O’simlik dunyosini muhofaza qilish

O’simliklar dunyosini muhofaza qilish

Reja:

 

O’simliklar dunyosini ahamiyati.

O’rmon resurslari ularning qisqarishining salbiy oqibatlari.

O’simliklarni himoya kilish choralari.

«Qizil kitob» va uning ahamiyati.


O’simliklar dunyosini ahamiyati. O’simliklar dunyosi Yerdagi hayotning birlamchi manbaidir. Ular yiliga 380 mlrd. t organik modda hosil qiladi, buning 325 mlrd. t dengiz va okean o’simliklaiga, 38 mlrd. t o’rmonlarga, 6 mlrd. t o’tloqlarga to’g’ri keladi. Bundan tashqari o’simliklar, ya’ni yashil o’simliklar tufayli fotosintez jarayoni ro’y beradi, Yerdagi hayotning yashashi uchun zarur bo’lgan kislorodni ishlab beradi. Agar fotosintez jarayoni bo’lmasa, havodagi karbonad angidridning miqdori ko’payib kishilar va hayvonlar nobud bo’lar edi. Biroq atmosferadan, suv yuzasidan va tuproqdan kelayotgan o’sha SO2 gazi o’simliklar tomonidan yutilib, fotosintez natijasida yashil o’simliklar atrofga kislorodni chiqarib turadi. Shunday qilib, fotosintez orqali Yer sharidagi suv 5,8 mln. yilda, atmosferadagi kislorod 5800 yilda, SO2 7 yilda bir marta yangilanib turadi.

Insonnig kundalik hayotida o’simliklarning ahamiyati juda katta. Chunki o’simliklar muhim tabiiy geografik omil sifatida er yuzasida suv oqimiga, bug’lanishga, tuproqda nam saqlashga, atmosferaning quyi qismidagi havo oqimiga, shamol kuchi va yo’nalishiga, hayvonlarning hayotiga ham ta’sir etadi.

O’simliklar shahar, qishloq mikroiqlimiga ta’sir etib, havosini tozalab, uni kislorod bilan boyitib turuvchi sanitarlik vazifasini bajaradi.

O’simliklardan har xil kiyim bosh, ichimliklar tayyorlashda keng foydalaniladi. O’simliklar chorva mollar uchun asosiy ozuqa manbai, insonlarsha estetik zavq beradi.

O’simliklar jamiyat uchun (agar undan oqilona foydalanib, muhofaza qilib, kayta tiklab turilsa) behisob oziq-ovqat manbai, texnika xom ashyosi, tibbiyotda dori-darmon tayyorlash, qurilish va boshqa sohalar uchun, qurilish va boshqa sohalar uchun hom ashyo resursidir.

O’simlklar – bu qayta tiklash mumkin bo’lgan tabiiy resurs hisoblanib, Yer shari geografik qobig’ida muhim rol o’ynaydi. Chunki o’simliklar sayyoramiz yuzsining guyoki bir «kimxob» sifatida qoplab olib, tuproq hosildorligini oshirishda, atmosferani toza saqlashda, daryolarning gidrologik rejimini tartibga solib turishda, inson va hayvonot dunyosi uchun ozuqa moddalar etkazib berishda va inson hyoti uchun normal gigienik sharoit yaratishda muhim vazifani bajaradi.

Yer sharida o’simliklar turi juda ko’p bo’lib, ularning juda oz qismidan kishilar xo’jalik faoliyatlarida foydalanmoqdalar. Yer sharidagi 300 ming o’simlik turidan faqat 6000 turini inson kundalik hayotida foydalansa, shuning 1500 turi esa dorivor o’simliklarga to’g’ri keladi.

Inson xo’jalik faoliyatida yangi o’rmonzorlar tashkil etish, madaniy o’simliklarni ko’paytirish, yaylov va o’tloqlar sifatida yaxshilash va territoriyasini kengaytirish hisobiga o’simliklar maydonini ko’paytirib boradi. Buning ustiga ilg’or agrotexnikani qo’llab ekilgan ekinlarda yashil masslar miqdoritabiiy o’simliklarga nisbatan yuqori bo’ladi, yashil o’simlik massalrining miqdori botqoqlik va zahkash erlarni quritish, tuproq sho’rini yuvish, erlarni sug’orish, o’simliklarga mineral va organik o’g’itlar solish, o’simlik kasalliklariga va zararkunandalariga qarshi kurashish, madaniy o’simliklarni yangi navlarini yaratish orqali ko’paytirib boriladi. Bularning hammasi insonning o’simliklar dunyosiga ko’rsatayotgan ijobiy ta’siridir.

Yog’och bizning asrimizda universal materialga aylanib, undan xalq xo’jaligini turli sohalarida, jumladan oziq-ovqat etishtirishda, kimyo va yoqilg’i sanoatida, mudofada, madaniy-oqartuv ishlarida, har xil dorilar tayyorlashda ham keng foydalanilmoqda. Agar bundan 30 yil ilgari yog’ochdan 4-5 ming xil narsa tayyorlangan bo’lsa, Hozir undan 20 ming xil narsalar ishlanmoqda.

Fan va texnika taraqqiy etgan sari hozirgi zamonda yog’och kimyo sanoatining xom ashyo resursiga aylanib qoldi. Kimyoviy yo’l bilan yog’ochdan qog’oz, sun’iy shoyi va jun, tutunsiz porox, sellyuloza, fotokinoplyonkalar, nitrolak, sun’iy charm, plastmassalar, etil va metil spirti, uksus kislotasi, glyukoza, yonuvchi gaz, sun’iy kauchuk va boshqa juda ko’p mahsulotlar olinmoqda. 1 m3 yog’ochni kimyoviy yo’l bilan qayta ishlaganda kuyidagi mahsulotlarni olish mumkin: 200 kg sellyuloza yoki 200 kg qog’oz, yoki 6000 m3 sellofan yoki 5-6 l yog’och spirti, yoki 20 l sirka kislotasi yoki 70 l vino spirti, yoki 160 km sun’iy tola.

O’rmonlar kishilik hayotida oziq-ovqat manbai hamdir. Chunki juda ko’p daraxtlar sifatli meva (kedr, grek va pekan yong’og’i, non daraxti, kakao daraxti, yovvoyi olma, olcha, do’lana, bodom, pista va boshqalar) beradi. So’nggi paytlarda o’rmondan kimyoviy yo’l bilan yog’ochdan qand moddasi ham ajratib olinmoqda. 1 t yog’ochdan gidrolizlash yo’li bilan 550-650 kg gacha qand olish mumkin. Shuningdek, yog’ochdan oqsil va vitaminlarga boy bo’lgan achitqilar ham olinmoqda.

O’zbekistonda dorivor o’simliklar juda ko’p bo’lib, eng muhimlari shalfey, etmak, ermon, itjumrut, gazanda, suvqalampir, qoqi o’t, momaqaymoq, na’matak, itburun, bangidevona, rovach,  yantoq, zira va boshqalar. Shuningdek O’zbekistonda yovvoyi holda o’suvchi foydali o’simliklardan pista, bodom, do’lana, olcha, yong’oq, shashir, tog’asiz, qamish kabilar ko’plab o’sadi.

O’rmon resurslari ularning qisqarishining salbiy oqibatlari. O’simliklarning, xususan o’rmonlar maydonining qisqarishi va holatini yomonlashuvi kishilik jamiyatining rivojlanishi bilan bog’liqdir. Ibtidoiy jamiyatda kishilar o’zi uchun zarur bo’lgan narsalarning bir qismini o’simliklardan olib, uning qisman bo’lsa-da, o’zgarishiga sababchi bo’lgan. Feodalizm va kapitalistik davrlarda Yer sharidagi o’rmolar shafqatsizlarcha kesildi, undan yoqilg’i sifatida, qurilishda va kema ishlashda keng ko’lamda foydalanishi tufayli uning maydoni keskin qisqardi. Ayniqsa Yer sharining aholi zich yashaydigan joylarida o’rmonlarning 2/3 qismi yo’q qilindi. Natijada 500 mln. ga erdagi o’rmonlar maydoni qisqarib, dasht biyobonga aylantirildi.

O’rmonlar ayniqsa aholi zich, kesish va tashish qulay bo’lgan joylarda va daryo vodiylarida ko’plab kesilgan. Chunki ularni suvda oqizish oson bo’lib, tashish arzonga tushgan. Bunga Oka daryosini misol qilib ko’rsatish etarlidir. Agar Okaning yuqori oqimida XVIII asrda o’rmon bilan qoplanganlik darajsi 15,8%, XIX asrda kelganda uning miqdori 3,6% tushib qolgan.

O’rmonlarni rejasiz, tartibsiz kesilishi o’z navbatida tabiatdagi muvozanatni buzilishiga sabab bo’ldi va insonnig xo’jalik faoliyati uchun qo’yidagi salbiy oqibatlarning vujudga kelish jarayonini tezlatirdi: tuproq eroziyasi tezlashdi, daryo va ko’llarning rejimi o’zgarib, suvi kamaya boshladi, suv toshqinlari, sel tez-tez bo’ladigan bo’lib qoldi, mikroiqlimga ta’sir etdi, cho’llarda ko’chma qumlar maydoni kengaydi va hokazo.

Tog’li rayonlarda suvning toshishiga, selga qarshi kurashda o’rmonlarning ahamiyati juda katta. Chunki o’rmonlar tog’ yon bag’riga yoqqan yog’ining 90%ini ushlab qolsa, aksincha o’rmon yonbag’irlarida yog’inning 90%i oqimga aylanib selni vujudga keltiradi. Shu sabali Yer sharidagi qaysi tog’li joylarda o’rmonlar betartib kesilgan bo’lsa, o’sha erlarda tez-tez xavfli suv toshqinlari va sel bo’lib turadi.

O’rmonlar sayyoramiz havosini tozalab turishda juda katta ahamiyatga ega. Chunki 1 ga o’rmon 18 mln. m3 havoni tozalab turadi. Binobarin, o’rmonli erlardaga havo shahar havosidan 200 marta tozadir. Chunki 1 ga erdagi archa  o’rmonlari katta bir shahar havosini tozalb tura oladi. Bulardan tashqari o’rmonlar tabiatni yanada go’zal, shifobaxsh qiladi va u orqali kishiga madaniy-estetik zavq beradi.

O’zbekiston tog’laridagi asosiy o’rmonlar Ugom, Piskom, Chotqol, Hisor, Turkiston, Zarfshon kabi tog’ tizmalarida joylashgan.

Kishilar o’zlarining faoliyatida o’simliklardan haddan tashqari ko’p va betartib foydalanishlari oqibatida sayyoramizning o’simlik qoplamida jiddiy, salbiy o’zgarishlar sodir bo’lmoqda, juda qup o’simliklar turlari kamayib, noyob turga aylanib bormoqda. Shu sababli hozirgi kunda Yer sharining yashil boyliklarini muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish, qayta boyitib borish muhim masalaga aylanib qoldi.

1948 yilda BMT qoshidagi Tabiatni muhofaza qilish bo’yicha ishlarni boshqaruvchi va konsultasiya beruvchi organ – Tabiatni muhofaza qilish Xalqaro ittifoqi tuzildi. Bunga 100 dan ortiq mamlakatlarning 450 davlatlar va jamoat tashkilotlari birlashtirildi. Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi ilmiy jamoatchilikka murojaat qilib barcha mamlakatlardagi nodir va yo’qolib borayotgan xayvonlarning holatini har tomonlama o’rganishda yordam berish, ularni muhofaza qilish choralarini topishga chaqirdi. Noyob va kamayib borayotgan hamda yo’qolish xavfi ostida turgan barcha turlarni o’rganiuvchi diomiy komissiya tuzdi. Bu komissiya bir necha yillar (1949-1966) mobaynida nodir va kamayib borayotgan hamda yo’qolshi xavfi ostida turgan barcha turlar haqida material to’plab, maxsus “Qizil kitob” (The Red Data Book) va hozirgi foydalanish joyi, soni, biologik xususiyatlari, dunyo hayvonot bog’laridagi miqdori va har xil mamlakatlarda ximoya qilish uchun qabul qilingan chora-tadbirlar haqida ma’lumotlar keltiriladi.

Xalqaro “Qizil kitob”ga kiritilgan hayvon turlari 5 ta toifaga bo’lingan:

Yo’qolib borayotgan turlar;

Kamayib borayotgan turlar;

Noyob-nodir turlar;

Noaniq turlar;

Tegishli chora-tadbirlar


Sobiq ittifoqda 1974 yilda “Qizil kitob” ta’sis etilgan bo’lib, 1978 yilda “Qizil kitob” chop etildi. Unga 63 tur va kenja tur sut emizuvchilar, 63 ta qush, 8 ta amfibiy, 21 ta sudralib yuruvchi mavjudotlar kiritilgan edi. “Qizil kitob” ning O’zbekistonga ta’luqli joylari ko’pgina olimlar tomonidan ishlab chiqildi.

O’zbekiston respublikasining turli mintaqalarida 650 dan ortiq umurtqali hayvonlari, shu jumladan, 79 dan ortiq qushlar, 99 ta sutemizuvchilar turlari va tur vakillari uchraydi. Faqat Sirdaryo va Amudaryo vohasida joylashgan suv omborlari va ko’llarda baliqlarning 60 turi, ambfibiyalarning 3 turi uchraydi. Respublikamizda sudralib yuruvchilarning 57 turi, suvemizuvchilarning 91 turi va qushlarning 410dan turi uchraydi.


ADABIYOTLAR RO’YXATI

Karimov I.A. O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xafsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraaqqiyot kafolatlari. -T.: O’zbekiston, 1997.

Baratov P. Tabiatni muhofaza qilish. -T.: O’qituvchi, 1991.

Novikov Yu.I. Oxrana okrujayuey sredi. –M.: Vishaya shkola, 19987.

Egamberdiev R. Ekologiya. –T.: O’zbekiston, 1993.

Tursunov X.T. Ekoloiya asoslari va tabiatni muhofaza qilish. –T.: Saodat RIA, 1997.

Ergashev A., Ergashev T. Ekologiya, biosfera va tabiatni muhofaza qilish. –T.: Yangi asr avlodi, 2005.

To’xtaev A., Xamidov A. Ekologiya, biosfera va tabiatni muhofaza qilish. –T.: O’qituvchi, 1995.

Otaboev Sh., Nabiev M. Inson va biosfera.-T.: O’qituvchi, 1995.

Tilovov T. Ekologiyaning dolzarb muammolari. –Qarshi: Nasaf, 2003.

To’xtaev A. Ekologiya.-T.: O’qituvchi, 1998.