Adiblar xiyoboni manzil: “Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida Adiblar xiyoboni
Adabiyot har bir xalqning oʻtmishi, buguni va kelajagini bogʻlovchi taʼsir kuchiga ega muhim vositadir. Unda har bitta millatning madaniyati, urf-odati, dunyoqarashi, maʼnaviyati aks etadi. Demak, adabiyot yashasa millat yashaydi, uning shaʼni ulugʻlanadi, qadriyatlari qadr topadi.
Shu bois mamlakatimizda adabiyot va sanʼatga alohida hurmat bilan yondashiladi. Uni rivojlantirish yoʻlida islohotlar tizimli ravishda olib borilmoqda. Bundan 3 yil oldin ana shunday maqsadlarga xizmat qiluvchi yana bir yirik loyihaga qoʻl urilgan edi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 18-aprelda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻida Adiblar xiyoboni tashkil etish boʻyicha qarori qabul qilindi. Qarorga koʻra xiyobonning meʼmoriy-gʻoyaviy loyihasi ishlab chiqildi. Majmuaviy tarzda olib borilgan bunyodkorlik ishlari natijasida poytaxtimiz markazidagi Adiblar xiyobonining yaxlit meʼmoriy ansambli yaratildi. Bu tarixiy voqelik adabiyotimizni yana bir pogʻona yuksakka koʻtarishi bilan ahamiyatlidir.
Prezident mazkur maskanning ochilish marosimida Adiblar xiyobonini adabiyot, maʼrifat va madaniyat maskaniga aylantirish zarur ekanini taʼkidladi. Har bir adib haykalini muayyan oliy oʻquv yurtiga biriktirib, bu yerda ochiq darslar, maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Aytish mumkinki, xiyobon maʼnaviy jihatdan keng qamrovli boʻlib, u katta maqsadlar yoʻlida xizmat qiladi.
Sir emaski, bugun biz murakkab, turli tahlikalar boy boʻlgan bir zamonda yashamoqdamiz. Bunday davrda inson qalbiga yoʻl topish mushkuldir. Odamlarning dunyoqarashini boyitish, ezgu maqsad-gʻoyalarga ilhomlantirish uchun adabiyotdan keng foydalanish lozim. Uning taʼsiri natijasida, ayniqsa, farzandlarimiz ongini turli tahdidlar yot gʻoyalardan saqlashga erishamiz. Demak, maktablarda mahorat darslari, tanlovlar, noanʼanaviy oʻqitish uslublaridan samarali foydalanish, taʼlim-tarbiya jarayonida bolaga nafaqat bilim, balki estetik zavq bagʻishlab, darsga, fanga boʻlgan qiziqishini oshirishga xizmat qiluvchi yangiliklar joriy etish kerak.
Ayni paytda biz butun insoniyat boshiga tushgan pandemiyaga qarshi kurashish, iqtisodiy qiyinchiliklarni yengishimiz talab etiladi. Biroq bu mamlakatimizda boshqa sohalar nazardan chetda qoladi, degani emas. Ayniqsa, taʼlim-tarbiya sohasida yana-da katta masʼuliyatli vazifalar mavjud. Zotan, ilm bu maʼrifat, maʼnaviyat, bu insonning hayot-mamoti bilan bogʻliq boʻlgan jarayondir. Hozirgi murakkab vaziyatda Adiblar xiyobonining ochilishi hamda u yerda yaratilgan yuksak maʼnaviy meros obyektlari xalqimizning ruhiyatini koʻtarishga, yoshlarning kelajakka boʻlgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilishiga shubha yoʻq.
Shu oʻrinda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarini rivojlantirish agentligi tizimidagi taʼlim dargohlarida yurtimizdagi malakali kadrlar hamda xorijlik mutaxassislar bolalarga interaktiv tarzda chuqurlashtirilgan bilim berishmoqda. Yangi barpo etilgan xiyobon esa isteʼdodli, ijodkor oʻquvchilarimiz uchun ham katta sovgʻa boʻldi.
Hazrat Navoiy bobomizning muhtasham haykali atrofida 20 dan ziyod atoqli shoir va adiblarning haykallari yaxlit meʼmoriy va badiiy kompozitsiyada, mantiqiy yechim asosida joylashtirildi. Shu yerda Yozuvchilar uyushmasi uchun bino barpo etilgani ham hamohanglik kasb etdi.
Bugungi yoshlar internetdan, elektron adabiyotlardan koʻproq foydalanishi inobatga olsak, milliy adabiyotimiz xazinasini internetda targʻib etish eng samarali usul hisoblanadi. Zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda adabiy portallar yaratish ham muhim vazifalardan sanaladi. Unda mumtoz va zamonaviy asarlarning elektron nusxalari, yozuvchi va adabiyotshunoslarning mahorat saboqlari jamlanadi. Portal oʻzbek, ingliz va rus tillarida faoliyat koʻrsatsa, undan xorijlik muxlis va mutaxassislar ham foydalanishi imkoniyati yaratiladi.
Hozir vaziyat qanday boʻlishidan qatʼiy nazar, ertaga albatta u oʻz yechimini topadi. Shunday ekan biz avvalgidan ham katta kuch va gʻayrat bilan izlanishda davom etamiz. Yuksaklikka erishish uchun tinimsiz oʻqish, oʻqitish, katta mehnat va albatta sabr talab etiladi. Zero, bugun biz farzandlarimizga toʻgʻri va munosib taʼlim-tarbiya berish orqali oʻzimizning kelajagimizga investitsiya hozirlaymiz.
Sarvar BABAXODJAYEV,
Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi rahbari.