“Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” qo‘shiqlar tanlovi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida qo‘shiqlar tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida

NIZOMI

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” qo‘shiqlar tanlovini (keyingi o‘rinlarda – Tanlov) o‘tkazish tartibini belgilaydi.

2. Tanlov quyidagilarni nazarda tutgan holda o‘tkaziladi:

O‘zbekiston mustaqilligini tarannum etuvchi badiiy yetuk va betakror qo‘shiqlar yaratish;

iste’dodli kompozitor va bastakorlar, shoirlarni aniqlash

va ularning ijodini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish;

odamlarning yuragiga yetib boradigan, yoshlarni ezgulikka, vatanparvarlikka hamda uni ulug‘lashga chorlaydigan, ularni ma’naviy barkamol insonlar qilib tarbiyalashga xizmat qiladigan yangi asarlar yaratilishini rag‘batlantirish;

madaniyat va san’atga yoshlarning e’tibori hamda qiziqishini kuchaytirish, qo‘shiqchilik sana’tining boy, o‘ziga xos badiiy va estetik imkoniyatlarini tarannum etish, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash.

3. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “Teleradiokompaniya ZO`R” mas’uliyati cheklangan jamiyati Tanlovning tashkilotchilari hisoblanadi.

4. Tanlov uch bosqichda quyidagi sanalarda o‘tkaziladi:

birinchi bosqich – 10 aprelgacha;

ikkinchi bosqich – 15 apreldan 15 mayga qadar;

uchinchi bosqich – 15 maydan 15 iyunga qadar.

5. Tanlovni o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

2-bob. Tanlovni o‘tkazish tartibi va shartlari

6. Tanlovda O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlarning kompozitor, bastakor hamda shoirlari ishtirok etadi.

7. Ishtirokchilar ikki toifaga bo‘linadi:

mahalliy ishtirokchilar – O‘zbekiston Respublikasi hududida ijod qilayotgan kompozitor, bastakor hamda shoirlar;

xalqaro ishtirokchilar – xorijiy mamlakatlarning kompozitor, bastakor hamda shoirlar.

8. Tanlovga yuboriladigan asarlar janri va uslubi cheklanmagan.

9. Ishtirokchilar tomonidan Tanlov davomida asar o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

10. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Tanlovni o‘tkazish uchun maxsus veb-sayt

va Telegramm-bot tashkil etiladi hamda uning samarali ishlashi ta’minlanadi.

Madaniyat vazirligi huzuridagi Yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va axborot multimedia markazi” davlat muassasasi Tanlovning rasmiy

veb-sayti hamda maxsus Telegram-botini ma’lumotlar bilan to‘ldirilishini va yangilab borilishini amalga oshiradi.

11. Ishtirokchilar mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq ariza taqdim etadi hamda ariza tartib raqamidan kelib chiqqan holda tanlovda shaxsiy raqam (kod)iga ega bo‘ladi.

12. Tanlovda ishtirokchilarning ovqatlanish, transport va yashashi bilan bog‘liq sarf-xarajatlar ishtirokchi tomonidan qoplanadi.

13. Tanlovning birinchi bosqichida tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan ishtirokchilar tanlov uchun maxsus tashkil etiladigan

maxsus veb-sayt yoki telegramm-bot orqali joriy yilning 10 aprelga qadar ariza beradilar va o‘z asarlarini taqdim etadilar.

Maxsus veb-sayt yoki Telegramm-bot orqali yuborilgan asarlar Hakamlar hay’ati tomonidan joriy yilning 13 aprel kuniga qadar ko‘rib chiqiladi hamda saralab olinadi.

Saralab olingan asarlar Tanlovning ikkinchi bosqichida ishtirok etishga tavsiya etiladi.

14. Tanlovning ikkinchi bosqichga tavsiya etilgan asarlar Hakamlar hay’ati tomonidan joriy yilning 15 aprelidan 15 mayiga qadar hududlarga borgan holda o‘rganiladi, tanlov ishtirokchilari bilan tanishib, mazmunan teran, badiiy yetuk asarlar tanlab olinadi hamda uchinchi bosqichda ishtirok etishga tavsiya etiladi.

Ikkinchi bosqich – besh mintaqaga bo‘lingan holda tashkil etiladi

va o‘tkaziladi.

birinchi – Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Sirdaryo viloyati;

ikkinchi – Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari;

uchinchi – Samarqand, Jizzah va Navoiy viloyatlari;

to‘rtinchi – Surxondaryo, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari;

beshinchi – Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati.

15. Tanlovning uchinchi bosqichi joriy yilning 15 mayidan

15 iyuniga qadar tashkil etiladi va o‘tkaziladi.

16. Tanlovning uchinchi bosqichi Toshkent shahridagi “Turkiston” san’at saroyida bo‘lib o‘tadi hamda tanlov g‘oliblari aniqlanadi.

“Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi oldidagi maydonda Davlat bayrog‘i ostida tanlov g‘oliblarini taqdirlash, yopilish marosimi hamda o‘zbek estradasining yorqin yulduzlari ishtirokida gala konsert ochiq osmon ostida o‘tkaziladi.

17. Taqdim etilgan musiqiy asarlar (g‘oya) yangi ijod qilingan (mualliflik) bo‘lishi, ommaviy axborot vositalari hamda konsert dasturlarida ijro etilmagan bo‘lishi shart.

18. Tanlovda g‘olib bo‘lgan asarlar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining mulki hisoblanadi hamda mazkur asarlarga muallliflik huquqiga ega bo‘ladi.

3-bob. Hakamlar hay’ati vakolatlari hamda baholash

mezonlari

19. Hakamlar hay’ati tarkibi Ijodiy-ishchi guruhi tomonidan shakllantiriladi hamda tasdiqlanadi.

20. Hakamlar hay’ati tarkibiga taniqli san’atkorlar, xonandalar, bastakorlar, shoir va musiqiy sayqal beruvchilar, madaniyat va san’at vakillari kiritilishi mumkin.

21. Ishtirokchilar 10 ballik tizimda quyidagi tartibda baholanadi:

Hakamlar hay’ati – 70 foiz;

tinglovchi va tomoshabinlar – 30 foiz.

22. Ishtirokchilar tomonidan qo‘shimcha ball tanlov tinglovchi

va tomoshabinlari tomonidan ishtirokchi kod (raqami)ni tanlovning maxsus raqamiga sms orqali yuborish orqali to‘planishi mumkin.

23. Har bir yo‘llangan sms 0,001 ballni tashkil etadi hamda yuborilgan smslar soni elektron hisoblash orqali tele-loyihaning efirga uzatilishi vaqtida ko‘rsatib turiladi.

24. Tanlov ishtirokchilarini baholash jarayonida Hakamlar hay’ati tomonidan berilgan ballar muhokama etilmaydi hamda qo‘yilgan ball uchun izoh berilmaydi.

25. Ishtirokchilarni baholashda Hakamlar hay’atiga ishtirokchi

va asar muallifi to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etilmaydi.

26. Hakamlar hay’ati ishtirokchilarni shaxsiy raqam (kod)iga qarab baholaydi.

27. Hakamlar hay’ati ishtirokchilarga chiqishlari yuzasidan o‘z taklif va tavsiyalarini berishlari mumkin.

28. Tanlov ishtirokchilari tomonidan taqdim etilgan asarlarning tanlov shartlariga to‘la javob berishi, mazmunan boy ekanligi, milliy

va zamonaviy ijro uslublarini o‘zida mujassam etganligi, kuy va matn uyg‘unligi, janr, uslublari Hakamlar hay’ati tomonidan baholanadi.

29. Hakamlar hay’ati tomonidan ishtirokchilarga qo‘yilgan ballar uch nusxada bayonlashtiriladi hamda Tashkiliy qo‘mita tomonidan saqlanadi.

30. Ishtirokchi tomonidan tanlovning o‘tkazilishi davrida mazkur Nizom talablarini buzish holatlari aniqlansa (xabardor etilsa) qatnashchi Tashkiliy qo‘mitani ogohlantirgan holda Hakamlar hay’atining qarori bilan tanlovdan chetlashtiriladi.


4-bob. G‘oliblarni taqdirlash tartibi va tanlovni moliyalashtirish manbalari


31. Tanlov g‘oliblarini aniqlash Hakamlar hay’ati qaroriga asosan amalga oshiriladi.

32. G‘oliblar quyidagi tartibda taqdirlanadi:

“Gran-pri” – bazaviy hisoblash miqdori (keyingi o‘rinlarda – BHM)ning 500 barobari;

bitta birinchi o‘rin – BHMning 400 barobari miqdorida pul mukofoti, diplom, statuetka;

ikkita ikkinchi o‘rin – har biriga BHMning 300 barobari miqdorida pul mukofoti, diplom, statuetka;

uchta uchinchi o‘rin – har biriga BHMning 200 barobari miqdorida pul mukofoti, diplom, statuetka.

Hakamlar hay’ati tomonidan “Eng yosh xonanda”, “Tomoshabinlar e’tirofi”, “San’at fidoyisi”, “Eng yaxshi she’r muallifi”, “Eng yaxshi bastakor (kompozitor)” kabi qo‘shimcha nominatsiyalar joriy etilishi hamda munosiblar taqdirlanishi mumkin.

33. G‘oliblarga beriladigan pul mukofotlari ishtirokchilarning Tashkiliy qo‘mita tomonidan bank plastik kartalariga o‘tkazib beriladi yoki bank chekida taqdim etiladi.

34. G‘oliblarga topshirilgan pul mukofotlari ishtirokchilar (kompozitor yoki bastakor va shoir) o‘rtasidan teng taqsimlanadi.

35. Quyidagilar Tanlovni moliyalashtirish manbalari hisoblanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

36. Ishtirokchilar mahalliy sug‘urta kompaniyalari tomonidan berilgan ixtiyoriy tibbiy sug‘urta polisiga ega bo‘lishlari mumkin.

37. Mazkur Nizomga Tashkiliy qo‘mita tomonidan o‘zgartirish kiritilishi mumkin.

madaniyat.uz