta SIM-kartadan foydalansangiz ham, biz sizga aynan ikki o‘rinli gadjetlardan xarid qilishni maslahat beramiz: bu tanlovingiz na energiya iste’moliga va na narxiga ta’sir qiladi. Ammo mamlakat bo‘ylab yoki xorijga safarga chiqqaningizda ikkinchi raqamdan foydalanish imkoniyati siz uchun ayni muddao bo‘ladi, ishonavering.

DiMaX Terabayt.uz

Bu va boshqa maqolalarni kanalimizda kuzatib boring: @itspecuz