«Ilmiy menejment» maktabi F. Teylor ta’limotining mazmuni va mohiyati

«Ilmiy menejment» maktabi F. Teylor ta’limotining mazmuni va mohiyati

«Ilmiy menejment» maktabi XIX asrning oxiri XX asrning boshlarida Amerikada shakllana boshlagan. Bu maktab boshqacha nom bilan, ya’ni «boshqaruvning mumtoz maktabi» deb ham yuritilgan. Bu maktab ibtidosida amerikalik muhandis va ixtirochi F. Teylor (1856-1915) turgan edi. Uning nazariyasi keyinchalik «Teylorizm» degan nom olgan. U yaratgan tizim esa ishchilarning «siqib suvini olish»ning ilmiy deb atalgan.

F. Teylor ta’limotining asosiy mazmuni-yollanma ishchilar unumdorligini oshirishda g‘oyatda va maqbul usullarni izlashdir.

Uning prinsiplariga binoan:

-mehnatning har bir jarayoni, uning ko‘lami va ketma-ketligi aniq-puxta ixtisoslashtirilishi shart;

-har bir mehnat turi qat’iy vaqt oralig‘ida taqsimlanishi lozim;

-har bir mehnat jarayoni va hatto har bir harakat puxta ishlab chiqilgan qoidalarga bo‘ysundirilgan bo‘lishi kerak;

-yuqoridan belgilab berilgan ish usullari va qoidalarni bajarish uchun doimiy talabchan nazorat amalga oshirilishi lozim;

-ishchilar malakasi va saviyasiga qarab joy-joyiga qo‘yilishi shart;

-boshqaruvchi bilan boshqariluvchi mas’uliyatini aniq belgilash va vazifalarini to‘g‘ri taqsimlash shart.

F. Teylorning mehnatni tashkil etish va uni boshqarish borasidagi takliflari ishlab chiqarishga tadbiq etilganda mehnat unumdorligi ikki baravar (100%)ga o‘sishiga olib kelgan. Ayniqsa, qo‘llagan xaronometraj usuli diqqatga sazovordir.

F. Teylor nazariyasiga ko‘ra rahbar va mutaxassislarni kam malaka talab qiladigan ijrochilik mehnatidan va ularga xos bo‘lmagan vazifalardan ozod qilish, ishchidan esa boshliqlarning barcha buyruqlarini hech qanday mulohaza yuritmasdan, biror-bir shaxsiy tashabbus ko‘rsatmasdan aniq hamda tez bajarishni talab qilish kerak edi.

F. Teylor boshqarishni «aniq qonun va qoidalarga tayanadigan haqiqiy ilm, shuningdek, nima qilish kerakligini aniq bilish va uni puxta hamda arzon usulda bajarish san’ati» deb baholagan.

Shunday qilib, F. Teylor «boshqaruvning mumtoz maktabi»ni yaratishga asos soldi. U yaratgan boshqaruv maktabi faqat Amerikada emas, balki Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham turli nazariya va oqimlar ko‘rinishida rivojlanib bordi.

F. Teylorning zamondoshi va ishining davomchisi amerikalik iqtisodchi G. Emerson mehnatni ilmiy tashkil qilish bo‘yicha yirik mutaxassislardan bo‘lib, u boshqarish va mehnatni tashkil qilishning kompleks, sistemali tizimini ishlab chiqqan. Uning «Mehnat unumdorligining 12 prinsipi» nomli asarida yoritilgan.

G. Emerson ilmiy boshqaruv prinsipini mohiyatiga ko‘ra quyidagi ketma-ketlikda bayon qilgan.

1.Aniq qo‘yilgnan maqsad va g‘oyalar.

2.Oqil, sog‘lom fikr.

3.Jozibali, e’tiborli mahsulot.

4.Intizom.

5.Xodimga nisbatan adolatli bo‘lish.

6.Tezkor, ishonchli, to‘liq, aniq va muntazam hisob-kitob.

7.Dispetcherlash.

8.Me’yorlar va jadvallar.

9.Sharoit bilan ta’minlash.

10.Operatsiyalarni me’yorlash.

11.Standart yo‘riqnomalarni tayyorlash.

12.Unumdorlikni rag‘batlantirish.

Ko‘rinib turibdiki, G. Emersonning diqqat-e’tiborida, eng avvalo ikki, ya’ni aniq qo‘yilgan maqsad va g‘oya, shuningdek oqilona fikr turibdi. G. Emerson ishchining ish vaqtida bajaradigan harakatlarini o‘rganib, ishchiga beriladigan ish xajmi normalarini, ishni bajarishning ortiqcha, unumsiz harakatlarini bartaraf etuvchi eng muvofiq usullarini ishlab chiqdi.

Bunda masalan, nisbiy ish haqining maxsus tizimi oqilona fikr asosida qo‘llanilib, unga ko‘ra birilgan normani bajargan ishchilarga tarif stavkalari va koeffitsiyentlari oshirilar (8-band), uni bajara olmagan ishchilarga esa stavkalari 20-30% pasaytirilib, jarima solingan. Shu bilan birga berilgan vazifani yuqori darajada bajarilishi uchun sharoit ham yaratilgan.