Hukumat portalida Prezidentning “2020-2021-o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
2020-2021-o‘quv yilida OTMlarga o‘qishga qabul
Unda qayd etilishicha, respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va sohalarida ehtiyoj yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha mutaxassislarni sifatli tayyorlashni ta’minlash, bakalavr va magistrlarni tayyorlashda ish beruvchilarning joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini inobatga olgan holda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan 2020-2021-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalariga davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish umumiy parametrlari, xususan:
a) bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha:
kunduzgi ta’lim shakliga – 101 555 nafar etib;
sirtqi ta’lim shakliga – 25 863 nafar etib;
kechki ta’lim shakliga – 4 368 nafar etib;
b) magistrlar tayyorlash bo‘yicha – 10 643 nafar etib tasdiqlanadi.
Shuningdek, 2020-2021-o‘quv yilida ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tasdiqlanadi.
Ushbu komissiyaga quyidagi huquqlar beriladi:
– zarurat bo‘lganda, yangi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini kiritish uchun davlat buyurtmasi parametrlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish;
– iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning, shu jumladan, respublikaning olis, borish qiyin bo‘lgan tumanlarining mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirish maqsadida oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar bo‘yicha maqsadli qabul parametrlarini belgilash;
– qaror bilan tasdiqlangan grant o‘rinlari parametrlari doirasida zarurat yuzaga kelgan holda tegishli o‘zgartirishlar kiritish;
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning takliflari asosida oliy ta’lim muassasalarining (o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tayotgan oliy ta’lim muassasalaridan tashqari) nufuzi va hududiy joylashuvini hisobga olgan holda bazaviy to‘lov-kontrakt qiymatidan kelib chiqib tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt minimal miqdorining yagona ko‘rsatkichlarini ta’lim sohalari va respublika hududlari bo‘yicha belgilash.