Buyuk matematik, astronom Mirzo Ulug’bek tavallud topgan kun
1394 yil 23 martida Sultoniya shahrida bobosi Amir Temur yurishida qatnashish sharafiga muyassar bo’lgan chaqalok tug’ildi. U Shohrux Mirzoning to’ngich o’g’li bo’lib bobosi unga Muhammad Tarag’ay deb ism qo’ydi. Uni keyinchalik Ulug’bek deb atay boshladilar. 1405 yil bobosi Amir Temur vafot etgach, Samarqand taxti 1409 yilda Ulug’bekka nasib etdi. Ulug’bekning bolalik yillari Amir Temurning harbiy yurishlarida o’tdi. 1405 yilning boshida Xitoyga qilinayotgan yurish boshlanishi paytida Temur vafot etadi. Uning o’limidan so’ng to’rt yil davomida farzandlari o’rtasida taxt uchun kurash davom etadi. Otasi Shoxrux Mirzo mamlakatning notinch kismi Xirotni poytaxt etib, ko’chib ketdi. Ulug’bek 17 yoshida hokim bo’lib, bobosidan qat’iy o’laroq toj-taxt uchun kurashmadi. U hokimiyatni boshqarar ekan, ilm-fanni taraqqiy ettirdi, madrasalar qurib, ilm arboblariga homiylik qildi. 40 yil davomida odil shoh, buyuk matematik, astronom degan ulug’ nomlarga sazovar bo’ldi. Observatoriya qurib, yulduzlarni tekshirdi, sxemasini tuzdi «Ziji Kuragoniy» nomli yulduzlar xaritasini tuzib, kelajak avlodlarga buyuk me’ros qilib koldirdi. Ulug’bekning ustozi sifatida munajjim Mavlono Ahmad ekanligini tahmin qilish mumkin. U Temur saroyidagi eng yirik olim bo’lib, sayyoralarning kelajak ikki yuz yillik taqvimlari jadvallarini tuzgan. Lekin Ulug’bek o’zining Ziji Kuragoniy asarida ustozi sifatida Qozizoda Rumiyni tilga oladi. Ulug’bek yoshligidanoq Mavlono Ahmad va Qozizoda Rumiy ta’sirida ulg’ayadi. Shuning uchun Ulug’bek yigirma yoshidayoq yirik olim sifatida taniladi. Olim ilmga bo’lgan alohida ehtiromi tufayli yangi usuldagi bilim maskanlari – maktab va madrasalar barpo qildi. Bir vaqtning 111o’zida Buxoro va G’ijduvonda, Samarqandda uchta madrasa ochadi. Samarqanddagi madrasa qurilishi 1417 yili boshlanib, uch yilda qurilish bitiriladi. Tez orada bu madrasa mudarris va olimlarni to’play boshlaydi. Shu tariqa Samarqanddagi maktabi shakllanadi. Samarqandga Movaraunnahrning turli shaharlaridan va Xurosondan kelgan olimlarning soni 1417 yilga kelib 100 nafardan ortib ketadi. Ular orasida adiblar, muarrixlar, xattotlar, rassomlar, me’morlar bor edi. Ular davrasida Qozizoda va Koshiy eng salobatli va nufuzli edilar. Samarqand madrasasining ochilishi marosimi 1420 yilda bo’ladi. Mirzo Ulug’bek madrasasi Sharq ilm-fani va madaniyati tarixida katta voqea bo’ldi. Abdurahmon Jomiy ham dastlabki tahsilni ana shu madrasada oladi. Ushbu ilm maskanida alohida e’tibor beriladigan ilmlar falakkiyotga oid fanlar edi. 1424 yili yulduzlar haqida asralar yozish, umuman yulduzlarni tadqiq etish uchun rasadxona qurilishi boshlanadi va u 1429 yilda qurib bitiriladi. Ulug’bek yirik olim bo’lishiga qaramasdan to’rttagina ilmiy asar yozib qoldiradi. Uning ko’p vaqti davlat ishlari bilan bog’liq masalalarga sarflanar edi. Ulug’bek qalamiga mansub eng mashhur asar “Ziji Jadidi Ko’ragoniy”dir. Riyoziyotga mansub “Bir daraja sinusini aniqlash haqida risola”, yulduzlarga bag’ishlangan “Risolai Ulug’bek” asari ham mavjud. Bu asarning yagona nushasi Hindistonning Aligarh universiteti kutubxonasida saqlanadi. Uning tarixga oid “Tarixi arba’ ulus” asari ham mavjud (bu asarning o’zbekcha tarjimasi 1990 yilda Toshkentda chop etildi). Ulug’bekning “Ziji Ko’ragoniy” asari VIII-IX asrlarda boshlangan falakiyot an’anasini davom ettirsada, ularga nisbatan ilmiy saviyasi ancha yuqori ekanligi bilan ajralib turadi. Toj- taxt, boylik uchun xirs-xavas so’nmas yulduz atrofini qora bulutlar bilan to’sdi. O’g’li Abdulatifning kaltafahmligi natijasida Ulug’bek 1449 yili 27 oktyabrida fojiali halok bo’ladi. Lekin padarkush Abdullatifni ham olti oyga bormay o’z navkarlari tomonidan o’ldiriladi. Ulug’bekning ishlari so’nmadi. Shogirdlari Ali Qushchi, Chalabiy tomonidan asarlari saqlab kolindi, ishlari poyoniga etkazildi.Istambulda yashab ijod etgan Ali Qushchi xizmatlari natijasida Ulug’bek va uning asarlari Evropaga tarqatildi. Uning ilmiy ishlari butun dunyoga tanildi, yoyildi. «Ziji» va «To’rt ulus tarixi» asarlaridan butun dunyo ilm ahli bahramand bo’lmoqda. Ulug’bek katta hayotiy tajriba bilan «Podsholiklar emiriladi, din tumandek tarqalib ketadi, olimu-fuzalolar ishi abadul- abaddir», degan nodir fikrlarni qoldirdi.