Prezidentning “2020/2021 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
Respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va sohalarida ehtiyoj yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislarni sifatli tayyorlashni ta’minlash, bakalavr va magistrlarni tayyorlashda ish beruvchilarning joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini inobatga olgan holda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan 2020/2021 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish umumiy parametrlari, shu jumladan:
a) bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha:
kunduzgi ta’lim shakliga – 101 555 nafar etib;
sirtqi ta’lim shakliga – 25 863 nafar etib;
kechki ta’lim shakliga – 4 368 nafar etib;
b) magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 10 643 nafar etib tasdiqlanadi.
2020/2021 o‘quv yilida ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tasdiqlanadi.
2020/2021 o‘quv yilida OTMga o‘qishga qabul
Davlat komissiyasiga quyidagi huquqlar beriladi:
zarurat bo‘lganda, yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini kiritish uchun davlat buyurtmasi parametrlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;
iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning, shu jumladan respublikaning olis va borish qiyin bo‘lgan tumanlarining mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar bo‘yicha maqsadli qabul parametrlarini belgilash;
qaror bilan tasdiqlangan grant o‘rinlari parametrlari doirasida zarurat yuzaga kelgan holda tegishli o‘zgartirishlar kiritish;
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning takliflari asosida oliy ta’lim muassasalarining (o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tayotgan oliy ta’lim muassasalaridan tashqari) nufuzi va hududiy joylashuvini hisobga olgan holda bazaviy to‘lov-kontrakt qiymatidan kelib chiqib tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt minimal miqdorining yagona ko‘rsatkichlarini ta’lim sohalari va respublika hududlari bo‘yicha belgilash.
Belgilab qo‘yilishicha:
a) oliy ta’lim muassasalariga davlat granti asosida ajratiladigan qabul parametrlari bosqichma-bosqich 2022-2023 o‘quv yiliga qadar (2020-2022 moliya yillari mobaynida) 2019-2020 o‘quv yiliga nisbatan ikki barobarga oshiriladi;
b) 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash vazirligi tomonidan beriladigan tavsiyanomaga ega bo‘lgan qizlar uchun kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha tasdiqlangan davlat grantlariga nisbatan 4 foiz miqdorda alohida grant o‘rinlari ajratiladi;
v) 2020/2021 o‘quv yilida “130 000 – Matematika”, “140 000 – Tabiiy fanlar” ta’lim sohalari bo‘yicha magistratura mutaxassisliklari uchun davlat buyurtmasi parametrlari to‘liq davlat granti asosida amalga oshiriladi;
g) kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojini aniqlash jarayoniga raqamli yechimlarni qo‘llash maqsadida, 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab kadrlar buyurtmachilarini ehtiyojlari to‘liq avtomatlashtirilgan tarzda Axborot tizimi – new.mineconomy.uz/quota portali orqali shakllantiriladi.