Amir Temur farzandlari

Amir Temur farzandlari


Alloh taolo Sohibqironga ko‘p farzandlar ato etdi. El koriga yaraydigan bo‘lib voyaga yetganlari oltita – to‘rt o‘g‘il, ikki qiz.


To‘ng‘ich o‘g‘il – 1356-yilda Turmish oqa degan xotinidan tug‘ilgan Jahongir Mirzo, valiahd edi, 1376 yilda avji gurkirab turgan yigirma yoshida betoblikdan dunyodan ko‘z yumdi. Undan ikki o‘g‘il – Muhammad Sulton bilan Pirmuhammad Jahongirlar qolgan.


Qabri Shahrisabzda.


Ikkinchi o‘g‘il – 1356-yilda To‘lun oqadan tug‘ilgan Umarshayx Mirzo. 1394-yilda halok bo‘lgan. O‘ttiz sakkiz yil umr ko‘rgan. Olti o‘g‘il qolgan: Pirmuhammad Mirzo, Rustam Mirzo, Iskandar Mirzo, Ahmad Mirzo, Sayid Ahmad Mirzo, Boyqaro Mirzo.


Qabri Shaxrisabzda.


Uchinchi o‘g‘il – 1366-yilda Meng­li bika oqadan tug‘ilgan Mironshoh Mirzo. 1408-yilda halok bo‘lgan. Qirq ikki yil umr ko‘rgan. Olti o‘g‘il qolgan: Abu Bakr Mirzo, Umar Mirzo, Xalil Sulton Mirzo, Sulton Muhammad Mirzo, Iyjal Mirzo, Suyurg‘atmish Mirzo.


Qabri Samarqandda, Amir Temur maqbarasida.


To‘rtinchi o‘g‘il – 1377-yilda Tag‘oy Turkon oqadan tug‘ilgan Shohruh Mirzo. 1447-yilda vafot etgan. Yetti o‘g‘il qolgan: Ulug‘bek Mirzo, Ibrohim Sulton Mirzo, Boysunqur Mirzo, Suyurg‘atmish Mirzo, Muhammad Jo‘ki Mirzo, Jon O‘g‘lon, Muhammad Yoriy Mirzo. Ulug‘bek Mirzodan boshqa barcha o‘g‘illar otasidan avval dunyodan o‘tganlar.


Qabri Samarqandda, Amir Temur maqbarasida.


Birinchi qizi – Oqa Begi xonim 1359-yilda Turmish oqadan tug‘ilgan. Muhammadbek ibn Musoga uzatganlar, bu nikohdan Sulton Husayn Mirzo tug‘ilgan.1382-yilda yigirma uch yoshida betob bo‘lib, olamdan ko‘z yumgan. Qabri Shahrisabzda.


Ikkinchi qizi – Sulton Baxt begim 1362-yilda Uljoy Turkon oqa degan xotinidan tug‘ilgan. Amir Muhammad Mirakka uzatadilar, lekin kuyov Sohibqironga qarshi tig‘ ko‘tarib chiqadi va jangda halok bo‘ladi. Ikkinchi marta Sohibqiron jiyani Amir Sulaymonshohga turmushga chiqadi. 1430-yilda vafot etgan.