Leksikologiya[1] o`zbek tili kursining lug`at tarkibi (leksikasi)ni o`rganadigan bo`limidir.
Tilda mavjud bo`lgan barcha so`zlar va iboralar yig`indisi leksika deyiladi. Ular shu tilning lug`at boyligini tashkil etadi.
Leksikologiya tilning lug`at tarkibini ikki tomonlama: 1) ichki va 2) tashqi tomondan tekshiradi. Tilning lug`at tarkibini ichki tomondan o`rganadigan sohasi semasiologiya[2] deb yuritiladi. Unda so`z va iboralarning nutqda ma’no ifodalash xususiyati o`rganiladi. Har qanday so`z tilda paydo bo`lishi bilan o`zining shakli va ma’nosiga ega bo`ladi, borliqdagi predmet, hodisa, belgi, harakatlarni ifodalaydi. So`zdagi ma’no turli ta’sir va talablar asosida taraqqiy etib boradi. Demak, semasiologiya so`z hamda turg`un iboralarning ma’no xususiyatlarini tekshiradi.
Leksikologiyaning yana bir sohasi etimologiya[3] deb yuritiladi. U tilning lug`at tarkibidagi so`z va iboralarning tarixan kelib chiqishini, yasama so`zlarning va boshqa tillardan kirgan so`zlarning ma’noli qismlarini izohlaydi. Demak, etimologiya so`zning ikki tomonini ham, ya’ni ichki – ma’no tomonini hamda tashqi – tovush tomonini ham tahlil qiladi.
Leksikologiya tashqi tomondan lug`at tarkibining hozirgi ahvolini, tilning lug`at tarkibida sodir bo`layotgan turli o`zgarishlarni: so`zlarning qo`llanish darajasini, ba’zi so`zlarning eskirib iste’moldan chiqib ketishini (sekretar, oblast kabi), fan, madaniyat va texnikaning uzluksiz rivojlanishi bilan tilning yangi so`zlar hisobiga boyishini, ba’zi so`zlar ma’nosida sodir bo`ladigan o`zgarishlarni (ma’no ko`chish hodisasini) o`rganadi.
Leksikologiyaning yana bir sohasi leksikografiya[4] deb yuritiladi. Leksikografiyaning vazifasi tildagi so`zlarni yozma ravishda to`plashdir. Leksikografiya so`z va iboralarni ma’lum bir sohalar bo`yicha to`plab, muayyan tartibda keltiradi (alifbo tartibiga soladi) va lug`at kitoblari shaklida nashr etadi.
Leksikologiya tilning fonetika va grammatika bo`limlari bilan bevosita bog`liq. Fonetika nutq tovushlarini o`rganadi. Leksika shu tovushlar asosida shakllanadigan so`zni, grammatika o`z qonun-qoidalari asosida so`zlarni o`zaro bog`laydi va tilni fikr ifodalash uchun tayyorlaydi. Demak, tovush bo`lmasa, so`z bo`lmaydi, so`z bo`lmasa grammatikaning ham bo`lishi mumkin emas.
Ma’lumki, so`zlovchi tilning lug`at tarkibidan maqsadiga muvofiq tarzda foydalanadi. Bu leksikologiyaning uslubiyat bilan o`zaro bog`liq ekanini bildiradi.
Lug`at tarkibi shu tilda so`zlashuvchi xalqlarning moddiy va ma’naviy madaniyat tarixi bilan bog`liq. SHuning uchun leksikologiya tarix, arxeologiya, adabiyot, falsafa kabi ijtimoiy fanlar bilan ham yaqindan aloqadadir.