Tishlarni oqartirish haqida

Tishlarni oqartirish haqida

Doktor Mo‘minovDecember 21, 2020


Kim bilan suhbatlashsam hech bo‘lmaganda tish oqartirish haqida so‘rab qolishadi. Chunki hamma ham estetik tomondan chiroyli ko‘rinishga harakat qiladi-da. Bugun halqimiz eng ko‘p so‘raydigan savollarga javob berishga harakat qilaman.


1.Tish o‘zi nima uchun sarg‘ayadi?


Sabablari ko‘p lekin asosiylarini sanab o‘taman: gigiyenaga amal qilmaslik, ayol homiladorlikda tetrasiklinli antibiotik ichsa bolasining tishlari sariq-jigarrang bo‘ladi, endokrin o‘zgarishlar, rangli, kislotaligi baland bo‘lgan ichimliklarni doimiy ichish, organizmdagi boshqa kasalliklar oqibati va qarilik.


Tetrasiklinli tish

2. Tish o‘zi qanday qilib oqartiriladi?


Barcha oqartirishlar asosida emalni shlifovka qilish ya’ni emal yuzasini oz miqdorda qirib tashlash turadi. Yoki zamonaviy usullardan masalan Zoom apparati yordamida emalga yopishgan, sarg‘ayishiga sabab bo‘lgan organik moddalarni nur bilan kuydirish orqali oqartiriladi. Mexanizm shu oddiy. Ko‘pchilik o‘ylaganchalik murakkab narsa emas.


Zoom apparati

3.Tish oqartirish asoratlari bormi?


Afsuski ba’zi stomatologlar tishini oqartirmoqchi bo‘lib kelgan bemorga oqartirgandan so‘ng qanday asoratlar bo‘lishini, oqargan tishning rangi yana yillar o‘tib avvalgidan ham yomonroq bo‘lib qolishi haqida ogohlantirishmayapti negadir.


Asorati: tishlar salgina ta’sirga ham sezgir bo‘lib qolishi mumkin. Undan tashqari oqargan tishning rangi vaqt o‘tib avvalgidan ham yomonlashib ketadi. Ya’ni bir oqartirdim endi bo‘ldi tishim doim shunaqa turadi deganlar adashadi.


4.Tish oqartirmoqchi bo‘lganlarga Doktor Mo‘minovning tavsiyalari:


A’zizlar, avvalo nima uchun tishingiz rangi o‘zgarib qolishining sababini topish kerak. Men yuqorida buning taxminiy sabablarini aytib o‘tdim.


Nima uchun oqartirmoqchisiz sababini aniq qiling. Shunchaki estetika uchun desangiz adashasiz.


Agar oqartirish uchun ko‘rsatma bo‘lsa oqartirish kerak. Masalan tish rangi ko‘p o‘zgarib ketgan bo‘lsa, juda xunuk ko‘rinsa. Ya’ni aytmoqchimanki sal-pal rangi yoqmay qolsa yugurib stomatologga bormaslik kerak tishimni oqartirib bering deb.


Aytgancha ko‘pchilik tish tozalatish bilan tish oqartirishni bitta narsa deb tushunadi. Shuning uchun bularni farqlab oling. Tish tozalatmoqchimisiz, tish toshlarini oldiroqchimisiz marhamat bu siz uchun faqat foyda.


Tabiiy oqartirish usullari haqida hali gaplashamiz.


Hurmat bilan Doktor Mo‘minov


Telegram kanalim: @doctor_Muminov